3 may – Jahon matbuoti erkinligi kunini dunyodagi barcha jurnalistlar qatori Oʻzbekistonda ham keng nishonlandi. Jahon matbuoti erkinligi kuniga bagʻishlab taʼsis etilgan jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” XIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov gʻolib va sovrindorlarini taqdirlashga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Bu tantana mamlakatimizda jurnalistlarga boʻlgan eʼtiborni va ularning mashaqqatli mehnati qadrlanishining yana bir bora namoyon qildi.
Jurnalistik faoliyat yuritish yuki oson emas! Jurnalistika oʻta masʼuliyatli, mehnati zalvorli, shu bilan birga taʼbir joiz boʻlsa xavfli kasbdir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YUNESKO)ning Jahon Matbuot erkinligi kuniga bagʻishlab chop etilgan hisobotida aytilishicha, bugun dunyoda ish faoliyatini amalga oshirish jarayonida halok boʻlayotgan jurnalistlar soni tobora koʻpaymoqda.
AQSHning Nyu-York shtatida joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasining maʼlumotiga koʻra esa 2017 yilda dunyoda 47 nafar jurnalist oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirish jarayonida halok boʻlgan. Jurnalistlarni ozodlikdan mahrum qilish holatlari esa oʻtgan yilda 262 marta sodir boʻlgan.
Bosh shtabi Fransiyada joylashgan “Chegarasiz muxbirlar” halqaro tashkiloti esa ommaviy axborot vositalariga tazyiq oʻtkazish, erkinligini cheklash holati 2017 yilda yanada kuchayganini maʼlum qildi. Tashkilot dunyodagi 180 ta davlatdagi holatni oʻrganib, ana shunday xulosaga kelgan. Ayniqsa, Yevropaning Chexiya, Malta, Slovakiya va Serbiya davlatlarida matbuot erkinligi darajasi koʻrsatkichlari birdaniga keskin tushganini taʼkidlaydi. Tashkilotning Bosh Kotibi Kristof Deluarning yozishicha, siyosiy arboblarning jurnalistlarni keskin tanqid ostiga olishi va ularni ochiqdan ochiq obroʻsizlantirishga urinishi holatlari koʻpayib bormoqda. Bu oʻz navbatida OAV faoliyati sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Kristof Deluarni aytishicha, demokatik tamoyillar juda ildiz otgan deb hisoblanib kelingan AQSHda ham axborot olish erkinligi tobora sustlashib bormoqda. Masalan, AQSH jahon matbuot erkinligi reytingida ikki pogʻona pastga tushgan.
Shu oʻrinda, mavzuga doir ijobiy va oʻta muhum bir dalilni ham keltirish lozim. Bugun dunyoning 112 ta davlatida soʻz va matbuot erkinligi qonun bilan himoyalangan. Bu esa ana shu mamlakatlardagi har qanday jurnalistni erkin faoliyat olib borishiga huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi. Jumladan yurtimizda ham jurnalistlarning soʻz va matbuot erkinligi qonun bilan himoyalangan.
Kezi kelganda, “Gujum.uz” internet nashri tahririyati ana shunday oʻta masʼuliyatli, mehnati zalvorli boʻlgan jurnalistlarni 3 may –Jahon Matbuoti erkinligi kuni bilan tabriklaydi. Shuningdek, “Oltin qalam” XIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov gʻolib va sovrindorlarini muborakbod etadi.
Oydin Saʼdullayeva