Toshkent shahar «Sogʻlom ona va bola» ayollar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash markazining ”Oila madaniyati- yurt tinchligi” mavzuidagi “Salohiyat” koʻchma klubining navbatdagi tadbiri ushbu mahallada 2018 yil 15 may kuni oʻtkazildi.
Tadbirni «Diyorobod» mahalla fuqarolar yigʻini raisi Sayyora Abdujabborova ochib, 15 may – Xalqaro oila kuni ekanligi, ushbu sana butun jahonda keng nishonlanishi haqida qisqa gapirib, «Sogʻlom ona va bola» markazi rahbari, Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripovaga soʻz berdi.
Maʼruzachi oʻz soʻzida oila, onalik va bolalikka oid Oʻzbekiston Qonunlari va qonun osti hujjatlarini qisqacha sharhlab, asosan, yigʻilish ishtirokchilari bilan ushbu mavzuda jonli suhbat oʻtkazdi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi, “Istemolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunidan savollar berib, savodli javob qaytarganlarni kitob va jurnallar bilan ragʻbatlantirdi. Muloqot orqali uy bekalarini, buvijonlarni oʻz ustida ishlashga, oʻqish va fikrlashdan toʻxtamaslikka chorladi. Tadbirda Muhabbat Isoqova, Raʼno Yoqubova, Nargiza Orozaliyeva, Pokizaxon Mirsovurova, Nurxon Tursunboyeva kabi mahalla fuqarolari faol qatnashdilar. Ayniqsa, Fotimaxon Hikmatova topqirligini, bilimdon buvijon ekanligini namoyon qilishdi.
Tadbirning ikkinchi yoʻnalishi anʼanaga koʻra, oilalarning mutolaa madaniyatini yuksaltirishga bagʻishlandi. Toshkent shahar «Bilim» axborot kutubxona markazi direktori Hofizaxon Karimova bilim maskanidagi mavjud boʻlimlar, kitobxonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, xizmat turlari bilan tanishtirib, kitob oʻqishning ahamiyati haqida alohida toʻxtalib oʻtdi. Kutubxona faoliyati aks etgan koʻrgazmali materiallarni yigʻilish qatnashchilariga tarqatdi. Shuningdek, “Yoshlar ijodi” turkumida chop etilgan kitoblarni mahalla kutubxonasiga sovgʻa qildi.
Tadbir yakunida Raʼno Zaripova oʻzining shaxsiy kutubxonasidan kitoblar mahalla kutubxonasiga sovgʻa qildi. Oila davrasida kundalik nashrlarni oʻqib borishning ahamiyati beqiyos ekanligini gapirib, bolalarni mutola madaniyatiga oʻrgatish maqsadida “Sogʻlom avlod” va “Tong yulduzi” gazetalarini yigʻilish qatnashchilariga armugʻon qildi.
Uchrashuv qizgʻin va savollarga boy tarzda oʻtdi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi loyihasi asosida uyushtirildi.
Javlon Saʼdullayev