Men, Oʻrinova Shahrizoda poytaxtdagi 283- maktabda taʼlim-tarbiya olaman. Karantin davrida oʻqigan kitoblarim orasida Oʻtkir Hoshimovning ”Daftar hoshiyasidagi bitiklar» asari menga juda yoqdi.
Isʼtedodli yozuvchimizning oʻgitlari, aforizmlari, tashbehlari ular asosidagi xulosalari meni sehrlab qoʻydi. Undagi bitiklar, falsafiy mushohadalar fikrlashga chorlaydi. Ushbu kitobni oʻqishingizni tavsiya qilaman.
Tahririyatdan: Aziz kitobxonlar, Shahrizodani lol qoldirgan, sirli olamga boshlagan ushbu kitobdagi bitiklardan bir shingil beramiz. Mutolaa qiling
CHEGARA
Odamzot nima uchun kaftdek hovlisiga gul ekadi? Undan koʻra sholgʻom eksa, qozoniga tushadi-ku.
Odamzot nima uchun bulbul chax-chaxini eshitganida entikib ketadi? Undan koʻra bulbulni shoʻrvaga solib pishirsa, nafsini qondiradi-ku.
Odamzot nima uchun osmonda charaqlab yotgan yulduzlarni koʻrib, koʻngli zavqqa toʻladi? Yulduzlar uning hamyonidagi tillalar emas-ku.
Odamzot nima uchun kitob oʻqiyotib, suyukli qahramoni oʻlib qolsa yigʻlaydi? Uni yozuvchi «ichidan toʻqib chiqargani»ni biladi-ku?
Odamzot nima uchun oʻzga yurtlarga borib behisob mol-dunyo orttirsayu, ittifoqo bolaligi kechgan kulbasi tushiga kirib qolsa, tuni bilan yigʻlab chiqadi? Axir u shohona qasrda yashaydi-ku.
Odamzot nima uchun bolasining boshida alla aytadi? Goʻdak alla eshitmasa uxlamaydimi?
Odamzot nima uchun nevarasini yetaklab necha zamon avval oʻtib ketgan bobosining qabrini ziyorat qiladi? Marhum ularni koʻrmaydi-ku?!
Gap shundaki, Odamzotni hayvonotdan ajratib turadigan chegara bor. Bu chegaraning nomi Maʼnaviyat deb ataladi!