Ochiq osmon ostida minikutubxona

0
474
marta koʻrilgan.

 Bugun   poytaxtning Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy  nomidagi mahallasida “Ochiq osmon ostidagi mini kutubxona – mutolaa hamda tibbiy madaniyatni yuksaltirishning yangi usuli” nomli tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda elektron va minikutubxona ochilishiga bagʻishlangan taqdimot  oʻtkazildi. Taqdimotni Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasining raisi  Adham Xursandboyevich Shodmonov qisqacha kirish soʻzi bilan ochib, parlament komissiyasi tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda jamoat uyushmalarining eʼtiborga sazovor, el-yurtga munosib xizmat qiladigan loyihalari qoʻllab quvvatlanib kelinayotgani, bugungi tadbir ushbu amaliyotning biri ekanligini gapirdi.

Aholining keng qatlamlarini moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarini qondirish hamda dolzarb muammolarni samarali bartaraf etishda fuqarolik jamiyatining munosib oʻrni bor. Shuning uchun mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida zarur institutsional baza yaratilib, ularning faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi – dedi Parlament komissiyasining raisi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) vakili shoir va tarjimon Muhiddin Omon oʻz soʻzida mutolaa madaniyatining inson hayotidagi oʻrni haqida gapirib, kitobxonlikning ahamiyatiga bagʻishlangan sheʼrlarini oʻqib berdi va mualliflik kitoblarini kutubxonaga taqdim etdi.

 Shuningdek, markazning hamkorlari va volontyorlari Toshkent shahar “Bilim” axborot kutubxona markazi direktori Hofiza Karimova,  qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor, “Turon”  Fanlar akademiyasi akademigi Dilorom Yormatova soʻzga chiqib mutola madaniyatini, kitobxonlikni  yuksaltirishda ochiq osmon ostidagi va kun-u tun kitob oʻqish imkoniyatini yaratadigan minikutubxona zamonaviy innovatsion usul ekanligi uni yurtimiz boʻylab keng tarqalishiga tilakdosh ekanliklari xususida gapirishdi.

Kutubxona ochilish marosimida Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (OʻzNNTMA) Kengashi raisi oʻrinbosari Maxmudov Nozimxon qatnashib, minikutubxonaga oʻz fikr va takliflarini bildirdi. Jumladan, bu ijtimoiy loyihani ommaviylashitirish kerakligini hamda kutubxonadagi elektron va chop etilgan kitoblarda boy tariximiz, ulugʻ olim-mutafakkirlarimiz hayoti va ijodi, xalqimiz madaniyati, milliy gʻoya va mafkuramiz oʻz ifodasini topishi lozimligini taʼkidlandi.

 «Gulxan» jurnalining bosh muharriri Zahro Hasanova minikutubxona faoliyatini rivojlanishiga ezgu tilaklarini bildirib,  oʻz jurnallarini yigʻilish qatnashchilariga va ziyo maskaniga armugʻon qildi.

Shuningdek, “Xalq taʼlimi”, “Gʻuncha” jurnallari hamda “Klass” va “Tong yulduzi” gazetalari vakillari ham oʻz gazeta va jurnallarini davradoshlariga va yangi ziyo maskaniga armugʻon qilishdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot universiteti, Toshkent Irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti vakillari ham qatnashib dil soʻzlarini ifodalab, minikutubxonaga kitoblar armugʻon qilishdi.

Toshkent shahar “Sogʻlom ona va bola” ayollarni va yoshlarni qoʻllab quvvatlash markazi nodavlat notijorat tashkiloti boshqaruvi raisi va gujum. uz sayti rahbari, Oʻzbekiston  Respublikasida  xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova yigʻilganlarga  minikutubxonaning maqsad va vazifalari haqida gapirib, «Ezgu oʻyli bolalar» tanlovi ishtirokchilarini va markazning koʻngilli faollarini  ragʻbatlantirdi:

 – Dunyodagi  har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda oʻzining intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda , – degan mamlakatimiz Prezidentining soʻzlarida ulugʻvor haqiqat mavjud.

Toshkent shahar “Sogʻlom ona va bola” ayollarni va yoshlarni qoʻllab quvvatlash markazining  “Mini kutubxona – mutolaa hamda tibbiy madaniyatni yuksaltirishning yangi usuli” nomli loyihasi uchinchi renessansga  poydevor qoʻyadigan salohiyatli yoshlarni tarbiyalashga munosib hissa qoʻshishni koʻzlaydi.

Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan eʼlon qilingan  tanlovda gʻolib boʻlib, Parlament kommissiyasi qarori bilan grantni olishga muyassar boʻldi.

 Maqsad:  gujum.uz saytining “Jahon” ruknida (24.07.2019 yil) ”Bolalar parkida moʻjaz kutubxona” maqolasi chop etilgan.  Unda AQSHdagi minikutubxona tajribasi yoritilgan.

AQSHda oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra kam taʼminlangan oilalarning 61 foyizi uyda bolalar yoshiga mos kitob va boshqa maʼrifiy axborot manbalariga ega emas. Uyida mutolaa resurslariga ega boʻlmagan bola esa uyda koʻplab kitob va boshqa maʼrifiy axborot manbalariga ega boʻlgan bolaga nisbatan maktabda fanlarni oʻzlashtirish jihatdan 3 yil orqada qolar ekan. Bu dalil bolalarni kitob va boshqa maʼrifiy axborot manbalari bilan taʼminlash naqadar muhimligini koʻrsatadi. Bu muammo Oʻzbekistonda ham yoʻq emas.

Minikutubxona loyihasi esa bolalar va kattalarni 24 soat kitob bilan taʼminlash imkonini beradi. Minikutubxona loyihasi natijasida AQSHda yiliga minglab kishilar oʻzaro kitoblar almashib oʻqiydilar. Minikutubxonadagi bitta kitobni uyda oʻqishga olib ketishsa oʻrniga kitob tashlab ketishadi va oʻqib boʻlgach yana olib kelib qoʻyishadi. Odamlar ana shu yoʻl bilan bir-biriga ziyo ulashishadi.

Biz ham xalqimizni ana shu ezgu amalga oʻrgatish istagidamiz. Ota-onalar farzandlari bilan birga bolalar maydonchasida dam olishadi. U yerda  sport mashgʻulotlari uchun shart-sharoitlar mavjud. Biroq, mutolaga undovchi, kitobni targʻib qiluvchi usul-uslublar  yoʻq. Mini kutubxona ana shu imkoniyatni yaratadi, degan umiddamiz.

Mini kutubxona Yakkasaroy tumanidagi bolalar maydoniga joylashtirildi. Bu maydon soya- salqin anhor boʻyiga yaqin toʻrtta tuman kesishgan joyda joylashgan. Besedka, skameyka, favvorali va turli xil argʻimchoqlarga boy maskan doimo ona va bolalar bilan gavjum.

Iltimos,  faqat kitobni uyga olib ketish mumkin emas. Uyda oʻqishga zaruratingiz boʻlsa oʻrniga yangi bir kitob tashlab ketish sharti bilan olish mumkin. Oʻzingiz yaxshi koʻrgan kitobni mahalladoshlaringizga tavsiya qilmoqchi boʻlsangiz yoki mualliflik kitobingiz bilan tanishtirmoqchi boʻlsangiz, marhamat, minikutubxonani toʻldirib borishingiz mumkin. Bu bilan xalqimizga nur ulashasiz va savob ishga munosib hissa qoʻshgan boʻlasiz.

Minikutubxonada QR- kodli kitoblar afishasi ham joylashtirilgan, uni mobil telefoningizga yoki nootbukingizga yuklab olib, uyda oʻqishingiz mumkin.

Shuningdek,  bugungi kunda dolzarb boʻlib turgan pandemiya profilaktikasiga doir qoʻllanmalar va yoʻriqnomalarni shu yerda oʻqishingiz yoki uyga olib ketib oilangiz bilan bemalol tanishib chiqishingiz mumkin.

 Aziz vatandoshlar, mahalladoshlar elimiz odamlariga maʼnaviyat-maʼrifat tarqatishga, zamondoshlarimizning dillarini  kitoblar ziyosi ila nurlantirishga munosib hissa qoʻshasiz, degan umiddamiz. Minikutubxona barchamizga qutlugʻ boʻlsin!

Markaz haqida maʼlumot:  Oliy Majlisi huzuridagi Parlament komissiyasi qarori bilan ”Oila madaniyati – yurt tinchligi” mavzuidagi “Salohiyat” koʻchma klubi”(2017 yil) va GUJUM.uz saytida “Ahil oila maktabi”(2018 yil) mavzularida grant olib faoliyat yuritgan.

Hamkorlarimiz: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA), Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati, Toshkent shahar Yakkasaroy tuman hokimiyati,  Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy nomidagi mahalla fuqarolar yigʻini, Toshkent shahar “Bilim” axborot kutubxona markazi.

Mamlakatimiz Prezidenti Oliy Majlisga murojaatnomasida davlat tashkilotlari bilan nodavlat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish lozimligini alohida taʼkidladilar. Hamkorligimiz ushbu yoʻnalishga munosib hissa qoʻshadi, degan umiddamiz.

GUJUM.UZ

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.