Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan taʼsis etilgan “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni ijtimoiy faol hotin–qizlarni qoʻllab quvvatlab, ularning el-yurt oldida koʻrsatgan xizmatlarini munosib ragʻbatlantirishga xizmat qilmoqda.
Ushbu mukofot bilan bu yil jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik koʻrsatgan, oʻzining samarali mehnati bilan yurt tinchligiga, Vatan taraqqiyotiga va el farovonligini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshgan 200 nafardan ziyod xotin-qizlar taqdirlandilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva mazkur yuksak mukofotni topshirar ekan, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targʻib etishda ibratli faoliyat olib borayotgan aziz va muqaddas ayollar, xotin-qizlarning faoliyatlariga ulkan zafarlar tiladi.
Mazkur “Moʻtabar ayol” sovrindorlari safida mualliflik kitoblarimning koʻpgina qahramonlari, yonma yon ishlagan ustozlarimiz, doʻstlarimiz, qadrdonlarimiz bor. Akademik Sayyora Rashidova, professor Halima Alimova, ustozimiz Dilbar Gʻulomova, doʻstimiz professor Oynisa Musulmonova, ijodkor Olmas opa Gʻulomova shuningdek, “Sogʻlom ona va bola” nodavlat notijorat tashkilotimiz boshqaruvi aʼzosi, professor Dilorom Yormatova kabi qadrdonimiz bor.
Mukofot egalarining barini “Sogʻlom ona va bola” nodavlat notijorat tashkilotimiz nomidan qutlaymiz.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist