Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti tomonidan 2019 yilda nashrga tayyorlangan uch tildagi «Oʻzbekiston ayollari» («Jenshʼiniʼ Uzbekistana», «Women of Uzbekistan») nomli kitob-albomi etti yoʻnalishdan iborat boʻlib, uning birinchisida nomlari tarix zarvaraqlariga muhrlangan, munosib izlar qoldirgan momolarimiz xotirasi eʼzozlanadi. Keyingi sahifalarda esa xalq orasida obroʻ-eʼtibor qozongan yuzlab ayollarning mehnatlari eʼtirof etiladi.
Oʻzbekiston Xotin-qizlari qoʻmitasi tashabbusi bilan chop etilgan ushbu kitob-albomning uchinchi yoʻnalishi «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni sohibalari haqida boʻlib, ushbu yoʻnalishning koordinatori sifatida kitob-albomning tayyorlanishiga koʻmaklashdim.
«Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni kimlarga beriladi, kim tomonidan tavsiya etiladi, unvon sohibining maqomi, imtiyozlari, ayollardan kimlar olganligi haqida koʻp soʻrashadi. Quyida ushbu savollarga javobni yoritmoqdamiz. «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni sohibalarining roʻyxati davlatning yuksak mukofotini olgan yillari tartibida berilmoqda.
«Oʻzbekiston Qahramoni»— Oʻzbekistonning oliy darajadagi unvoni boʻlib, 1994 yil 5 mayda taʼsis etilgan. Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolariga davlat va xalq oldidagi qahramonona jasorat koʻrsatish bilan bogʻliq xizmatlari uchun beriladi.
«Oʻzbekiston Qahramoni» Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan beriladi. Unvonni berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar rahbarlarining hamda jamoat birlashmalari respublika organlarining takdimnomasiga binoan amalga oshiriladi.
«Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan shaxsga oliy nishon — «Oltin Yulduz» medali va unvon berilganligi toʻgʻrisidagi hujjat topshiriladi. «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan shaxslar oylik ish haqiga yoki pensiyaga qoʻshimcha ravishda eng kam oylik ish haqi miqdorida oy sayin toʻlanadigan ustama mukofot oladilar, qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilgan imtiyozlardan foydalanadilar.
«Oltin Yulduz» medali 585 darajali (probali) oltin qotishmasidan tayyorlanadi va old tomonida har bir qirrasining ikki yonbagʻridan oltin nurlar taralgan sakkiz qirrali yulduz shaklida boʻladi, ogʻirligi 12,5 gr. «Oltin Yulduz» medali koʻkrakning chap tomoniga orden va medallardan yuqoriroqqa taqiladi.
«Oʻzbekiston Qahramoni» faqat bir marta beriladi. «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni vafotidan keyin berilgan taqdirda «Oltin Yulduz» medali va unvon berilganligi toʻgʻrisidagi hujjat mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
«Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni va «Oltin Yulduz» medali birinchi bora 1995 yili berilgan. Ushbu yuksak davlat mukofotini yurtimizdan yuzdan ortiq kishi olishga muyassar boʻldi.Ularning oʻn olti nafari ayoldir.
Oliy darajadagi unvon bilan taqdirlangan ayollar roʻyxati:
1995 yil. Temirova Muyassar — Buxoro shahridagi «Zardoʻz» aksionerlik jamiyati yuksak badiiy buyumlar tayyorlash uchastkasining katta ustasi
1996 yil. Kochkarova Ayshaxon — Namangan viloyati tugʻruqxonasi boʻlim mudiri
1997 yil. Madaliyeva Manzura Abdullayevna — Qoʻqon shahridagi 10-oʻrta maktab matematika oʻqituvchisi
Saitova Onesiya Saitovna — Qoraqalpogʻiston Respublikasi 1-tugʻruqxonasining ginekologiya boʻlimi mudiri
1999 yil. Ismatova Mavlyuda — Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi, Yunusobod tumani 273-oʻrta maktab direktori
Rahmatova Martiya Ahmedovna — «Buxoroteks» hissadorlik jamiyati 1-yigiruv-toʻquv fabrikasining yigiruvchisi
2001 yil. Pak Vera Borisovna — Xiva shahridagi 20-«Mehribonlik uyi» direktori
2002 yil. Akramova Dilbar — Oʻzbekiston «Mehr-shafqat va salomatlik» jamgʻarmasining Namangan viloyati boʻlimi boshqaruvi raisi
2004 yil. Mahmudova Anor Madaminovna — Gurlan tumanidagi Ibn Sino nomli 5-maktab direktori
2006 yil. Abdullaxoʻjayeva Malika Samatovna — Respublika patologik anatomiya markazi direktori, akademik
2007 yil. Mirzayeva Xalchaxon — Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi «Xaticha aya» fermer xoʻjaligi boshligʻi
2008 yil. Abdullayeva Siyosatxon — Oltinkoʻl tumanidagi «Oltinkoʻl vodiy gulshani» fermer xoʻjaligi boshligʻi
2010 yil. Ergasheva Patila — Buvayda tumanidagi «Patilaxon» fermer xoʻjaligi boshligʻi
2015 yil. Ganiyeva Suyima Ganiyevna – Toshkent davlat sharqshunoslik institutining «Mumtoz filologiya» kafedrasi professori
2016 yil. Sharapova Muxabbat Arapovna — Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan umumiy oʻrta taʼlim maktab-internatining matematika fani oʻqituvchisi
2019 yil. Lola Murotova – Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xoʻjaligi boshligʻi.
Eslatma: «Oʻzbekiston ayollari» («Jenshʼiniʼ Uzbekistana», «Women of Uzbekistan») nomli kitob-albomiga Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xoʻjaligi boshligʻi Lola Murotova faoliyati kiritilmagan. Chunki kitob chop etilganida davlatning yuksak mukofoti bilan taqdirlanmagan edi.
Raʼno Zaripova tayyorladi.