Erkaklarning akusherlik va ginekoliya sohasini tanlashi borasidagi savol bahsga sabab boʻldi

0
812
marta koʻrilgan.

“Sogʻlom avlod” gazetasi va “Sogʻlom ona va bola” ayollar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash markazi hamkorligida tashkil etilgan “Stol atrofida” loyihasi doirasidagi davra suhbatida tahririyat jurnalistlari tomonidan oʻrtaga tashlangan, ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab boʻlgan erkaklarning akusher-ginekolog sohasini tanlash borasidagi savol Reproduktiv salomatlik markazi bosh mutaxassisi, akusher-ginekolog Ikrom Amanov hamda Respublika perinatal markazi direktori oʻrinbosari Shohida Bobojonovaning “tortishuv”ga olib keldi.

Ikrom Amonov:

Bir narsani alohida taʼkidlashim joiz, akusher-ginekologiya tibbiyot sohalari ichida eng ogʻir yoʻnalish sanaladi. AQSHda akusher-ginekologlarning 95 foizini erkak mutaxassislar tashkil etadi. Bu bejiz emas. Sababi haqiqatdan ogʻir, haqiqatdan ekstrimal soha.

Shohida Bobojona:

Tasavvur qiling, bir daqiqa ichida 500 millitrgacha qon ketishi mumkin. Agar bu oʻz vaqtida toʻxtatilmasa, 5 daqiqa ichida ayolni yoʻqotish hech gap emas…

Ikrom Amonov:

Faoliyatim davomida bir narsaga amin boʻldim: ayol hamkasblarim oldida ish va oila masalasi koʻndalang turadi. Va bu yuk ularni chalgʻitadi. Tibbiyot sohasi esa insondan oʻzini bagʻishlashni talab etadi. Bu – ogʻir kasb… Homilador ayolning qon bosimi baʼzan 5 daqiqaga ham bormay, bir yuz yigirma koʻrsatgichdan 0 ga tushib ketishi mumkin. Bu holat tibbiyotning hech bir sohasiga tegishli boʻlmagan holat. Demak, mutaxassis bu holatlarni inobatga olishi lozim. Akusher-ginekologdan tezkor qaror qabul qilish, irodali va jasoratli boʻlish talab etiladi.

Ustozim shunday soʻzni aytgan: Akusherlik nafaqat tibbiyot, balki sanʼatdir…

Ayollarning bu sohada ayolligi pand beradigan holatlar bor, mendan xafa boʻlmaysiz, Shohida Dadajonovna…

Shohida Bobojonava:

Men bundan xafa boʻlaman! Ammo, tan olish kerak, chindan bu ogʻir kasb. Ammo jasoratni ayollar qila olmaydi, deyish fikriga qoʻshilmayman. Shunday ayollarimiz bor, jasorat masalasida erkaklardan qolishmaydi. Lekin erkak kishi akusher-ginekolog boʻlaman desa, nega yoʻq deyishimiz kerak?! Axir, erkakmi, ayolmi ikkalasi ham shifokor.

Ikrom Amonov:

Xalatni egnimga ilgach, ayol kishiga menga qarshi jins vakili – ayolga qaragandek qaramayman! Xalat kiydimmi men erkak kishi emas, balki shifokorga aylanaman. Tibbiyotda ayol yoki erkak sifatida ajralish bu notoʻgʻri, deb bilaman.

Shohida Bobojonava:

Toʻgʻri aytasiz. Lekin shu bilan bir qatorda aytish joizki, biz bu bilan hamma akusher-ginekologlar erkak kishi boʻlishi kerak demoqchi emasmiz. Lekin tugʻayotgan ayolda tanlov boʻlishi kerak. Deylik, qaysi ayol uyalishi mumkin, bu oʻz tajribamizdan maʼlum. Ruhiy jihatdan olib qoraganda bu uyatchanlik oqibati normal sodir boʻlayotgan tugʻruqning, teskari boʻlishiga sabab boʻlishi ham hech gap emas…

 

Xurshida Husenova yozib oldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.