Oʻzbekiston Respublikasi mustaqqilligining 30 yilligi arafasida Toshkent shahar “Sogʻlom ona va bola” ayollarni va yoshlarni qoʻllab quvvatlash markazi Toshkent shahar Kengashi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan eʼlon qilingan “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik” mavzusidagi tanlovda gʻolib boʻldi. Ushbu yutuq bilan Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi Kotibiyati mudiri Abdumavlon Qosimov qutladi.
“Yangi Oʻzbekiston – yangicha dunyoqarash” tamoyili asosida yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, ularning axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash» yoʻnalishidagi grant tanlovida markazimiz “Kitobxon mahalla yohud ochiq osmon ostida QR kodli minikutubxona” nomli loyiha bilan qatnashdi.
Shuni taʼkidlpsh kerak-ki, ushbu tanlov Nodavlat notijorat tashkilotlari hayotidagi yangi Oʻzbekistondagi yangi islohotlardan biri hisoblanadi. Chunki, bu yil Nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab quvvatlaydigan hududiy Jamoat fondlari ham tashkil etildi. Toshkent shahar Kengashi huzuridagi Jamoat fondi ulardan biridir.
Loyihamizning maqsad-muddaosi nimadan iborat? Qanday vazifalarni amalga oshiradi? Aslida bu loyiha avvalgi Oliy Majlis huzuridagi parlament komissiyasi tomonidan markazimizga ajratilgan loyihaning uzviy davomidir. Markazimiz “Mini kutubxona – mutolaa hamda tibbiy madaniyatni yuksaltirishning yangi usuli” nomli loyihasi orqali poytaxtdagi Yu. Rajabiy mahallasining bolalar maydonchasida minikutubxona tashkil etgandi.
Undan maqsad ota-onalar farzandlari bilan birga bolalar maydonchasida dam olishadi. U yerda sport mashgʻulotlari uchun shart-sharoitlar mavjud boʻlib, biroq mutolaga undovchi, kitobni targʻib qiluvchi usul-uslublar yoʻq edi. Minikutubxona ana shu imkoniyatni yaratdi. Aholini 24 soat kitob bilan taʼminlaydi. Misol keltiradigan boʻlsak, AQSHning bu boradagi tajribasini oʻrgandik. Minikutubxona natijasida AQSHda yiliga minglab kishilar oʻzaro kitoblar almashib oʻqiydilar. Minikutubxonadagi bitta kitobni uyda oʻqishga olib ketishsa oʻrniga yangi kitob tashlab ketishadi va oʻqib boʻlgach yana olib kelib qoʻyishadi. Odamlar ana shu yoʻl bilan bir-biriga ziyo ulashishadi.
Biz ham xalqimizni ana shu ezgu amallarga oʻrgatish istagidamiz. Mana, avvalgi loyihamizda ekspriment oʻtkazdik. Minikutubxonaga dastlab qoʻygan kitob – jurnallarimiz qolmadi. Holbuki, biz bukletlarda ochiq osmon ostidagi kutubxonaning maqsad va vazifalarini tushuntirgan edik. Biroq bukletni hamma oʻqiyvermas ekan. Shuning uchun minikutubxonaning derazasiga maqsadimizni qisqa-loʻnda satrlarda ifodalab katta-yu kichikni eʼtiborini tortadigan shaklda chop etib ilib qoʻydik. Ana shundan keyin olingan kitob-u jurnallarning oʻrni aholi tomonidan toʻldirib borildi.
Hozirgi mini kutubxonamizda uning ikki tomoniga QR kodli kitoblar afishasini ilganmiz. Unda bor yoʻgʻi 48 ta kitob joylashtirilgan. Oʻtgan davr ichida aholining taklif va istaklarini ham oʻrganib, endilikda biz uning yoniga alohida QR kodli minikutubxona joylash niyatidamiz.
QR kodli kitoblar tushunchasi nima? U zamonaviy innavatsion texnologiyalarga asoslangan usul boʻlib, kitoblarning elektron variantini mobil telefon va boshqa qurilmalarga yuklab olib istagan joyda oʻqish imkoniyatidir. QR kodli kitoblarni yuklab olish bilan zamonaviy innavatsion texnologiyalarni egallab olishga ham oʻrgatiladi.
Yangi loyihani “Kitobxon mahalla yohud ochiq osmon ostida QR kodli minikutubxona” deya nomladik. Oʻtgan loyihada tajribamizdan shuni aniqladik-ki, kitoblar issiqda dastlabki goʻzal xususiyatini yoʻqotar ekan. Oftob nurlari toʻgʻridan toʻgʻri tushmasligini taʼminlash niyatida ikkita minikutubxonani bitta soyabon ostida uygʻunlashtiramiz va uzoqdan ham barchani jalb qilib turadigan “Kitobxon mahalla” soʻzlarini innovatsion shaklda yasatamiz.
