Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti tomonidan 2019 yilda nashrga tayyorlangan uch tildagi «Oʻzbekiston ayollari» («Jenshʼiniʼ Uzbekistana», «Women of Uzbekistan») nomli kitob-albomi etti yoʻnalishdan iborat boʻlib, uning birinchisida nomlari tarix zarvaraqlariga muhrlangan, munosib izlar qoldirgan momolarimiz xotirasi eʼzozlanadi. Keyingi sahifalarda esa xalq orasida obroʻ-eʼtibor qozongan yuzlab ayollarning mehnatlari eʼtirof etiladi.
Oʻzbekiston Xotin-qizlari qoʻmitasi tashabbusi bilan chop etilgan ushbu kitob-albomning uchinchi yoʻnalishi «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni sohibalari haqida boʻlib, ushbu yoʻnalishning koordinatori sifatida kitob-albomning tayyorlanishiga koʻmaklashdim.
«Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni va «Oltin Yulduz» medali birinchi bora 1995 yili berilgan. Ushbu yuksak davlat mukofotini yurtimizdan yuzdan ortiq kishi olishga muyassar boʻldi. Ularning oʻn olti nafari ayoldir. Kitob-albomdan 15 nafar Oʻzbekiston Qahramoni oʻrin olgan. Oʻn oltinchi qahramonimiz – Lola Murotova kiritilmagan. Chunki kitob chop etilganida davlatning yuksak mukofoti bilan taqdirlanmagan edi. Biz u kishini ham hurmat -ehtirom bilan sahifamizda tanishtirdik.
Oʻzbekiston Qahramoni SUYIMA Gʻaniyevna Gʻaniyeva
Suyima Gʻaniyeva 1932-yil 20-fevralda Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Oliy maʼlumotli. Filologiya fanlari nomzodi (1956), professor. 1956-yilda Oʻrta Osiyo davlat universitetining Sharqshunoslik fakultetini bitirgan. Oʻz mehnat faoliyatini Oʻz FAning Oʻzbek tili va adabiyoti institutida kichik ilmiy xodim sifatida boshlagan.
Suyima Gʻaniyeva umrining koʻp yillarini institutga, Alisher Navoiyning qoʻlyozmalarini topish, shuningdek, uning boy merosini oʻrganishga bagʻishladi. Ilmiy-tadqiqotchilik faoliyati davomida uning 10 dan ortiq monografiya, 350 ta ilmiy-tadqiqot maqolasi chop etildi, 20 dan ortiq ilmiy-uslubiy qoʻllanmalari nashrdan chiqdi. Alisher Navoiy mukammal asarlar toʻplami (20 tomlik)da u «Majolis un-nafois», «Mahbub ul-qulub», «Munshaot«, «Vaqfiya», «Hamsat ul-mutahayyirin«, «Holoti Sayyid Hasan Ardasher», «Holoti Pahlavon Muhammad«, «Nazm ul-javohir», «Muhokamat ul-lugʻatayn« kabi asarlarni izoh va lugʻatlar bilan nashrga tayyorladi.
Navoiy asarlarining 20 tomligini tayyorlashdagi xizmatlari, Navoiy muhri, yangidan yangi qoʻlyozmalarni topishdagi oʻrni, mumtoz adabiyot borasidagi ilmiy izlanishlari tufayli Suyima Gʻaniyeva 1992-yil Beruniy nomidagi Davlat mukofoti, «Yel-yurt hurmati» ordeni, 2008-yil «Buyuk xizmatlari uchun ordeni», 2015-yil «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlandi.
Oʻzbek mumtoz adabiyoti borasida ustoz olima sanalgan Suyima Gʻaniyeva 2018-yil olamdan oʻtdi.
Oʻzbekiston Qahramoni MALIKA Samatovna Abdullaxoʻjayeva
Malika Abdullaxoʻjayeva 1932-yil 28-noyabrda Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida dunyoga kelgan. Oliy maʼlumotli. Tibbiyot fanlari doktori (1968), professor (1970), OʻzR FA akademigi (2000). 1956-yilda Toshkent davlat tibbiyot institutining Davolash fakultetini bitirgan. 1960–1962-yillar Toshkent davlat tibbiyot institutining Markaziy laboratoriyasi mudiri, 1963–1969-yillar Oʻzbekiston Rentgenologiya, radiologiya va onkologiya institutining patomorfologiya va gistoximiya laboratoriyasi mudiri; 1969–1990-yillar Toshkent tibbiyot institutining “Patologik anatomiya” kafedrasi mudiri, 1990–2000-yillar Toshkent davlat 2-tibbiyot institutining “Patologik anatomiya” kafedrasi mudiri, Oʻzbekiston Respublikasi Patalogoanatomik markazi direktori.
Malika Abdullaxoʻjayevaning ilmiy-tadqiqot ishi asab tizimining immunopatologiyasiga bagʻishlanadi. U Oʻzbekiston tibbiyotidagi yangi yoʻnalish – immunopatologiya transplantatsiyasi asoschilaridan biridir. Olima patologik anatomiya boʻyicha dastlabki oʻquv qoʻllanmaning (1997) muallifidir. Zahmatkash olimaning tibbiyot sohasining nazariy va amaliy masalalariga bagʻishlangan 300 dan ziyod ilmiy maqolasi, 20 ga yaqin kitob va monografiyalari hamda 10 ga yaqin mualliflik ishlari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi maʼlum.
Ilm-fan sohasida koʻrsatgan xizmatlari uchun Malika Abdullaxoʻjayeva 2003-yilda «Mehnat shuhrati» ordeni, 2006-yilda esa «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan.
Atoqli olima Malika Abdullaxoʻjayeva 2018-yil olamdan oʻtdi.
Oʻzbekiston Qahramoni VERA BORISOVNA PAK
Vera Pak 1938-yil 13-noyabrda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot shahrida tugʻilgan. Oliy maʼlumotli. 1961-yil Qoraqalpoq davlat pedagogika institutini bitirgan. 1961–1985-yillar Xiva shahrining 3-sonli maktabida kimyo va biologiya oʻqituvchisi, 1985-yildan Xiva shahri 20-sonli bolalar uyi direktori lavozimida ishladi. Koʻp yillar davomida u ota-onasiz bolalarga mehr-shafqat ulashdi, diqqat-eʼtiborini ayamadi. U bolalar uyida «Shodlik» bolalar ansamblini tashkil etdi. Vera Pak boshchiligida ushbu dargoh «Eng yaxshi Mehribonlik uyi», «Eng yaxshi Mehribonlik uyi tarbiyachisi» koʻrik tanlovlarining respublika bosqichi gʻolibi boʻlishga erishgan. «Eng mehmondoʻst Mehribonlik uyi», «Eng yaxshi taʼlim-tarbiya dasturini ishlab chiqqan Mehribonlik uyi» kabi yoʻnalishlarda ham sovrinlar olishga muyassar boʻlgan. Uning bitiruvchilar bilan olib borayotgan ishlari, oʻquvchilarning oliy oʻquv muassasalariga oʻqishga kirishi, yangi joyga moslashishi, kasb tanlashi, umuman, ularning ijtimoiy integratsiyasi masalalari xalqaro forumlarda ham ommalashtirilgan.
Vera Pak Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi aʼzosi. U Xalq deputatlarining shahar Kengashi deputati, 2004 va 2009-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati aʼzosi sifatida saylandi.
Vera Pak namunali mehnati, davlat va jamiyat oldidagi xizmatlari uchun 1992-yilda «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi» unvoni, 2001-yilda «Oʻzbekiston Qahramoni», 2006-yil «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlandi.
Mohir pedagog Vera Pak 2017-yil vafot etdi.
Oʻzbekiston Qahramoni Siyosatxon Abdullayeva
Siyosatxon Abdullayeva 1940-yil 5-noyabrda Andijon viloyati, Oltinkoʻl tumanida dunyoga kelgan. Oliy maʼlumotli. Andijon Paxtachilik institutini tugatgan. Oʻz mehnat faoliyatini 1959-yilda Oltinkoʻl tumanidagi «Namuna» xoʻjalik tashkilotida ishchi sifatida boshlagan. 1972–1978-yillar «Namuna» xoʻjaligi qoshidagi bolalar bogʻchasida tarbiyachi, keyin shu xoʻjalikda fermer, 1978–2006-yillar Oltinkoʻl tumanidagi «Namuna» kompaniyasida fermer pudratchisi, 2006–2018-yillar «Oltinkoʻl vodiy gulshani» gulchilik fermasi boshqaruvchisi sifatida faoliyat yuritgan.
Siyosatxon Abdullayeva fermerchilik sohasida koʻp yillik tajribaga ega boʻlgani sababli paxtachilikka qishloq xoʻjaligining yangi texnologiyalarini tadbiq qilishda ekspert sifatida ham ishladi. U paxtachilikning oʻziga xos «Andijon maktabi»ni yaratishda faol ishtirok etgan dastlabki paxtakorlardan biridir. Tajribali agronom yillar mobaynida paxta, bugʻdoy va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini muddatidan oldin, belgilangan rejadan ortiq qilib topshirganligi uchun ham namunali fermer sifatida eʼtibor qozondi. Bundan tashqari Siyosatxon Abdullayeva jamoat ishlarida faol boʻlgan. U qishloq va mahallalarni obod etishda, yoshlarni vatanparvarlik, xalqparvarlik ruhida kamol toptirishda jonkuyarlik koʻrsatdi.
Qishloq xoʻjaligi sohasida erishgan yutuqlari, tinimsiz mehnatlari uchun Siyosatxon Abdullayeva 2005-yil «Doʻstlik» ordeni 2008-yil «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlandi.
Mohir va tajribali fermer Siyosatxon Abdullayeva 2018-yilda vafot etdi.
Oʻzbekiston Qahramoni PATILA Ergasheva
Patila Ergasheva 1952-yil 7-noyabrda Fargʻona viloyatining Buvayda tumanida tavallud topgan. U dastlabki faoliyatini Buvayda tumanidagi «Doʻstlik» jamoa xoʻjaligi brigadiri sifatida boshladi. Mustaqillik yillarida birinchilardan boʻlib fermer xoʻjaligini tashkil qildi. Hozirgacha «Patilaxon» fermer xoʻjalikning rahbari sifatida faoliyat olib bormoqda.
Patilaxon Ergasheva 69 gektar yerdan iborat maydonda paxta, bugʻdoy va poliz mahsulotlarini yetishtirishni yoʻlga qoʻydi hamda ushbu fermerlik xoʻjaligida 40 ga yaqin kishini ish bilan taʼminladi. Shuni alohida taʼkidlash kerak. Namangan viloyatidagi 5 ta urugʻchilik xoʻjaligidan biriga Patilaxon Ergasheva rahbarlik qiladi hamda butun viloyatga bugʻdoy, paxta, poliz ekinlari urugʻlarini yetkazib beradi. U Fargʻona viloyati Urugʻchilik birlashmasi bilan hamkorlikda 1995-yil birinchilardan boʻlib oʻz urugʻchilik xoʻjaligini tashkil etgan. Natijada, hozirgi kunga kelib viloyatda ekilayotgan «Namangan-77» paxta urugʻi navi aynan mana shu xoʻjalik tomonidan yetkazib beriladi.
Patilaxon Ergasheva qishloq xoʻjaligi sohasida koʻrsatgan jonbozliklari uchun 1995-yil «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi» unvoni, 2002-yilda «Mehnat shuhrati» ordeni, 2010-yilda «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlandi.
Oʻzbekiston Qahramon Muyassar Temirova
Muyassar Temirova 1941-yil 2-fevralda Buxoro viloyatining Buxoro tumanida dunyoga kelgan. 1959-yilda oʻrta maktabni tugatib, Buxoro Zardoʻzlik fabrikasida (hozirgi «Zardoʻz» AJ) ishlashni boshladi. U oʻz mehnat faoliyatining dastlabki paytlarida zargarlik sanʼatini rivojlantirishga, kasb sirlarini puxta egallashga intildi. Bir necha yildan soʻng u usta maqomiga erishdi, soʻngra sex boshligʻi, undan keyin esa boʻlim boshligʻi lavozimiga koʻtarildi. Zardoʻzlik – matoga, bosh kiyimga, eshik pardalarga oltin yoki kumush iplar bilan naqsh tushirish boʻlib, katta mehnat va sabr talab qiladi. Muyassar Temirovaning tikkan zardoʻzlik kiyimlari uning mahoratidan soʻzlab turadi. Masalan, bir mahsulotida Ismoil Somoniy maqbarasi, yana boshqasida esa Minorai Kalon tasviri tushirilgan.
Muyassar Temirovaning amaliy hunarmandchilikka mansub koʻplab ijod mahsuli nafaqat bizning davlatimizda, balki chet ellarda ham mashhur. U koʻpgina chet el davlatlar koʻrgazmalarida qatnashgan. Jumladan, 1972-yil Hindiston va Polshada, 1974-yil Berlinda, 1989-yilda Turkiyaning Izmir shahrida, Vetnam, Parij, Leypsig, Brun va Lissabondagi koʻrgazmalarda oʻz hunarmandchilik ishlari bilan ishtirok etdi. Usta hunarmandning ishlari Oʻzbekiston muzeylarida sanʼat asari sifatida saqlanmoqda.
Muyassar Temirovaning respublika va xorijda mashhur boʻlgan koʻplab ijod namunalari hukumatimiz tomonidan yuqori baholandi. Hamda 1978-yilda «Oʻzbekiston xalq rassomi» unvoni, 1995-yilda esa «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlandi.
Oʻzbekiston Qahramoni ANOR Mahmudova
Anor Mahmudova 1942-yil 2-mayda Xorazm viloyati Gurlan tumanida tavallud topgan. Oliy maʼlumotli. 1964-yil Xorazm davlat pedagogika institutining Fizika-matematika fakultetini bitirgan. Oʻsha yili Gurlan tumanidagi 1-sonli maktabda oʻqituvchilik qila boshladi. 1972–1984-yillar Gurlan texnika bilim yurti direktori, 1984–1986-yillar Gurlan shahar taʼlim boʻlimi mudiri, 1986-yildan buyon tumandagi 1-sonli maktab direktori lavozimlarida ishlab kelmoqda.
Koʻp yillar shu maktabda ishlab, taʼlim jarayoniga katta hissa qoʻshdi, oʻquvchilarga bilim ulashdi, oʻz tajribasini yosh oʻqituvchilar bilan boʻlishdi. Shu tufayli 1-sonli maktabning 2 nafar oʻquvchisi respublika fan olimpiadasi, 4 nafar oʻquvchi «Bilimlar bellashuvi» respublika tanlovi, 4 nafar oʻquvchi «Kompyuter savodxonligi» respublika tanlovi gʻoliblari, 3 nafar oʻquvchi karate boʻyicha jahon chempioni boʻlgan. Maktab direktori Anor Mahmudovaning «Sonlar sayyorasiga sayohat» qoʻllanmasi, «Oddiy kasrlarni oʻrganamiz» elektron darsligi, «Oʻquvchilarning dilsoʻzlari» risolasi, «Milliy istiqlol gʻoyasi va mafkurani ongimizga singdirib, qalbimizga payvand qilamiz» kabi kitoblari nashr etilgan.
Oʻz kasbining fidoyisi, ustoz va murabbiy Anor Mahmudova yosh avlodni tarbiyalashdek masuliyatli vazifada koʻrsatgan jonbozliklari sababli 1978-yil «Xalq taʼlimi aʼlochisi» nishoni, 1992-yil Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi, 1999-yil «Mehnat shuhrati» ordeni, 2004-yil «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, 2006–2017-yillar davomida har yili Mustaqillik bayrami arafasida beriladigan nishonlarga sazovor boʻlib kelmoqda.
Oʻzbekiston Qahramoni AYSHAXON Qoʻchqorova
Ayshaxon Qoʻchqorova 1941-yil 26-iyulda Namangan shahrida dunyoga kelgan. Oliy maʼlumotli. 1958–1964-yillarda Andijon davlat tibbiyot institutida bilim olgan. Ilk faoliyatini 1964-yilda Namangan shahridagi 2-sonli shifoxonada boshlagan. 1984-yilgacha boʻlgan mazkur shifoxonadagi faoliyati mobaynida u oddiy shifokor, tugʻuruqxona boʻlimi mudiri, 1984–2008-yillarda Namangan viloyati tugʻuruqxonasi boʻlim mudiri, bundan tashqari 1976–1991-yillar Sanitariya aviatsiyasida navbatchi akusher-ginekolog, 1991–2008-yillar Namangan viloyati boʻyicha gemotologik brigadada navbatchi akusher-ginekolog boʻlib ishlagan.
Ayshaxon Qoʻchqorova butun faoliyati mobaynida bemorlarga shifo ulashish, ularning dardiga sherik boʻlishdek masuliyatli vazifani bajardi. Namangan viloyatidagi koʻplab shifokorlar, xususan, akusher-ginekologlar aynan Ayshaxon Qoʻchqorova qoʻlida shifokorlikning nozik sirlarini oʻrganib bordi.
Oʻz mehnat faoliyati davomida shifokor koʻplab ayollarning onalik baxtiga erishishiga sababchi boʻldi, yosh onalarga farzand parvarishidek nozik masalada yoʻl koʻrsatdi, viloyatdagi koʻplab ginekolog-akusherlarga bu kasbning naqadar ahamiyatli ekanligi, mamlakat kelajagi ular mehnatining samarali va puxta olib borilishiga qanchalik aloqador ekanligi toʻgʻrisida koʻplab maʼruza va tushuntirishlar olib bordi.
Oʻz sohasining fidoyisi, tajribali shifokor Ayshaxon Qoʻchqorova koʻp yillik xizmatlari uchun 1996-yil «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlanadi.
Oʻzbekiston Qahramoni Mavluda Sobirovna Ismatova
Mavluda Ismatova 1943-yil 7-mayda Toshkent shahrida tavallud topgan. Oliy maʼlumotli. 1968-yilda Toshkent davlat pedagogika institutining Tarix–filologiya fakultetini tugatgan. Oʻz mehnat faoliyatini 1968-yilda Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 26-sonli maktabning boshlangʻich sinflariga dars berishdan boshladi. Keyinroq shu maktabning direktor oʻrinbosari lavozimiga koʻtarildi. 1983-yildan boshlab koʻp yillar davomida shu maktab direktori lavozimida ishladi.
Mamlakatimizda pedagog kadrlarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilayotganligi sababli bu soha vakillarining mehnati alohida qadr-qiymatga ega. Zero, Mavluda Ismatova singari taʼlim fidoyilari minglab yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega. Mavluda Ismatova rahbarlik qilayotgan maktab 1995-yilda «Yilning eng yaxshi maktabi» eʼtirofiga sazovor boʻldi. Maktab oʻquvchilari koʻp yillar mobaynida respublika hamda Toshkent shahar olimpiadalarida faxrli oʻrinlarni egallab kelmoqda.
Ismatova Mavluda barcha bilimlarini oʻquvchilarga yetkazishga harakat qildi. Toʻplagan tajribalarini yosh mutaxassislarga oʻrgatdi. Uning maʼrifatga yoʻnaltirilgan yarim asrlik faoliyati davlat tomonidan inobatga olindi. Tajribali pedagog 1995-yil «Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi» unvoni, 1999-yilda esa «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlandi.
Oʻz sohasining fidoyisi, Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi Mavluda Ismatova 2018-yilda vafot etdi.
