Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan taʼsis etilgan “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni ijtimoiy faol hotin–qizlarni qoʻllab quvvatlab, ularning el-yurt oldida koʻrsatgan xizmatlarini munosib ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.
Bahor bayrami 8 mart arafasida ushbu nufuzli nishonning bu yilgi sovrindorlari maʼlum boʻldi. Quvonarlisi shuki, mukofotlanganlar orasida jurnalistika sohasida 50 yildan buyon xizmat koʻrsatib kelayotgan bugungi kunda Toshkent shahar “Sogʻlom ona va bola” nodavlat notijorat tashkiloti boshqaruvi raisi hamda GUJUM.UZ elektron gazetasi rahbari, Oʻzbekiston Respublikasida hizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼnojon Zaripova ham bor.
Mazkur nufuzli koʻkrak nishoni va uning guvohnomasini Toshkent shahar xokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev topshirdi.
Taʼkidlash joizki, ushbu nufusli mukofot onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targʻib etishda ibratli faoliyat olib borayotgan aziz va muqaddas ayollarga berildi.
Raʼnojon Zaripova Oʻzbekiston televideniyasida muxarrir, katta muharrir. «Qishloq haqiqati» gazetasida muxbir, «Sihat salomatlik» jurnalida boʻlim muharriri «Saodat» jurnalida boʻlim muharriri, masʼul kotib, «Sogʻlom avlod uchun» jurnalida boʻlim muharriri, masʼul kotib, bosh muharrir oʻrinbosari, «Sogʻlom avlod» gazetasida bosh muharrir vazifalarida ishladi.
Raʼnojon Zaripova «Sogʻlom avlod» gazetasini tashkil qilishda faollik koʻrsatdi hamda gazeta bosh muharriri sifatida tashkilotchilik va ijodiy qobiliyatini namoyon qildi. 2000 yilda ish boshlagan «Sogʻlom avlod» gazetasi qisqa vaqt ichida respublika nashrlari ichida oʻz oʻrni va oʻz ovoziga ega boʻldi. Oila, onalik va bolalik muhofazasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, umumxalk harakatiga aylantirilgan ozod yurtimizda ana shu ulugʻvor vazifani amalga oshirishda munosib hissa qoʻshib kelyapti.
2004 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputat etib saylandi. 2010 yil 21yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi aʼzosi vazifasida ishladi.
P.Zaripova palatada tayyorlanayotgan qonunlar ustida tajribali deputat sifatida ish olib borib, oʻzining fikr-mulohazalari va takliflari bilan qonun loyihalari ustida ishlashga munosib hissasini qoʻshdi.
Shuningdek, qonunlarni aholiga yetkazishda ham samarali mehnat qildi. Deputatlik davrda ommaviy axborot vositalarida 200 dan ortiq oʻz chiqishlari bilan qatnashdi. Ularning barchasida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyati, mamlakatda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar qalamga olingan.
Oʻzbekiston Milliy Tiklanish demokratik partiyasi Toshkent shaxar kengashi raisi (2007-2008 yillar) va Markaziy kengashining ayollar qanotida Xorazm viloyati boʻyicha masʼul deputat sifatida, siyosiy tashkilotning el orasidagi nufuzini oshirish, uning joylardagi faoliyatini jonlantirishga munosib hissa qoʻshadigan partiya hayotiga oid qator publitsistik maqolalar eʼlon qildi.
R. Zaripova 50 yillik jurnalistik faoliyatida «Davr va qayta qurish»(1988y), «Ayol, oila, jamiyat»(1989y) mavzusidagi turkum maqolalari uchun Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasining diplomini oldi, laureat boʻldi. Onalik va bolalik muhofazasiga bagʻishlangan turkum maqolalari uchun «Atirgul» tanlovining sovrindori boʻldi (1996y). Ozod va obod Vatanimiz va millatimiz istiqloli va istiqboliga bagʻishlangan respublika ijodkorlarining «Eng aziz va eng ulugʻ»(1999y), «Ayol buyuk zot»(2000y), kabi tanlovlarda publitsistik asarlari bilan ishtirok etib gʻolib boʻldi. «Istiqlol: zamonamiz qahramonlari» tanlovida(2007y) «Oʻzbekistonning har qarich yeri betakror» publitsistik toʻplami uchun sovrindor boʻldi.
Mamlakat ijtimoiy-maʼnaviy hayotining dolzarb masalalari qalamga olingan «El eʼzozlagan ayollar», «Boychechak», «Ayolga ehtirom», «Chashma», «Bola-aziz, ona-moʻtabar», «Barhayot nomlar», nomli koʻplab toʻplamlarda ocherk va hikoyalari, «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi: milliy qonunchilikda xalqaro standartlarni amalga oshirish masalalari» nomli toʻplamda huquqiy mavzuda maqolasi, shuningdek, «Harorat», «Onaginam», «Yurt qoʻshiqlari», “Ona yurting – oltin beshiging” kabi mualliflik kitoblari chop etilgan. “Kisasi Rabgʻuziy ” asarini(13 asrda yozilgan ) sharqshunos qizi Nodira Saʼdullayeva bilan birga qadimiy turkiydan zamonaviy oʻzbek tiliga oʻgirishdi.
Oʻzbekiston Mustakilligining 10 yilligi hamda Oʻzbekiston Mustakilligining 15 yilligi estalik nishoni, hamda “Fuqarolik jamiyatiga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni bilan takdirlangan. 2004 yilda «Oʻzbekiston Respublikasida hizmat koʻrsatgan jurnalist «unvoniga sazovor boʻlgan.
Tadbirda Toshkent shahri va tumanlaridan jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik koʻrsatgan, oʻzining samarali mehnati bilan yurt farovonligi mustahkamlanishiga hissa qoʻshgan 14 nafar xotin-qizlar taqdirlandi.
GUJUM.UZ