Durdona SAYFULLAYEVA, bolalar psixologi
Prezidentimiz maktabgacha taʼlim tizimiga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bunday paytda barchamiz ushbu xayrli ishga oʻzimizning munosib hissamizni qoʻshmogʻimiz lozim.
Maktabgacha taʼlim tizimining takomillashuvi ota-onaga yanada katta masʼuliyat yuklaydi. Mehnat faoliyatimdan kelib chiqqan holda shuni aytishim mumkinki, ayrim ota-onalar farzandini bogʻchaga bergach, uning taʼlim olishi, tarbiyasiga eʼtiborsiz boʻladi. Ular barcha masʼuliyatni tarbiyachilarga yuklashadi. Aslida bu ish unchalik toʻgʻri emas.
Baʼzan farzandimiz biror ishni notoʻgʻri qilsa, “bola-da” deb qoʻyamiz. Bu bilan katta xatoga yoʻl qoʻygan boʻlamiz. Aslida shirintoylarimizning har bir soʻzini diqqat bilan tinglab, ularga toʻgʻri javob qaytarishga ogʻrinmaslik kerak.
Bugun axborot xurujlari, eng avvalo, yoshlar ongiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Farzandlarimizni ana shunday yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolishdan asrash maqsadida maktabgacha taʼlim tizimini tubdan isloh qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Unutmang, agar farzandingizni oʻzingiz tarbiyalamasangiz, boshqalar “tarbiyalaydi”.
Xulosa oʻrnida Yurtboshimizning quyidagi soʻzlarini aytib oʻtsak, “Qaysi sohani olmaylik, biz zamonaviy yetuk kadrlarni tarbiyalamasdan turib biron-bir oʻzgarishga, farovon hayotga erisha olmaymiz. Bunday kadrlarni, millatning sogʻlom genofondini tayyorlash, avvalo, maktabgacha taʼlim tizimidan boshlanadi”.
«Sogʻlom avlod» gazetasi tahririyati hamda «Sogʻlom ona va bola» ayollar va yoshlarni qoʻllab quvvatlash markazi hamkorligida oʻtkazilgan davra suhbatini Dildora FAYZIYEVA yozib oldi.