Oʻzbekistonlik jurnalistlar yuzlab prezidentlar yetishib chiqqan xalqaro tajriba almashinuv loyihasida

0
412
marta koʻrilgan.

AQSHning Taʼlim va Madaniy ishlar byurosining Liderlik Xalqaro Dasturi ilk bor 1940 yilda tashkil etilgan blib, turli mamlakatlarning davlat va nodavlat tashkilotlarida faoliyat yurituvchi mutaxassislariga AQShning siyosiy-maʼmuriy boshqaruv tizimi, ommaviy axborot vositalari, turli ilmiy muassasalari va boshqa nodavlat tashkilotlari faoliyatini, umuman amerika jamiyatini yaqindan tanishtirish maqsadida faoliyat yuritadi.

Dastur doirasida har yili butun dunyodan 4500 dan ziyod turli soha mutaxassislari AQSHga tashrif buyurib, malaka oshirishadi. Shu kungacha ushbu dasturda ishtirok etganlarning 500 dan ziyodi keyinchalik oʻz mamlakatlarida deputat, senator, hokim, bosh vazir va hattoki prezident kabi yuqori lavozimlarga erishgan kishilar mavjud. Jumladan, Nikolas Sakozi (Fransiya), Mixail Sakashvili (Gruziya), Abdulla Gul (Turkiya), Leonid Kuchma (Ukraina), Hamid Karzay (Afgʻoniston), Kurmanbek Bakiyev (Qirgʻiziston), Kristian Vulf (Germaniya), Chen Shui-bian (Tayvan), Nambaryan Enkhbayar (Mugʻuliston), Sauli Niniisto (Estoniya), Ivo Josipovich (Xorvatiya),  Boris Trajkovski (Makedoniya) kabi yuzlab prezidentlar, Toni Bleer, Indira Gandi, Nikola Gruyevski kabi yuzlab bosh vazirlar ham ushbu dasturda ishtirok etganlar.

Bugun dastur doirasida bir qator Oʻzbeksitonlik jurnalistlar uchun “OAV: hamkorlik va taraqqiyot” mavzusida sayohat uyushtirilyapti. Jurnalistlarimiz AQSH departamenti,  Federal Aloqalar komissiyasi, Amerika ovozi teleradiokompaniyasi, Amerika Pablik rileyshnz jamiyati, Jorjtaun universiteti, Newseum muzeyi kabi koʻplab davlat va nodavlat tashkilotlariga tashrif buyurib, AQSHning siyosiy-maʼmuriy boshqaruv organlari va OAV tashkilotlari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqdalar.

Bugun AQSHda mehmon boʻlib turgan oʻzbekistonlik jurnalistlarimiz bilan suhbatlashib, loyiha haqida fikrlari bilan yaqindan tanishdik.

Asliddin Suyunov (OʻzA Bosh muharriri):

Dastur doirasida koʻplab davlat boshqaruvi organlari, mahalliy hokimiyat idoralari, ommaviy axborot vositalari va boshqa nodavlat tashkilotlarida boʻldik. Har birining oʻziga yarasha oʻrganishga arzigulik tomonlari bor. Masalan, Pablik rileyshnz Amerika Pablik rileyshnz  assatsiatsiyasini olaylik.  Assatsiatsiyaning birgina poytaxt boʻlimi 1100 nafar jurnalistni birlashtirar ekan. Bu degani poytaxt Vashington, poytaxt atrofidagi ikki shtat – Merilend va Shimoliy Virjiniyaning koʻplab jurnalistlari ana shu tashkilotga aʼzo boʻlib, ular assatsiatsiya tomonidan muntazam tashkil etiladigan turli treninglarda ishtirok etadilar, doimiy ravishda professional malakalarini oshirib boradilar, tajriba almashadilar. Mamlakatning 30 mingdan ortiq jurnalisti bu tashkilotga aʼzo boʻlib, dunyodagi eng katta PR tashkilotlaridan biri sanaladi. Umuman, tajriba almashish samarasi oʻlaroq oʻzimiz uchun yangi-yangi jihatlarni kashf etdik.

Yaqin kunlarda yana Nyu-York, Minnesota, Oregon, Nyu-Meksiko shtatlarida ham boʻlib, “Gotam”, “Star Tribune” gazetasi, BS Kechki yangiliklar studiyasi, Minnesota Jamoat Radiosi, Minnesota universitetining  Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiya fakulteti, Nyu-Meksiko Matbuot assatsiatsiyasi kabi bir qator nufuzli tashkilotlarga tashrifimiz rejalashtirilgan.

Saidjon Mahsumov (“Xalq Soʻzi” gazetasi muxbiri va veb-sayti menejeri):

Dastur doirasida dunyodagi yetakchi xalqaro teleradioxizmat —  Amerika ovozi”da boʻldik. Dunyoning 55 tilida xizmat koʻrsatuvchi bu kompaniya AQSH hamda  jahonning turli burchaklarida 22 ta yangiliklar byurosiga yaʼni filialiga ega. Uni dunyoda haftasiga 94 million kishi tomosha qiladi, tinglaydi va mutolaa qiladi. Garchi tashkilot federal hukumat tomonidan tashkil etilgan va davlat mablagʻi hisobidan moliyalashtirilsa-da, Amerika ovozi Kasbiy kodeksi har qanday davlat organining uning ishiga aralashuvini cheklaydi, jurnalistlar mustaqilligini taʼminlaydi, muxbirlarni turli masalalarni xolis va haqqoniy yoritishida “nazoratchi” vazifasini oʻtaydi. 

Vashingtondagi “Newseum” muzeyi, aniqroq aytganda jurnalistika muzeyida ham boʻldik. Amerika jurnalistikasining yuzaga kelganidan to bugungacha boʻlgan tarixi, xususiyatlari bilan tanishdik. Muzeydagi “Amerikada erkin matbuot” mavzusidagi davra suhbatida esa Amerika demokratiyasi va erkinligini taʼminlash yoʻlida “taʼmal tosh” qoʻygan islohot —  AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan Birinchi tuzatish haqida suhbatlashib, oʻzimiz uchun anchayin yangiliklar oldik.

Kuni kecha Vashingtonda Matbuot Jurnalistikasi alyansida boʻldik. Mazkur nodavlat-notijorat tashkilot 1992 yilda matbuot jurnalistikasi faoliyati bilan shugʻullanuvchi yettita assotsiatsiyani birlashtirish natijasida tashkillashtirilgan boʻlib, bugungi audiovizual jurnalistika matbuot jurnalistikasidan oʻzib ketgan bir davrda bosma matbuotni saqlab qolish, rivojlantirish va bugungi zamonga mos ravishda raqobatbardoshligini oshirish masalalari bilan shugʻullanadi. Tashkilot matbuotni jurnalist tekshiruvi, tanqidiy-tahlili maqolalar bilan boyitish hisobiga obunachilar sonini oshirish, reklamalar uzatish, homiylar topish evaziga moliyaviy foyda topish masalalari boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar berib keladi. Aslida, bu mavzu bizning oʻzbek matbuotimiz uchun ham dolzarb. Tadbirda audiovizual jurnalistika ustun kelayotgan bir davrda matbuotning “yashab qolish” sir-asrorlarini oʻrgandik.

Dilfuza Sobirova (Yoshlar Media markazi matbuot kotibi):

AQSHning eng qoʻhna universitetlaridan biri – 1789 yilda rasman tashkil etilgan Jorjtaun  universitetida boʻlganimizda professor Linn Ross bilan AQSH hukumatining federal tizimi haqida suhbat boʻlib oʻtdi. Suhbatdan xulosa chiqardimki, AQSHda siyosiy-maʼmuriy boshqaruv markazlashgan emas, har bir shtat oʻz hokimiyati, oʻz Konstitutsiyasiga ega. Lekin shunday boʻlsada, ular mamlakatning yagona bosh Konstitutsiyasiga zid emas. Bunday siyosiy-maʼmuriy boshqaruv albatta juda katta hudud, turli geografik sharoit, xilma-xil millat, madaniyat vakillari istiqomat qiladigan mamlakatni boshqarishda qulay oqilona boshqaruv tizimidir, fikrimcha.

AQSH departamentida boʻlganimizda esa Jamoatchilik bilan aloqalar byurosi, Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari byurosi vakillari bilan AQSH-Oʻzbekiston aloqalari, har ikki davlatning ommaviy axborot vositalari haqida suhbat boʻlib oʻtdi. Angladikki,  Jamoatchilik bilan aloqalar byurosi AQSHning tashqi siyosati, dunyo hamjamiyatida milliy maanfaatlarini himoya qilish, dunyo ahli koʻz oʻngida mamlakatning ijobiy imijini yaratish maqsadida koʻpgina milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan yaqindan hamkorlik qilib keladi va shunga mos axborotlar tarqatadi. Umuman, bu ijobiy amaliyot boʻlib, bizda ham Oʻzbekiston imijini dunyo maydonida ijobiy shakllantiradigan muassasa tashkillashtirish maqsadga muvofiq, nazarimda.

 Nozima Toshlatova (Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi treneri, Oʻzbekiston 24 telekanali muxbiri):

Loyiha doirasida AQSH departamenti,  Federal aloqalar komissiyasi, Amerika ovozi teleradiokompaniyasi, Amerika Pablik rileyshnz jamiyati, Jorjtaun universiteti, Newseum muzeyi kabi koʻplab davlat va nodavlat tashkilotlariga tashrif buyurib, bu mamlakatning siyosiy-maʼmuriy boshqaruv organlari va OAV tashkilotlari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqdamiz. Oʻzim ham televideniye jurnalisti, ham Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazida trener sifatida faoliyat yuritganim sababli Merilend shtatidagi “Houpla” media tashkilotiga tashrifimiz menda katta qiziqish uygʻotdi. Mazkur tashkilot OAVga turli yoʻnalishlarda, yaʼni reklama, ijtimoiy rolik, qisqa metrajli filmlar tayyorlashdan tortib menejment va marketing masalalari boʻyicha professional maslahatlar, jurnalist, muharrir,  texnik xodimlar va boshqa OAV vakillariga kasbiy malakani oshirish uchun treninglar oʻtkazish boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi. Bizga oʻtilgan yarim kunlik treningda  Bloomberg, Reuters kabi dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalarida faoliyat koʻrsatgan Bruk Mak Donald televideniye jurnalistikasi uchun koʻrsatuv tayyorlashning sir-asrorlaridan maʼlumotlar berdi. Xorijiy mutaxassislar bilan tajriba almashish shaxsiy kamolotimizda,  albatta oʻz oʻrniga ega.

Dilfuzabegim ROʻZMETOVA (zbeksiton Savdo-sanoat palatasi Matbuot kotibi):

Merilend Shtat bosh uyiga tashrif buyurganimizda shtat gubernatori matbuot xizmati vakillari biz bilan suhbat oʻtkazdilar. Oʻzim Matbuot xizmatida faoliyat yuritganim sababli matbuot xizmatining faoliyat yuritish tartibi menga anchayin qiziqarli boʻldi.

Yana Kongress kutubxonasiga ham tashrif buyurdik. Kutubxona kitob va boshqa materiallar zahirasiga koʻra dunyodagi eng katta kutubxonalardan biri sanalib, jamoatchilik uchun ochiq ekan.

Abdulatif ABDULLAYEV (Ishonch gazetasi muxbiri):

Kuni kecha Vashingtonda Federal aloqalar komissiyasida boʻldik. Angladikki, Komissiya 1934 yilda Kongress tomonidan tashkil etilgan boʻlsa-da, mustaqil tashkilot sanalib, shtatlararo va xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro munosabatlarni tartibga solib keladi. Komissiya mamlakat boʻylab bir qancha byuro va ofislariga ega boʻlib, byurolar masalalarni yoʻnalishiga qarab koʻrib chiqsa, turli shtatlardagi ofislari mahalliy masalalarni joyida hal etadi. Umuman, turli davlat va nodavlat tashkilotlarga tashrifimiz asnosida amerika siyosiy-maʼmuriy tizimi, ommaviy axborot vositalari bilan yaqindan tanishmoqdamiz.

Ha, bu kabi tajriba almashinuv dasturlari nafaqat kasbiy tajriba va malaka oshirishga xizmat qiladi, balki oʻsha davlat maʼmuriy-boshqaruv tizimi, ijtimoiy hayot va turmush tarzi, madaniyati bilan yaqindan tanishish orqali amerika jamiyati haqida chuqurroq bilish imkoniyatlarini ham beradi. Biz esa yuzlab prezidentlar yetishib chiqqan bu dastur ishtirokchilariga keyingi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Oydin SAʼDULLAYEVA,

Vashingtondan maxsus tayyorladi

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.