Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmatining Boʻrijar GES tarixi va suv sharsharalari haqidagi hikoya – videolavhasini kuzatib xursand boʻldik. Zero, vatanparvar har bir kishi oʻz shahrining tarixini bilishi ham qarz, ham farz.
Darhaqiqat, Boʻrijar GES sharsharalari – Toshkent shahrining eng chiroyli manzillaridan biri. Koʻrgan koʻz quvnaydi. Inson tafakkuri, qalb qoʻri, qoʻl mehnati bilan yaratilgan moʻjazgina sharsharani kuzatib dillar yayraydi. Atrofga salqinlik ulashayotgan, insonlar kayfiyatini koʻtarib, orom baxsh etayotgan ushbu maskan nafaqat oromgoh balki, respublika iqtisodiyotiga munosib hissa qoʻshayotgan ulugʻvor inshoatdir.
Bu ajoyibotni koʻrishga men ham har kuni tong saharlab nevaralarim bilan chiqaman. Sogʻlamlashtirish mashqlarini bajaramiz. Bu goʻzallikni koʻrishga oshiqadiganlar faqatgina yonma yon joylashgan mahalla ahli emas, balki, poytaxtimizning barcha burchagidan kishilar tong saharlab «oqib» kelishadi. Pandemiya boshlangach esa sport ahlining mashgʻulot maydoniga ham aylandi. Atrofni bir-biridan goʻzal mashinalar “bosib” ketadi. Inson qoʻli, qalb qoʻri bilan yaratilgan moʻjizani birinchi bor koʻrishga muyassar boʻlganlar hayratga tushishlari ham videolavhada taʼkidlanganidek haqiqat.
Lekin, bu yerda muammo ham yoʻq emas. Ushbu eng chiroyli manzilning yonida sport kompleksi va kattejlar qurilgan. Undan pastda esa shahar kanalizatsiyasiga ulanmagan eski uylar mavjud. Poytaxtliklar bu yerni ”katakomba” deyishadi. Ushbu joyda tarsportlar turadigan maskan yaratilsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Shunda poytaxtliklar saylgohgacha mashinasi bilan kirib kelishmasdi.
Yana bir muammo – odamlar dam olib ketishgach, oʻzlaridan “esdalik” – axlat tashlab ketishadi. Shu darajada tabiatga befarq odamlar borki, maxsus axlat tashlaydigan joylargacha koʻtarib borishga “erinishadi”. Tartibga chaqirishning foydasi yoʻq. Ertasiga undan-da besh battar qilishadi. Ushbu joyga maxsus tozalovchi guruh ajratilsa, hech boʻlmaganda haftasiga bir marta supirib tozalashsa maqsadga muvofiq boʻlardi.
Darhaqiqat, videolavhada taʼkidlanganidek, Boʻrijar GES sharsharalari – shahrimizning eng chiroyli manzillaridan biri. Goʻzallik oshuftalari va suvsevarlar «oqib» kelishadi. Shu atrofda qishin –yozin choʻmiluvchilar, «morjlar» borligi yana bir muammo. Bolalar maydonchasining roʻparasida joylashgan ochiq maskanda choʻmilib boʻlgach, kiyimini almashtirishadi.
Bundan oʻn yillar avval Senat binosining yonidagi anhor boʻyida pensionerlar uchun maxsus choʻmilish joyi va kiyim almashtiriladigan maxsus kichkinagina bino mavjud edi. U yerda kiyim shkafchalari, dushlar, sport maydonchalari bor edi. U buzilib ketdi. Shundan keyin suvsevarlar sharshara yonini choʻmilish havzasi qilib olishdi. Sharoit boʻlmaganidan keyin ular ham majbur-da. Ushbu suvsevarlarga ham imkoniyat yaratib berish maqsadga muvofiqdir. Sharsharaning yonida girdob bor. U yerda choʻmilish ham xavfli. “Qadimgi” suvsevarlar buni bilishadi. Yangi suvsevarlarning esa hayoti xavf ostida boʻladi. Bu yerda koʻngilsiz voqealar ham uchrab turadi.
Aziz mutassadilar, ushbu ezgu tilaklarimizni – fikr-mulohazalarimizni toʻgʻri tushinib, ularni amalga oshirishda yordam koʻrsatasiz, degan umiddamiz.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist