“Hazrati Imom” mahallasida uchrashuv

0
511
marta koʻrilgan.

Toshkent shahar “Sogʻlom ona va bola” ayollar va yoshlarni qoʻllab quvvatlash markazi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi loyihasi asosida “Oila madaniyati – yurt tinchligi” mavzuidagi “Salohiyat” koʻchma klubining yigʻilishlarini mahallalarda oʻtkazishni rejalashtirgan edi. Uning navbatdagi tadbiri Toshkent shahri Olmazor tumanidagi “Hazrati imom” mahallasida 2017 yil 3 avgust kuni soat 11.00da boʻlib oʻtdi.

Toshkent shahar “Sogʻlom ona va bola” ayollar va yoshlarni qoʻllab quvvatlash markazi rahbari, Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova tadbirni ochib, kun tartibi va maʼruzachilar bilan tanishtirdi. Onalik va bolalik davlat himoyasida ekanligi, bu yoʻnalishda 80dan ortiq Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va qonun osti hujjatlari mavjud ekanligi, asosiy qonunimiz-Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi oila, onalik, bolalik va ayollarning teng huquqligi belgilangan moddalar haqida qisqagina gapirib, yurist, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ikki marta deputat boʻlib saylangan va hozir ham qonunchilik sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xalq qabulxonasi katta mutaxassisi Oysha Oxunovaga soʻz berdi… U har bir oilaga, har bir insonga kundalik turmushida zarur boʻladigan Oʻzbekiston Respublikasining Oila Kodeksini sharhlab berdi va tinglovchilar bilan muloqot qilib, ularning koʻplab savollariga javob qaytardi…

 

Maʼruzadan keyin Oʻzbekiston Respublikasining Oila Kodeksi asosida “Oʻz huquqingizni bilasizmi” mavzuida tayyorlangan savolnomalar tinglovchilarga tarqatildi. Va ulardan oʻsha vaqtning oʻzida bilimlarini mustahkamlash uchun javoblar, mulohazalar ham olindi. Shuningdek, ularga ushbu savollarga tinglovchilar tomonidan oila davrasida (oʻgʻil-qizlar, nevaralar bilan birgalikda) berilgan javoblar Markazning tashkil etilayotgan “gujum.uz” saytida “Oʻz huquqingizni bilasizmi” rukni bilan berib borilishi tushuntirildi. Tarqatilgan savolnomalarda el. pochta manzili borligi va unga malakali javob yoʻllagan oilalar loyiha yakunida (loyiha bir yillik) taqdirlanishi ham aytib oʻtildi… Bu tadbir tinglovchilarning huquqiy bilimini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshadi, deb umid qilamiz.

Ikkinchi yoʻnalish oilalarning mutolaa madaniyatini yuksaltirishga bagʻishlandi. Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova kitob qalblarni nurlantiruvchi oftob ekanligi haqida gapirib, oʻzining hamda oila aʼzolarining mualliflik kitoblaridan va shaxsiy kutubxonasidan 10 ta kitobni mahalla kutubxonasiga sovgʻa qildi.

Shuningdek “Turon” akademiyasi akademigi, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston jahon tillari universiteti oʻqituvchisi yuzlab qoʻllanma va darsliklarning muallifi Dilorom Yormatova “Kitob – tafakkurga qanot” mavzuida gapirib ilmning, bilimning, mutolaning oʻz taqdiriga taʼsirini chiroyli hikoya qilib berdi. Olima talabalar va oʻqituvchilar uchun yozgan qoʻllanmalari, oʻzi yozgan badiiy asarlaridan 6 tasini mahalla kutubxonasiga sovgʻa qildi.

 

Shuningdek, tadbirda markazimiz aʼzolari tomonidan berilgan “Gʻuncha”(20ta) hamda “Klass”(18ta) va “Sogʻlom avlod” gazetalarining(28ta) yangi nashrlari mahalla kutubxonasiga va tadbir qatnashchilariga armugʻon etildi. Shuningdek tadbirda markaz aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi Tibbiyot sanitariya birlashmasining 1-Markaziy poliklinikasida uzoq yillar ishlab nafaqaga chiqqan, hojilarning salomatligini kuzatuvchi sifatida haj va umra ziyoratiga xizmat safari bilan toʻrt marta borgan tabbarruk onaxon Raximaxon opa Zokirova ham qatnashdi.

Markazimiz Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi loyihasi asosida bir yil davomida har oyda ana shunday tadbir oʻtkazishni rejalashtirgan. Har bir tadbirga nashriyotlarning vakillari, yozuvchi va shoirlar taklif etilib, mahalla kutubxonalarini yangi kitoblar bilan toʻldirishga ham munosib hissa qoʻshish niyatidamiz.

Shuningdek mahalladagi tadbirlar respublika gazetalarida fotolar bilan yoritib boriladi. Masalan, dastlabki tadbir “Sogʻlom avlod” gazetasida(№27 son, 6 iyul 2017 yil, ikkinchi tadbir – №31 3 avgust 2017 yil) chop etildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.