Oʻzbekiston Qahramoni DILBAR Akramova
Dilbar Akramova 1946-yil 9-fevralda Namangan viloyatining Uychi tumanida tavallud topgan. Oliy maʼlumotli. 1967-yil Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutini tamomlagan. U 1962–1963-yillarda Toshkent trikotaj fabrikasida toʻquvchi sifatida ilk faoliyatini boshlagan. 1967–1971-yillar Namangan shahar notoʻqima materiallar fabrikasida laborant, 1986–1990-yillar Namangan badiiy buyumlar fabrikasi «Shoxi soʻzana» hissadorlik jamiyati boshqaruvining raisi lavozimlarida ishladi hamda ushbu fabrikada 2000 ming nafar ayolni ish bilan taʼminladi va ayollar uchun kurslar ochib, kashtachilik sir-sinoatlarini oʻrgatdi. Dilbar Akramova 1996-yildan umrining oxirigacha «Mehr shafqat va salomatlik» jamgʻarmasining Namangan viloyati boʻlimi boshqaruvi raisi sifatida faoliyat yuritdi. Jamgʻarmaga rahbarlik qilganida Pop tumanida 100 gektarga yaqin tashlandiq yerni olib, «Mehr-shafqat» fermer xoʻjaligini tashkil etdi. U yerda baliqchilik, sholichilik, bugʻdoy yetishtirish bilan shugʻullandi. Va koʻrgan daromad kam taʼminlangan hamda nogiron insonlar mavjud oilalarga tarqatildi.
Dilbar Akramova Oʻzbekiston Respublikasi mustaqil boʻlgan ilk davrlardanoq xalqni ichki mahsulot bilan taʼminlash, kiyim-kechaklarni yetkazib berishga jon-jahdi bilan harakat qildi. Ishlab chiqarish ishlarini jadallik bilan olib borib odamlarni ish bilan taʼminlashga harakat qildi.
Uzoq yillar mobaynida xalqiga qilgan halol va beminnat xizmatlari evaziga Dilbar Akramova 2002-yilda «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlandi.
Dilbar Akramova 2016-yilda vafot etdi.
Oʻzbekiston Qahramoni Manzura Abdullayevna Madaliyeva
Manzura Madaliyeva 1947-yil 26-avgustda Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida dunyoga kelgan. Oliy maʼlumotli. Qoʻqon pedagogika institutining matematika fakultetini bitirgan. Manzura Madaliyeva 1970-yilda Qoʻqon shahridagi 10-maktabda matematikadan dars berishni boshlaydi va taʼlimda oʻziga xos maktab yaratadi. U viloyatda birinchi boʻlib “Qiziqarli matematika kechasi”ni oʻtkazdi. Oʻzbekiston televideniyesi uning ssenariysini “Bilmasvoy matematika kechasida” nomi bilan namoyish etdi. Xuddi shu koʻrsatuv buyuk olim Al-Xorazmiy tavalludining 1200 yilligiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy anjuman qantashchilariga ham namoyish etildi. Manzura Madaliyevaning “Koʻp burchaklar tashkiloti va Ahmad” ssenariysi ham Fargʻona oʻquvchilariga qoʻllanma boʻldi. 1991-yil pedagogning koʻp yillik tajribasi haqida hikoya qiluvchi “Sahnada – matematika” kitobchasi 13 ming nusxada chop etildi. Ushbu kitobcha milliy maorif tizimida yangilik boʻlib, 2012 yilda yana qayta chop etildi.
Manzura Madaliyeva Oʻzbekiston taʼlim tizimida zamonaviy usullar, yangicha koʻrgazmali qurollar bilan dars oʻtishni boshlab bergan dastlabki pedagoglardan sanaladi. U oʻtkazgan ochiq darslar, matematika kechalari butun Respublika boʻylab namunali dars sifatida koʻrsatilgan. Oʻqituvchi tayyorlagan koʻplab shogirdlar bugungi kunda jamiyatda oʻzining mustahkam oʻrnini topib kelmoqda.
Manzura Madaliyeva 1997-yilda faol pedagog sifatida “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi.
