Gujum.uz yordami bilan yosh ona muammosi hal etildi

0
484
marta koʻrilgan.

“Sogʻlom ona va bola” markazi muassisligidagi sayt – Gujum.uzga Urganch shahar Ziyokor koʻchasi Navroʻz mahallasi  35-uyda yashovchi Dilor Egamovadan maktub keldi.

Maktubda arizachi ota uyida yashayotgan ikki bolali yolgʻiz ona ekanligi,  otasi  nogiron, onasi nafaqada, shu bilan birga yana maktab oʻquvchisi yoshidagi ukasi borligi, oʻzi esa ishsiz ekanligini yozib, bolalari uchun mahalladan pul ajratishlarida koʻmaklashishni soʻragan edi. Yosh ona fuqarolar yigʻiniga necha bor murojaat qilib, ijobiy javob ololmayotganini maʼlum qilgan edi.

Saytning elektron manziliga kelgan ushbu arizani tezda Xorazm viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi  raisi Gulsara Quranbayeva nomiga joʻnatdik. 

Bir necha kunlardan soʻng Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi yetakchisi G.Quranbayeva  bilan ana shu masala natijasi boʻyicha suhbatlashdik.  Raisa   qoʻmita Dilor Egamovaning iltimosini ijobiy hal etib berganini aytdi. Qoʻmitaning tezkor faoliyatidan mamnun boʻldik.

Shundan soʻng arizachi bilan bogʻlanib, iltimosining hal qilinish jarayoni, natijasi qoniqtirishi yoki qoniqtirmasligi haqida surishtirdik. Arizachi muammosi ijobiy hal etilib berilganini xursand ekanligini bildirdi.

Umaman, Xorazm viloyati Xotin qizlar qoʻmitasi arizachilar shikoyati, iltimosnomasi va boshqa turli xatlarni eʼtiborsiz qoldirmay, tezda koʻrib chiqishiga, imkon qadar ijobiy hal etishiga harakat qilishiga avval ham guvoh boʻlgandik.

Dilor Egamova masalasidan bir oz avval ham markaz Xorazm viloyati Xotin-qizlar qoʻmitasiga bogʻlanib, jamiyatda xotin-qizlarni nafaqat moddiy, balki ruhan ham qoʻllab quvvatlashlarini, xususan oʻz vaqtida jamiyatga tibbiyot sohasida fidokorona xizmat qilib, lekin taqdir taqozosi bilan  yigirma  besh yildan beri nogironlik aravasida oʻtirgan shifokorni (shifokor nomini oshkor etishni istamadi) yoʻqlab borib, ruhan qoʻllab quvvatlashni soʻragandik. Ertasigayoq shifokor ayol markazimizga bogʻlanib, bir olam quvonch bilan uchrashuv haqida soʻzlab berdi. Uning koʻtarinki kayfiyatidan biz ham mamnun boʻldik.

“Sogʻlom ona va bola” markazimiz bundan keyin ham jamiyatda ayollar, yoshlar, umuman barcha fuqarolarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash yoʻlida imkon qadar oʻz hissasini qoʻshadi.

Raʼno Zaripova, 

“Sogʻlom ona va bola” markazi rahbari,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.