Shu bilan birga aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida minikutubxonaga pandemiyaga yaʼni koronavirus profilaktikasiga oid buklet, flayerlarni joylab boramiz. Mutolaaga boʻlgan qiziqishni yuksaltirish maqsadida kitob mualliflari bilan uchrashuvlar uyushtiramiz. Shuningdek, avvalgi loyihamizda pandemiya davrida uyda qolib, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishga, ijodiy fikrlashga, sermazmun muloqatga undaydigan hamda “Sahovat va koʻmak” umumxalq harakatini qoʻllab quvvatlovchi “Ezgu oʻyli bolalar” tanlovini GUJUM. UZ saytimizda eʼlon qilib, oʻquvchilarning karantin davrida chizgan rasmlarini chop etib ruhlantirdik. Bolalarning oʻzi oʻqigan kitoblariga munosabatini bildirib yozgan fikrlarini veb saytda yoritdik. Va yakuniy taqdimotda ularni ragʻbatlantirdik. Ushbu tanlovimiz ham yana davom etadi.
Yana minikutubxonaga oʻz jamgʻarmasidan kitoblar qoʻyib, ezguliklar ulashayotgan volonterlarni loyiha yakunida ragʻbatlantirib, ezgu niyatli kishilar safini kengaytirishni ham koʻzlamoqdamiz.
Kitob mualliflari yaʼni ijodkorlar bilan mahallada uchrashuv oʻtkazib, ularni “Kitobxon mahalla”bilan tanishtirish va shu yoʻl bilan kitoblar sonini ham oshirib borish, yon –atrofimizdagi boshqa tumanlarning maktab oʻquvchilarini ”Kitobxon mahalla”ga sayohatini uyushtirish, gazeta va jurnallar tahririyatlari bilan shartnomalar tuzib, yangi OAVlari bilan muntazam taʼminlashni ham oʻylayapmiz.
Loyihamizning yana bir maqsadi shuki, oilalarni bola tarbiyasiga, mutolaaga diqqatini jalb qilish, sogʻlom turmush tarzi maʼnaviyat va jismoniy tarbiya bilan uygʻunligini oʻrgatish, uchinchi renessans poydevoriga munosib hissa qoʻshadigan bolalarni tarbiyalash, hamda shu usul bilan oilaviy muhitni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshish istagidamiz.
Ushbu bolalar maydonchasi toʻrtta tuman kesishgan joyda, anhor boʻyida joylashgan. Nafaqat 4 ta tumandan, balki butun shahardan dam olgani farzandi bilan kelishadi. Xushmanzara joyda joylashgan “Kitobxon mahalla” ansambli butun shaharga xizmat qiladi desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Nazarda tutilgan elektron QR kodli kitoblar afishasini tayyorlashda markazimiz oʻzbek xalqining boy tarixi, ulugʻ olim-mutafakkirlari hayoti va ijodi, xalqimiz madaniyati, milliy gʻoya va mafkuramizni ifodalagan kitoblarni oʻzbekcha va ruscha variantlarini saralab, afishani tayyorlashda Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi bilan hamkorlik qiladi.
Ushbu mini kutubxonamiz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi PF-5952 Farmoni hamda Vazirlar Maxkamasining 2020 yil 14_dekabrdagi 781 son “2020- 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan.
E s l a t m a: Aziz kitobxonlar, faqat kitobni uyga olib ketish mumkin emas. Uyda oʻqishga zaruratingiz boʻlsa oʻrniga yangi bir kitob tashlab ketish sharti bilan olish mumkin. Oʻzingiz yaxshi koʻrgan kitobni mahalladoshlaringizga tavsiya qilmoqchi boʻlsangiz yoki mualliflik kitobingiz bilan tanishtirmoqchi boʻlsangiz, marhamat, minikutubxonani toʻldirib borishingiz mumkin. Bu bilan xalqimizga nur ulashasiz va savob ishga munosib hissa qoʻshgan boʻlasiz.
Minikutubxonada QR- kodli kitoblar afishasi ham joylashtirilgan, uni mobil telefoningizga yoki nootbukingizga yuklab olib, uyda oʻqishingiz mumkin.
Shuningdek, bugungi kunda dolzarb boʻlib turgan pandemiya profilaktikasiga doir qoʻllanmalar va yoʻriqnomalarni shu yerda oʻqishingiz yoki uyga olib ketib oilangiz bilan bemalol tanishib chiqishingiz mumkin.
Aziz vatandoshlar, mahalladoshlar elimiz odamlariga maʼnaviyat-maʼrifat tarqatishga, zamondoshlarimizning dillarini kitoblar ziyosi ila nurlantirishga munosib hissa qoʻshasiz, degan umiddamiz.
Raʼno ZARIPOVA, Toshkent shahar “Sogʻlom ona va bola” markazi va GUJUM. UZ sayti rahbari, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist