Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida 2020 yilni “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nomlashni taklif qildi.
Eʼtibor qilsangiz, oʻtgan yil bilan bu yilning nomlanishi har xil boʻlsada, Murojaatnomada belgilangan vazifalar, rejalar avvalgi yilning uzviy davomi ekanligini anglash mumkin.
Ularning maqsad-mohiyati bitta – insonni ulugʻlash, uning ehtiyojlarini taʼminlash, yoshlarni milliy qadriyatlarga munosib tarbiyalashga qaratilgandir. Yaʼni kuchli ijtimoiy himoya va yoshlarni buyuk allomalarimizning izdoshlari qilib voyaga yetkazish masalalari ularni uzviy bogʻlab turadi.
Agar eʼtibor berilsa, davlat byudjetidan xalkimizning ijtimoiy himoyasiga yildan yilga koʻp mablagʻ ajratilmoqda. Oilalarning ijtimoiy muhofazasini, siyosiy — madaniy saviyasi va fuqarolik maʼsuliyatini, ishchanlik, tashabbuskorlik faoliyatini oshirishga qaratilgan ushbu hujjat nafaqat mazkur yil, balki unda istiqbol maqsadlar koʻzlangan. Yana shuni taʼkidlash kerak-ki, oilalarga gʻamxoʻrlik – xotin- qizlarga, navqiron yoshlarga, jajji bolajonlarga eʼtibor demakdir.
Murojaatnomada iqtisodiyotning barcha yoʻnalishlar boʻyicha qator islohotlarni amalga oshirish va ularning huquqiy asoslarini yaratish belgilangan boʻlib, Qonun va konsepsiyalar ishlab chiqilishi koʻrsatib oʻtildi. Jumladan, agrar tarmoqda fermerlik harakatini qoʻllab-quvvatlash bilan birga, paxta va gʻalla yetishtirishni klaster shakliga bosqichma-bosqich oʻtkazish, shuningdek meva-sabzavot, sholichilik, chorvachilik, ipakchilik kabi boshqa tarmoqlarda ham bugungi kun talabiga javob beradigan klasterlar boʻyicha izlanishlarni davom ettirishni belgilab berdi. Agrar islohotlarning huquqiy asosi boʻlgan “Kooperatsiya va klasterlar toʻgʻrisida”gi yangi Qonunni qabul qilish lozimligini taʼkidladi. Albatta, bu islohotlar ishsizlik darajasi kuchli boʻlgan qishloqlarda yoshlar va xotin-qizlar uchun ish oʻrinlarini yaratish demakdir.
Nogironlik, dafn marosimi, boquvchisini yoʻqotganlik boʻyicha nafaqalar, ish paytida mayib boʻlganlik uchun tovon puli kabi toʻlovlarni qayta koʻrib chiqib, “Ijtimoiy sugʻurta toʻgʻrisida”gi Qonunni ishlab chiqish zarurligini aytib, Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda Aholini ijtimoiy himoya qilish konsepsiyasini ishlab chiqish topshirdi.
Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi “Oʻzbekiston yoshlari – 2025” konsepsiyasini ishlab chiqishi, unda maʼnaviy va jismoniy barkamol avlodni voyaga yetkazishning amaliy chora-tadbirlari belgilanishi zarurligiga ham eʼtibor qaratdi. Yoshlar orasida iqtidorli sportchilarni seleksiya qilishning “tashkilot – tuman (shahar) – hudud – respublika” bosqichlaridan iborat toʻrt bosqichli tizimi joriy etiladi, deya yangi tadbirga koʻrsatmalar berdi.
Murojaatnomaning har bir bandida oila institutini yanada mustahkamlash ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarini qoʻllab quvvatlashni kuchaytirish hamda bu borada olib borilayotgan ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish orqali jamiyatni yanada yuksaltirish belgilanadi, desak xato boʻlmaydi. Kam taʼminlangan aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida shaharlarda 16 ming oilaga uy-joy olish uchun boshlangʻich badal va kredit foizini qoplashga byudjetdan 1 trillion soʻm subsidiya ajratiladi.
