KELGUSIDA BARCHA BOGʻCHALARDA SUV HAVZALARI QURILADI

0
233
marta koʻrilgan.

Abdurashid SODIQOV, Maktabgacha taʼlim vazirligining oziq-ovqat sifatini nazorat qilish boʻlim boshligʻi

 Maktabgacha taʼlim muassasalarida oziq-ovqat sifati hamisha bosh masala hisoblanadi. Yurtboshimizning tizimga qaratgan eʼtibori samarasida sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazish masalasining yangi tarmogʻi yoʻlga qoʻyilmoqda. Endilikda hududlardagi bogʻchalar koʻp tarmoqli fermerlarga biriktiriladi. Bu degani, poliz yoki goʻsht mahsulotlari kabi oziq-ovqat yetishtiruvchi fermerlarning hisob raqamiga tarbiyalanuvchilar uchun ota-onalar tomonidan toʻlanadigan badal pulidan maʼlum qismi oʻtkaziladi va ular oʻzlariga biriktirilgan bogʻchalarni kerakli mahsulotlar bilan taʼminlaydi. Sifatli mahsulot yetkazib beradigan fermerlarga yoqilgʻi va yem arzon narxda yetkazib beriladi.

Shuningdek, kelgusida barcha bogʻchalarda bolalarning jismonan chiniqishi uchun suv havzalari quriladi. Bu boʻyicha ham rejalar tuzilmoqda. Yurtimizning chekka hududlarini oʻrganish uchun borganimizda ayrim maktabgacha taʼlim muassasalarida ichimlik suvining toza saqlanishiga ehtiyoj borligiga guvoh boʻldik va bu borada ham takliflar oʻrganilmoqda.

Joylarda ota-onalar bilan suhbatlashganimizda ular bizga “Bogʻchadagi oziq-ovqatni kim nazorat qiladi? Bolalarga qanday ovqat berilyapti?” kabi savollar bilan koʻp murojaat qilishadi. Shu fursatdan foydalanib, ota-onalarga shuni aytmoqchiman. Hurmatli ota-onalar, farzandingizni maktabgacha taʼlim muassasasiga olib kelganingizda oshxonaga bir razm soling. Kunlik taomnoma bilan tanishing. Shaxsan oʻzingiz tayyorlanayotgan ovqatning sifatini koʻrishingiz mumkin. Unutmang, farzandingiz shu yurtning kelajagi. Uning salomatligiga esa barchamiz masʼulmiz.

«Sogʻlom avlod» gazetasi tahririyati hamda «Sogʻlom ona va bola» ayollar va yoshlarni qoʻllab quvvatlash  markazi hamkorligida oʻtkazilgan davra suhbatini  Dildora FAYZIYEVA yozib oldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.