Toshkent shahri Yakkasaroy tumanining Yu.Rajabiy nomidagi mahallasida «Sogʻlom ona va bola» ayollar va yoshlar markazining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi loyihasi asosida ”Oila madaniyati- yurt tinchligi” mavzuidagi “Salohiyat” koʻchma klubining navbatdagi tadbiri 2017 yil 14 dekabr kuni soat 16.00da boʻlib oʻtdi.
Tadbir Toshkent shahar «Bilim» axborot-kutubxona markazi bilan hamkorlikda oʻtkazildi. Mahalla rahbari Adham Zohidov tadbirni ochib, kun tartibi va maʼruzachilar bilan tanishtirdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ikkinchi Chaqiriqida deputat boʻlib saylanib faoliyat yuritgan, ayni kunda Toshkent shahar «Bilim» axborot-kutubxona markazi direktori Hofizaxon Karimova asosiy qonunimiz-Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining– xalqimiz hamda yurtimizning buguni va kelajagining ifodasi ekanligi. shu bois ham mamlakatimizda Bosh Qomusimiz qabul qilingan kunga bagʻishlangan tantanali marosim oʻtkazilishi yaxshi anʼanaga aylanganligini gapirib, bu yilgi tantanali marosimda mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutqida aytilgan muhim va ulugʻvor islohotlarning mohiyatini sharhlab berdi.
Jumladan, poytaxtimiz Toshkent shahrida tumanlar darajasida xalq deputatlari kengashlari taʼsis etilganligi, bu borada adolatni tiklab, Konstitutsiyamizga tegishli oʻzgartirishlar kiritilganligi, Toshkent shahri aholisi ham endi oʻz vakillari – deputatlar orqali tumanlarni boshqarishda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlganligini taʼkidladi.
Shuningdek, Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida shu yilning oʻzida 20 dan ortiq qonun va 700 dan ziyod qonunosti hujjatlari qabul qilinganligi, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb eʼlon qilingan 2017 yilda “Inson manfaatlari hamma narsadan ulugʻ” degan gʻoya asosida katta ishlar amalga oshirilganligini bir-bir gapirib berdi. Shuningdek, u Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati sharhlangan bukletni tinglovchilarga oila davrasida oʻqishlari uchun tarqatdi.
Toshkent shahar «Bilim» kutubxonasi markazi nomidan yosh shoiralar G.Matyoqubova, Zebo Mirzayeva, M Normatovalarning “Mehr rishtasi”, “Dengiz-u ummon osha”, “Shukrona” kitoblaridan 12 tasini mahalla kutubxonasiga sovgʻa qildi.
Ikkinchi yoʻnalish anʼanaga koʻra, oilalarning mutolaa madaniyatini yuksaltirishga bagʻishlandi. Toshkent shahar «Sogʻlom ona va bola» ayollar va yoshlarni qoʻllab quvvatlash markazi direktori, Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova mutolaning inson maʼnaviyatining yuksalishidagi ahamiyati haqida gapirdi.
Tadbirda Raʼno Zaripova «Tafakkur qanoti» nashriyoti armugʻon qilgan 4 ta, Kamalak” nashriyoti armugʻon qilgan 5ta kitobni va oʻzining shaxsiy kutubxonasidan 8ta kitobni mahalla kutubxonasiga sovgʻa qildi.
Shuningdek, tadbirda markazning hamkorlari boʻlgan OAVlari — “Gʻuncha”(5ta) hamda “Gulxan”(5ta) jurnallaridan va “Sogʻlom avlod” gazetasi(12ta), “Klass” gazetasi(5ta), “Tong yulduzi” gazetasidan(20ta) yigʻilish qatnashchilariga armugʻon etildi. Oila davrasida oʻqish, bolalarni mutola madaniyatiga oʻrgatishda hamisha uyingizga beminnat kirib boradigan gazeta –jurnallarning ahamiyati beqiyos ekanligini tushintirdi. Tadbir qizgʻin va savol- javoblarga boy tarzda oʻtdi.
J . Caʼdullayev tayyorladi.