Ajdodlar ruhi mangu va barhayot

0
3624
marta koʻrilgan.

Ayni kunlarda yurtimizda oʻzbek tili mavqeini yuksaltirishga, milliy adabiyotning imkoniyatlarini dunyoga tanitishda, jamiyatda haqiqat va adolat mezonlarini qaror toptirishga oʻz davrida munosib hissa qoʻshib, nurli izlar qoldirgan hazrat Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligi  keng nishonlanmoqda.

Alloma Alisher Navoiyning jahon tarix silsilasi oldida  oʻz mavqei, shonu-shuhrati, sabogʻu anʼanalari alohida ahamiyatga molik. Xalqimizning gʻururi va faxri boʻlmish allomaning namunali hayoti, joʻshqin va adolatli faoliyati, goʻzallikka yoʻgʻrilgan ijodiyoti avlodlarning hamisha yoʻlini yoritib turadi.

Poytaxtimizdagi  Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabida boʻlib oʻtgan keng qamrovli tadbirda qatnashib allomaga munosib boʻlishga intilayotgan ajoyib jamoaning,  ustozu shogirdlar yorqin faoliyatining  guvohi boʻldik. Maktab maʼmuriyati va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan “Ajdodlar ruhi mangu va barhayot” deb nomlangan Alisher  Navoiy hayoti , faoliyati va ijodiga bagʻishlangan tanlov-tadbirni Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova qisqacha kirish soʻzi bilan ochib berdi. Musobada ishtirok etayotgan yosh isʼtedod egalariga hayotda, ijodda  oʻzligini namoyon qilishda muvaffaqiyatlar tiladi.

Oʻzining yuz yilligini nishonlash arafasida turgan bu oʻquv dargohining oʻz qadriyatlari va anʼanalari mavjud. Tanlovda ham ana shu ezgulik aks etdi, sakkizinchi sinf oʻquvchilari ikki guruhga boʻlinib toʻrtta yoʻnalishda bellashdilar. Alisher Navoiy hayoti va ijodiga oid oʻquvchilarning oʻzlari chizgan rasmlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Alloma ijodi asosida sahna asarlarini ijro etish va hazrat yashagan davrni sahna bezaklarida aks ettirish va toʻrtinchisi, buyuk mutafakkir faoliyatiga oid savollarga tez va toʻgʻri javoblar berish yoʻnalishlarida oʻquvchilar oʻzligini namoyon qilishdi.

 Bellashuv qizgʻin va qiziqarli kechdi va kuchlar deyarli teng boʻldi.  Bu ham tabiiy. Chunki, taʼlim tarbiya bitta maskanda, ustozlar ham  bitta. Bolalik esa harakat, intilish pirovardi goʻzallik! Tanlov oxirida Raʼno Zaripova qoʻshimcha savollar berib oʻquvchilarning bilimi va istedodini yana bir karra sinovdan oʻtkazdi. Buyuk mutaffakkir ijodidan namunalar oʻqib, uni davom ettirishni va bu satrlar nima sababdan yozilganligini izohlab berishni soʻradi.  Bolalar munosib javob berishdi.

Gap kim gʻolibligida emas. Balki, bolalarning  Alisher Navoiy hayoti va ijodini chuqur oʻrganganligi hamda oʻz tushunchasini goʻzal kartinalarda,  sahnalarda aks ettira olganligi va oʻzligini namoyon eta olishni oʻrganayotganligidadir. Albatta, bunda ustozlar mehnatining alohida oʻrni bor.

Tadbir yakunida Raʼno Zaripova oʻzining «Yurt qoʻshiqlari» asarini maktab kutubxonasiga armugʻon qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.