Oila qurish har bir inson hayotida ulugʻvor voqea boʻlib, ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. Yangi oila bilan jamiyatning eng muhim boshlangʻich bugʻini vujudga keladi. Zero, oila sogʻlom boʻlsa, jamiyat sogʻlom, yurt tinch-osoyishta boʻladi. Pirovardida mamlakat qudrati kuchayadi. Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy nomli mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib oʻtgan tadbirda ana shu masalalarda fikrlashib olindi.
Mahalla raisi Adham Zoxidov yigʻilishni ochib, Toshkent shahar “Sogʻlom ona va bola markazi” boshqaruvi raisi Raʼno Zaripovaga soʻz navbatini berdi.
R.Zaripova 2018 yil 30 mart kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn toʻrtinchi yalpi majlisida senatorlar maʼqullagan qonunlar bilan tanishtirdi.
Senatning “Toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qarori xususida batafsil gapirdi. Oilaviy tadbirlarni tartibga solish na faqat farzandlar kelajagi uchun balki, jamiyat uchun ham juda muhim ijtimoiy ahamiyatga ega vazifa ekanligini taʼkidlab shunday dedi:. Senatning ushbu qarori bilan toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solishga oid jamoatchilik fikrini oʻrganish boʻyicha Respublika ishchi guruhi tuzilib, uning tarkibi tasdiqlandi.
Ishchi guruhning asosiy vazifalari etib ushbu masalaning OAV, shu jumladan internet nashrlarda faol muhokama qilinishini tashkil etish, mamlakatimizning har bir hududida oilaviy tadbirlarni oʻtkazish borasida shakllangan oʻziga xos urf-odat va anʼanalarni aholi ishtirokida chuqur oʻrganib chiqish belgilandi. Ishchi guruhga muhokamalar yakuni boʻyicha asoslangan takliflar ishlab chiqish va loyihani Oliy Majlisi Senatiga koʻrib chiqish uchun taqdim etish belgilandi.
Shuningdek, Senatning ushbu qarori bilan tegishli davlat va nodavlat tashkilotlariga mazkur masalalarni chuqur oʻrganib, Ishchi guruhga asoslantirilgan taklif kiritish topshirildi”.
Maʼruzachi Oliy Majlis Senatining mazkur qarorni qabul qilishdan maqsadi aholi tomonidan bildirilgan taklif va fikrlar inobatga olinib, ishchi guruh mazkur masalani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi yanada mukammal boʻlishi koʻzlaganligi taʼkidladi
Yigʻilish qatnashchilari soʻzga chiqib, toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlarni ixchamlashtirib oʻtkazish taklifini maʼqulladilar va takliflarini bildirdilar.
Keksa pedagog Neʼmatulla Tojiboyev maʼraka marosimlari haqida shunday fikr bildirdi: “Men bir paytlar Misr va Jazoirda xizmat safarida boʻlgandim. Bir uy eshigi oldida koʻrpacha toʻshalgan boʻlib, yonida obdasta va sochiq ildirib qoʻyilgandi. Bu narsalar ushbu xonadonda taʼziya borligini bildirar ekan. U yerdan oʻtayotgan har qanday kishi xohlasa marhum xotirasiga qurʼon tilovatini bajarib ketar ekan. Hatto uy egasi ishda boʻlishi ham mumkin ekan. Dabdabalardan yiroqligi meni hayratga solgan edi.”
Yakkasaroy tumanidagi 110 maktab oʻqituvchisi Xurshida Ashurova poytaxtimizda avj olgan toʻy arafasida kuyovning uyini bezatish marosimlarini ham tartibga solish lozimligi haqida fikr bildirdi: “Qalbingizning bir parchasi qizingizni berasiz, ham kuyovning uyini bezaysiz. Boʻladigan qudalar yoqmagan sovgʻa-salomingizni bemalol tabiiy ravishda aytib oʻtishadi. Boshqa odamlarning shu yoʻnalishdagi marosimlari bilan solishtirishadi. Mazkur tadbir inson qadrini yerga uradi, odob-ikromdan uzoqlashtiradi. Albatta, buni tartibga solish kerak. Respublikaning barcha viloyatlarida bu marosim turlicha nishonlanadi. Masalan, Xorazmda, Qashqadaryo va Samarqandning togʻli xududlarida, bu tadbir oʻtkazilmaydi. Ularda sovgʻa-salom kelinning oʻzi bilan birga toʻy kuni yuboriladi, biroq u dabdabadan yiroq”.
Ushbu mahalla poytaxtdagi turli millat vakillari doʻstona yashayotgan namunali mahallalardan biri. Toʻylar borasida ham oʻz anʼanalariga, qadriyatlariga ega. Mahalla idorasi toʻyxona bilan yonma-yon joylashgan. Jamoat birlashmasining koʻpgina tadbirlari ana shu joyda oʻtkaziladi. Kamtarona, ixcham toʻylar oʻtkazish borasida ular yana bir anʼanani boshlashdi. Bu haqida mahalla raisi Adham Zahidov shunday deydi: Yakkasaroy FXDYo bilan hamkorlik masalasida shartnomasi tuzdik. Toʻy oʻtkazadigan oilalar avvalo mahallamiz idorasiga murojaat qilishadi. Mahallada anʼanalar va milliy qadriyatlar boʻyicha komissiya tuzilgan boʻlib, ular ota-onalar va yoshlar bilan suhbatlashadilar. Maxsus soʻrovnoma tayyorlaganmiz, u suhbat asnosida toʻldiriladi. Mahallaning ushbu soʻrovnomasidan keyin ular FXDYoga murojaat qilishadi. Unda toʻyga bitta sanʼatkor taklif etish, toʻy oshini ikki yuz, nikoh toʻyini 150 kishidan oshirmaslik va boshqa yoʻriqlar bilan tanishtiriladi. Bu usul bilan har bir xonadonni bu boradagi fikrlarini bilish, toʻgʻri yoʻlga boshlash maqsadlari koʻzlangan”.
Qizgʻin munozaralarga boy boʻlgan tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi tasdiqlagan loyiha asosida oʻtkazildi.
Javlon Saʼdullayev tayyorladi.