Oʻzbekiston Qahramoni Xalchaxon Melivoyevna Mirzayeva
Xalchaxon Mirzayeva 1947-yil 3-oktabrda Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida tavallud topgan. Maʼlumoti oʻrta. 1965–1982-yillar Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon jamoa xoʻjaligi ishchisi, 1982–2001-yillarda “Navroʻz” shirkat xoʻjaligi bosh pudratchisi, 2001-yildan buyon Toʻraqoʻrgʻondagi “Xadicha aya” fermer xoʻjaligi rahbari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Xalchaxon Mirzayeva 2000- yil 48 gektar yer olib, “Xadicha aya” fermer xoʻjaligini tashkil etdi. Fermer tez orada yer maydonini kengaytirib, 95 gektor yerga paxta, gʻalla va boshqa ekinlarni yetishtirishga oʻzi boshchilik qila boshladi. Har gektor yerdan 10 sentnerdan paxta, 42 sentnerdan gʻalla hosilini yetishtirib berdi. Namanganda birinchilardan boʻlib limonariya tashkil qildi. Bugunga kelib har yili ushbu limonariyadan 3–4 tonna hosil olib kelmoqda. 10 quti asalarini parvarishlab, fermer xoʻjaligi xodimlari oilasini shifobaxsh asal bilan taʼminlab kelmoqda. Xalchaxon Mirzayeva qishloq xoʻjaligi sohalarida ochgan yangi ish oʻrinlari bilan 50 kishini taʼminladi. Mamlakatimizning qishloq xoʻjaligi sohasini yuksaltirishga qoʻshgan hissasi uchun Xalchaxon Mirzayeva 1992-yildayoq “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan paxtakor” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Uning tinimsiz mehnatlari 2002-yil “Mehnat shuhrati” ordeni, 2007-yil Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlandi. Xalchaxon Mirzayeva fermerlik bilan birga turli xil jamoat tadbirlarida ham faol ishtirok etadi. U 2015-yildan buyon Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqda.
Oʻzbekiston Qahramoni Muhabbat Arapovna Sharopova
Muhabbat Sharopova 1949-yil 24-yanvarda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida dunyoga kelgan. Oliy maʼlumotli. 1971-yil SamDUning mexanika-matematika fakultetini bitirgan. Ilk mehnat faoliyatini shu yili Qarshi shahridagi 5-maktabda matematikadan dars berishdan boshladi. 1998–2000-yillar QDU qoshidagi litsey -internatda oʻqituvchi, 2000–2017-yillar Qarshidagi ixtisoslashgan umumtaʼlim maktab- internatda oʻqituvchi sifatida ishladi. Muhabbat Sharopova viloyatda birinchi boʻlib bolalar uchun matematikadan qoʻllanmalar yozdi. “1995-1996 oʻquv yilida davlat test markazi eʼlon qilgan matematika boʻyicha test savollarining yechimlari”, “5-sinf uchun matematika darsiga ilova”, ”7-sinfda geometriya fanidan oʻtkaziladigan noanʼanaviy dars”, “Matematika chuqur oʻrgatiladigan sinflarda 9 va 11-sinf bitiruvchilari uchun matematikadan qoʻshimcha topshiriq materiallari”, “Matematika chuqur oʻrgatiladigan sinflarda “koʻphadlar” va ”funksiyalar” mavzularini oʻtishga oid uslubiy qoʻllanma”, “Trigonometriya tarixi haqida qisqacha maʼlumot”, “Fanda planimetriya boʻlimini takrorlash boʻyicha noanʼanaviy dars oʻtish” kabi qoʻllanmalar muallifi. Uning oʻquvchilari 22 marta respublika olimpiadasida, 9 marta xalqaro tanlovlarda gʻolib boʻlishdi.