Mamlakatimizda birinchi marta kambagʻallikni kamaytirish soʻzi qoʻllanildi va real raqamlar tilga olindi: “Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligi sir emas. Har qanday mamlakatda boʻlgani kabi bizda ham kam taʼminlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga koʻra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu oʻrinda gap kichkina raqamlar haqida emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda. Baʼzi odamlar ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini toʻlash yoki ularning miqdorini oshirish orqali ushbu muammoni hal etish mumkin, deb oʻylaydi. Bu – bir tomonlama yondashuv boʻlib, muammoni toʻla yechish imkonini bermaydi”. –deya taʼkidlab, undan chiqish yoʻllarini ham koʻrsatib berdi. Darhaqiqat, xalqimizda “qoʻldan berganga qush toʻymaydi” degan maqol mavjud. “Kambagʻallikni kamaytirishning yoʻli bu aholida tadbirkorlik ruhini uygʻotish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, demakdir. Bu borada dastlab amalga oshirish lozim boʻlgan yoʻl-yoʻrikni ham Prezidentimizning oʻzi koʻrsatdi: ” Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birga kambagʻallikni kamaytirish dasturini ishlab chiqishni taklif etaman. Bu borada xalqaro meʼyorlar asosida chuqur oʻrganishlar oʻtkazib, kambagʻallik tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash usullarini qamrab olgan yangi metodologiyani yaratish lozim”.
Shuningdek, Fargʻona vodiysining 22 ta qishloq tumanida aholi oʻrtasida zamonaviy ishbilarmonlik va biznes koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha boshlangan ijobiy tajribani barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etish belgilandi.
Joylardagi ijtimoiy muammolarni hal etishga oid tadbirkorlik tashabbuslarini, ayniqsa, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berish zarurligiga alohida eʼtibor berdi. “Shu maqsadda aholi va tadbirkorlarga, mikromoliya xizmatlari va moliyaviy resurslarga, davlat xaridlariga keng yoʻl ochib beriladi. Bunday choralar orqali odamlarimizda tadbirkor boʻlishga ishtiyoq va ishonch ortadi, ular koʻproq daromad olishga intiladigan boʻladi”.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari aytganidek, hamma ham tadbirkor boʻla olmaydi. Kishilarni qobiliyatiga qarab yoʻnaltirish lozimligini koʻrsatib oʻtdi va ularni zamonaviy kasbga qayta tayyorlash orqali munosib ish joyi bilan taʼminlash maqsadlari uchun 700 million dollar jalb qilinshini taʼkidladi. Prezident bu yil xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida 2020 yilda 5,5 ming nafar xotin-qizning kichik biznes yoʻnalishidagi loyihalariga 100 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kredit berilishi, buning uchun banklarga davlat byudjetidan resurs ajratilishi, shuningdek, 1 ming 576 nafar xotin-qizga yangi uy-joylarga ega boʻlishi uchun byudjet hisobidan boshlangʻich badal toʻlab berilishi belgilanganini gapirdi.
Kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida milliy malaka tizimi ishlab chiqiladigan boʻldi. Ushbu tizim 9 mingga yaqin kasblar boʻyicha kadrlar tayyorlash imkonini beradi.
Maktab bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazish, oliy oʻquv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlarini 2 barobar koʻpaytirish, qizlar uchun alohida grantlar ham ajratish rejalashtirildi. Zero, raqamli iqtisodiyotni hayotga joriy qilish va rivojlantirish barkamol avlod zimmasiga tushadi.
Oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarini optimallashtirishga ham eʼtibor qaratildi. Misol uchun, ona tili boʻyicha bilimni baholashning milliy test tizimini yaratish belgilandi. Yoshlar istalgan vaqtda imtihon topshirib, tegishli guvohnoma olsa, oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirayotgan paytda ona tili boʻyicha qayta sinovdan oʻtishga hech qanday ehtiyoj qolmaydi. Oliy taʼlim standartlari xorijiy tajriba asosida takomillashtiriladi, taʼlim yoʻnalishlari va oʻqitiladigan fanlar qayta koʻrib chiqiladi. Mutaxassislikka aloqasi boʻlmagan fanlar soni 2 barobar qisqartiriladi. Oliy taʼlimda oʻquv jarayonini kredit-modul tizimiga oʻtkazish talab etiladi. Joriy yildan pedagogik taʼlimning 6 ta yoʻnalishi boʻyicha oʻqish muddati 3 yil qilib belgilanadi.
Murojaatnomada jamiyatimiz va kundalik hayotimizda nodavlat sektor rolini yanada kuchaytirish va maqomini oshirish ham nazarda tutiladi. Jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirish, mamlakatda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni zamon talablari, jahon standartlari asosida yoʻlga qoʻyish ushbu soha vakillarini davlat sektori bilan hamkorligini taʼminlash hamda rivojlantirishdan iborat etib belgilandi. Jumladan, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining faoliyatini takomillashtirishga eʼtibor qaratildi. Bu borada fuqarolik jamiyati oldiga qoʻyilgan vazifalar bizni quvontirdi. Koʻpgina NNT tashkilotlari loyihalar orqali oʻz faoliyatini olib boradi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yoʻlga qoʻyish, bu masala boʻyicha muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish lozimligi taʼkidlandi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari Oʻzbekistonda zamonaviy fuqarolik jamiyatini shakllantirishda, demokratiyani qaror toptirishda munosib xizmat qilib kelmoqda. Buning uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish maslahat Kengashi tashkil etilgan. Kengashi tomonidan “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni taʼsis etilib, mana ikki yildir-ki, nodavlat sektori faollari ushbu mukofot bilan taqdirlanmoqda. Ushbu faoliyat ham ushbu sektorning yuksalishiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi tashkil etilgan. Uning huzurida nodavlat notijorat tashkilotlarni qoʻllab quvvatlash fondi faoliyat yurityapti. Kuni kecha assotsiatsiya YUNISEF tashkiloti vakili bilan kelajakdagi hamkorlik masalasida fikrlashib oldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida nodavlat notijorat tashkilotlari rahbar xodimlari uchun malaka oshirish kurslar tashkil etilmoqda.
Ushbu murojaatnomada jamiyatimizning maʼnaviy negizlarini yanada rivojlantirish, azaliy milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va mustahkamlash, jamiyatimizda yuksak maʼnaviy muhitni keng qaror toptirishga alohida ahamiyat berildi.
Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallash zarurligi va shartligi taʼkidlandi. Zero, “Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, eng ogʻir illat – korrupsiya balosini yoʻqotishda ham ular samarali vositadir. Buni barchamiz teran anglab olishimiz darkor”.–deya taʼkidladi davlatimiz rahbari. Darhaqiqat raqamli iqtisodiyot ochiqlikni, oshkoralikni taʼminlaydi.
Darhaqiqat mamlakatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan dasturiy gʻoya asosida, yoshlarni ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda tashabbuskorlik, fidoyilik, axloqiy fazilatlarni shakllantirish – oʻta sharafli vazifadir. Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz aʼzolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-maʼrifat, yuksak maʼnaviyat kerak. Ilm yoʻq joyda qoloqlik, jaholat va albatta, toʻgʻri yoʻldan adashish boʻladi.
Bizning”Sogʻlom ona va bola” nodavlat notijorat tashkilotimiz va u muassisligidagi “gujum” uz elektron gazetamiz jamoasi ham ushbu masʼul vazifalarga nodavlat sektorining yuksalishiga imkoni boricha munosib hissa qoʻshib kelyapti va faoliyatimizni OʻzNNTMA bilan hamkorlikda yanada kuchaytirish niyatlarimiz ham yoʻq emas. Bugun boʻlib oʻtgan «Murojaatnoma NNTlar nigohida» davra suhbatida hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor berildi.
Raʼno Zaripova,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist