Jahonda internet ommaviy axborot vositalarida soʻz erkinligi darajasi pasaymoqda

0
302
marta koʻrilgan.

YuNESKO tashkilotining “Dunyoda soʻz erkinligi va OAV taraqqiyoti” deb nomlangan 2017-2018 yilgi hisobotiga koʻra, keyingi yillarda jahonda internet jurnalistikasi erkinligiga toʻsqinlik qilish holatlari tobora koʻproq sodir boʻlyapti.

Masalan, 2012 yilda turli hukumat idoralari va maʼmuriy boshqaruv organlari Google kompaniyasidan rasmiy ravishda u yoki bu saytlardan maʼlum bir kontentni olib tashlashni 2000 ga yaqin marotaba soʻragan boʻlsalar, 2016 yilda kompaniyaga bunday rasmiy soʻrovnoma 15961 marotaba kelib tushgan. Aksariyat hollarda rasmiylar bunday aralashuvni “milliy xavfsizlik maqsadlari sababi” bilan izohlaganlar.

Facebook kompaniyasiga esa 2013 yilda 3 mingga yaqin ana shunday soʻrov xatlari kelib tushgan boʻlsa, 2016 yilda bu koʻrsatkich 64279 marotaba yetgan.

Shu oʻrinda, bir savolga javob berib oʻtish joiz. Bugun internetdan foydalanuvchilarning aksariyatini kimlar tashkil etadi? Dunyo ahli yangiliklarni asosan qaysi OAV turlaridan oladilar?

YUNESKO hisobotiga koʻra, 2012 yilda dunyo aholisining 34 foizigina internetdan foydalangan boʻlsa, 2017 yilga kelib 48 foizida «jahon toʻri»dan foydalanish imkoniyati paydo boʻlgan.

Xususan soʻnggi yillarda internetga mobil ulanish darajasi keskin oshgan. 2012 yilda 3,89 milliard kishi mobil internet xizmatidan foydalangan boʻlsa, 2016 yilda 4,83 milliard kishi, boshqcha aytganda, har uch kishidan ikki nafari mobil internet xizmatidan foydalangan.

Oʻzbekiston misolida aytadigan boʻlsak, 2013 yilda 29,3 foiz aholi mobil internetga ulangan boʻlsa, 2017 yilga kelib bu koʻrsatkich 33,2 foizni tashkil etgan.

Aytish kerakki, bugun dunyoda internet tarmogʻidan foydalanuvchilarining aksariyat auditoriyasi yoshlar boʻlib qolmoqda.  Reyters institutining 2017 yilda dunyoning 36 mamlakatida oʻtkazgan soʻrovlariga koʻra, 55 yoshdan katta boʻlgan kishilarning 51 foizi, 18-24 yoshdagi yoshlarning esa faqat 24 foizi axborotlarni televideniyedan olishlarini aytganlar. Internet ommaviy axborot vositalarining 64 foizini 18-24 yoshdagi va 28 foizini 55 yoshdan katta kishilar tashkil etadi.

Fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi hamda uni ifodalash insonning eng muhim huquqlaridan biri hisoblanadi. Axborot olish, undan foydalanish, uni tahlil qilish va tezkorlik bilan tarqatish imkoniyati zamonaviy jamiyatda insoniyat maʼnaviyati  yuksalishining asosiy shartidir. Bugun dunyoning barcha davlatlari qonunchiligida soʻz erkinligi, fikrlar xilma-xilligi, odamlarning  oʻz qarashlarini ochiq-oshkora ifoda etish huquqlari taʼminlangan boʻlsa-da, amalda  bu huquqlarga cheklovlar qoʻyilishi holatlari barcha mamlakatlarda kuzatiladi.

Oydin SAʼDULLAYEVA

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.