Muhabbat Sharopova koʻp yillik samarali mehnatlari uchun 1992 yil Respublika faxriy yorligʻi, 1996-yil “ Mehnat shuhrati” ordeni, 2000 yil «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi» hamda 2016-yil «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston Qahramoni Onesiya Saitovna Saitova
Onesiya Saitova 1949-yil 1-fevralda Qoraqalpogʻiston Respubikasining Chimboy tumanida tavallud topgan. 1972-yil Andijon davlat tibbiyot institutini tugatgan. Oliy toifali shifokor. Ilk faoliyatini Respublika tugʻuruqxonasida boshlagan. 1973–1977-yillar Shoʻmanoy tumani Qirov qishloq akusher-ginekologi, 1977– 1980-yillar Respublika tugʻuruqxonasi boʻlim shifokori, 1985–1989-yillar Qoraqalpogʻiston Sogʻliqni saqlash vazirligining bosh akusher-ginekologi, 1989–1993-yillar Qoraqalpogʻiston Respublikasi 1-sonli tugʻuruqxona bosh shifokori, 1993–1999-yillar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Onalik va bolalikni muhofaza qilish markazi tugʻuruqxonasi boʻlim mudiri, 1999–2000-yillar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi akusherlik va ginekologiya ilmiy-tadqiqot instituti Nukus filiali 1-son tugʻuruqxona boʻlimi mudiri, 2008-yildan buyon mazkur tadqiqot markazi 4-son tugʻuruqxona mudiri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Onesiya Saitova koʼp yillar mobaynida ayollarning onalik baxtiga muyassar boʼlishiga sabba boʼlib kelmoqda. Bu jarayonda ona va bolaq hayoti xavfsizligi uchun masul shifokor 3000 dan ortiq jarrohlik operatsiyalarini muvaffaqiyatli oʻtkazgan.
Onesiya Saitova sogʻliqni saqlash tizimida oʻzining koʻp yillik mehnatlari tufayli 1997-yilda «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston Qahramoni Martiya Axmedovna Axmedova
Martiya Ahmedova 1955-yil 8-martda Buxoro viloyatining Buxoro tumanida tugʻilgan. Oliy maʼlumotli. 1975-yil Fargʻona yengil sanoati texnikumini sirtdan tugatgan. Oʻz mehnat faoliyatini 1973-yilda Buxoro toʻqimachilik fabrikasi (hozirgi “BuxoroTEXNOTEKS”) da oddiy ip yigiruvchi sifatida boshladi. Martiya Axmedova yillar mobaynida bu sohada tinimsiz mehnat qildi. Oʻz kasbini sevgani uchun mohir ip yigiruvchi boʻlib yetishdi. Uning qoʻlidan chiqqan iplar sifatliligi va mustahkamligi bilan ajralib turardi. Mehnatkash xodimning yana bir xususiyati shundan iborat ediki, u bir vaqtning oʻzida bir necha dastgohlarni chaqqonlik bilan boshqara olar edi.
Mustaqillikka erishgan ilk davrlarda tayyor mahsulotni qayta ishlash sohasi oʻta qadrli soha sanalardi. Chunki xomashyoni emas, tayyor mahsulotni sotish davlat byudjeti uchun katta foyda keltirar edi. Bunday sabablar Martiya Axmedova kabi qayta ishlash sohasining faollarini qadrlashni talab qilar edi. Oʻz kasbi sirlarini shogirdlari, hamkasblariga oʻrgatib kelgan Martiya Raxmatova mehnati hukumatimiz tomonidan yuqori baholandi. U 1996-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 1999-yilda esa “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi.
Oʻzbekiston Qahramoni Lola Murotova
Hayoti, umrining mazmunini dehqonchilik rivoji-ravnaqida koʻradigan LolaxonMurotova istiqlol yillarida fermerlikdan chinakam baxt topdi. U traktorchi, oddiy ishchi, mexanik, tabelchi, brigadir, boʻlim boshligʻi, xoʻjalik raisi boʻldi. Markaziy Fargʻonaning choʻl-dasht yerlarida paxta, boshoqli don yetishtirishda katta muvaffaqiyatlarga erishib, fermerlik sohasida oʻziga xos tajriba va mahorat maktabi yaratdi. Hukumatning qoʻsha-qoʻsha ordenlariga, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjalik xodimi” degan faxriy unvonga sazovor boʻldi.
Raʼno Zaripova tayyorladi.