Toza havo tanga davo. Togʻli xududda yashasangiz archazordan, shuningdek sharshara boʻylarida toʻyib- toʻyib nafas olishning foydasi katta.Toza havoda, ertalabki quyosh chiqayotgandagi sayr ming dardga shifo. Qayerda boʻlsa ham bu imkoniyatdan barcha inson teng foydalanishi mumkin. Chunki koronavirus dardi avvalo oʻpkaga zarar yetkazadi. Shuning uchun uyingiz, hovlingizdagi archa oldida, favvora, kichik suv purkagich (fontancha) yonida oʻtirib nafas olish oʻpka uchun juda foydalidir. Suv purgagichni oddiy baklashkani turli tomonlaridan teshib, oʻzingiz uyda qoʻlbola tayyorlashingiz ham mumkin.
Erta tongda turib, oʻpkadagi balgʻamlarni tuflab tashlab, atirguldan nafas olish hatto oʻpka saratonini oldini oladi, turli gullarning goʻzalligi xushboʻy iforlar kafiyatni, pirovardida immunitetni koʻtaradi.
Quyosh nuridan ham foydalanishni unutmang! Tong saharlab quyosh koʻtarilayotgan paytda badan tarbiya ham katta ahamiyatga ega. Barcha odamlarga birdek nurini sochayotgan quyoshning koʻtarilib kelayotganidagi nurlari salomatlikka koni foydaligi qadimdan maʼlum. Bu nurlarni hech qanday dorilar bilan inson organizmiga kiritib boʻlmaydi, deya taʼkidlaydi tabiblar. Olloh bergan bu neʼmat barchaga teng oʻz nurini sochaveradi. Faqat undan bilib foydalanishimiz va Yaratgan egamga hamdu sanolar aytishimiz, shukrona bildirishimiz ruhiyatni yanada mustahkamlaydi.
Isiriq (xazorispand, garmala) xalqimiz qadim-qadimdan yaxshi biladigan va keng qoʻllaniladigan shifolovchi vosita boʻlib, tutatilganda uning tarkibidagi koʻplab alkaloid moddalar havodagi va inson nafas yoʻllaridagi viruslarni nobud qilishi isbotlangan. Shu sabab isiriqni tez-tez tutatib obdon hidlash va xonalarga tutatish tavsiya etiladi.
Xorazmcha xalqona qoʻshiq ham bejiz toʻqilmagan.
Hozar isvand, huzur isvand,
Ming dardga shifo isvand
Tutatmasak bizda guno(gunoh)
Tutatsak boʻlsin shifo
Koʻz atganni koʻzi chiqsin,
Qasd atganni beli chiqsin.
Chart-churt, chart-churt.
Ruhiyatga taʼsir qiluvchi omillar
Gʻam-qaygʻu, ruhan choʻkishlik, tushkunlik, ayniqsa vahima kabi holatlar ichki quvvat (immunitet)ni keskin tushib ketishiga sabab boʻladi. Tibbiy manbalarda vahimaga tushgan kishining qon tarkibi oʻzgarib, organizmni zaharlanishiga olib kelishi mumkin, deyiladi. Shuning uchun, ruhiyatni koʻtarib, tuzalishga aniq ishonch bilan, ixlos bilan kasallikni yengishga kirishish kerak. Qurʼoni karimdan bilgan suralaringizni oʻqib yurish ruhiyatingizni yanada mustahkamlaydi.
Shuningdek, 1 piyola suvga 1 choy qoshiq osh sodasini solib eritilgan iliq suvda sochiqni hoʻllab, koʻkrak qafasi sohasi terisini qizartirib, ishqalab artish ham ruhiyatni kztaradi. Chunki inson teri orqali ham nafas oladi. Yana muxitni ishqorlashtirish ham foyda beradi: 1 piyola natriy bikarbonati (osh sodasi)ni vannaga solib, iliq suvda butun gavdani koʻmib 10-15 daqiqa davomida yotish inson asablarini tinchlantiradi, orom beradi. Bu usul oʻpkada qon aylanishini kuchaytiradi, muhitni ishqorlaydi. Bu usullar Ibn Sino tibbiyotida astma kasalligini davolashda, bugungi amaliyotda esa pnevmoniya va bronxitlarni davolashda oʻz samarasini koʻrsatgan.
Koʻp miqdorda suyuqlik ichish. Barcha oʻtkir respirator virusli kasalliklardagi kabi ushbu koronavirus kasalligida ham bemorlarga koʻp miqdorda suyuqlik ichish tavsiya etiladi. Mineral suvlar, limonli, malinali, naʼmatakli, yalpizli, anjirli damlamalar va kompotlarni deyarli har 10-15 daqiqada ichib turish kerak. Shuningdek, oz-ozdan toza suv(ayniqsa uyqudan uygʻonganda) va asal, navvot solingan damlama choylarni kun davomida galma-gal ichish tavsiya qilinadi.
Sinovli damlarni eson-omon oʻtkazib olishda barcha yurtdoshlarimga, jumladan dunyo ahliga tilakdoshman.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist
Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi loyihasi asosida uyushtirildi.