Bugun mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea referendumda qatnaish uchun yoʻlga tushar ekanman, toʻqqiz yoshli nevaram ergashdi. “Referendum oʻzi nima men ham koʻrgim kelyapti”, buvijon deya iltimos qildi u.
Siyosiy jarayonlarni koʻrib ulgʻaygani maʼqul-ku deb koʻnglimdan oʻtdi. Borguncha siyosiy jarayonning mazmun-mohiyatini bolalarbop qilib tushintirib bordim: Bugun mamlakatimizda muhim siyosiy kunligi, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha umumxalq referendumi oʻtkazilayotganligini sodda qilib tushuntirdim.
Respublikamizning barcha hududlarida boʻlganidek, poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi Yunus Rajabiy mahalla fuqarolar yigʻini guzarida joylashgan 573- referendum uchastkasida ham siyosiy jarayonlar koʻtarinki ruhda boshlandi. Oʻzining va mamlakatimizning taqdiriga befarq boʻlmagan fuqarolar yaʼni katta-yu yoshlar konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, referendumda faollik koʻrsatmoqda. Ovoz berish jarayoni koʻtarinki ruhda, zoʻr kayfiyatda oʻtmoqda.
Referendum uchastkalariga ovoz berishga kelgan yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashar ekanmiz, ularning mazkur siyosiy jarayonga befarq emasliklarini, kelajak uchun birdek masʼul ekanliklarini his qilayotganligi barchamizni mamnun etdi. Zero, yangi Oʻzbekistondagi barcha islohotlar bir maqsadga – har bir insonning ushbu yurtda erkin yashashi va Vatan kelajagi boʻlgan bolalarning barkamollikka erishishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan. Konstitutsiyamizni yangilash ehtiyoji ham aynan amalga oshirilgan barcha sohadagi ulugʻvor oʻzgarishlardan kelib chiqdi.
Erishilgan natijalarni, kafolatlanayotgan huquq va erkinliklarni bardavomligini taʼminlash uchun, islohotlarga boʻlgan yondashuvning barqarorligi uchun ham ularni mamlakatimizning bosh qonuni – qomusimizda mustahkamlash muhim edi. Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasida belgilangan ulugʻvor vazifalarni bajarish uchun yangi Konstitutsiya mustahkam huquqiy poydevor boʻlib xizmat qiladi. Taraqqiyotning yangi bosqichiga koʻtarilgan davlatimiz va jamiyatimiz uchun yangilangan konstitutsiya davr talabi edi.
Yakkasaroy tumanidagi Yunus Rajabiy mahalla fuqarolar yigʻini guzarida joylashgan 573- referendum uchastkasiga qarashli hududda yetti mingga yaqin aholi va 2500dan ortiq oila istiqomat qiladi. Referendum ishtirokchilari uchun siyosiy jarayonlarning demokratik talablar asosida ochiq-oshkora va shaffof oʻtishini taʼminlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi, beshta partiya kuzatuvchilari ishtirok etdi. Siyosiy jarayonga, ulugʻvor islohotlarga mahalla ahli befarq emasligi, mahalladoshlarimizning faolligi ham yaqqol kuzatildi.
Koʻplab yoshlar qatori Sharshara koʻchasida yashovchi 80 yoshdan oʻtgan Ozoda aya Islombekova, Oyposhsha opa Ubaydullayeva, Bozorboy ota Eshonov kabi nuroniylarimiz ham ona Vatan taqdiriga befarq emasligini, bugungi saʼy-harakatlari kelajak avlodlari uchun ekanligini bildirishdi va referendumda qatnashib, ovoz berishdi.
Mahalla fuqarolar yigʻini aʼzolari ham nuroniylarni va barcha ovoz berishga chiqqan fuqarolarni eʼzozlab, dasturxon yozib qoʻydi, bir piyola choy uzatib izzat-hurmatini joyiga qoʻyib, Vatan taqdiriga befarq emasliklari uchun oʻz minnatdorchiligini bildirishdi.
Yana bir yaxshi anʼana koʻplab yosh onalar farzandlari bilan birga chiqib, bugungi muhim siyosiy kunning maqsad-u ahamiyatini tushuntirishdi. Siyosiy jarayonlarni koʻrib, ulgʻaygan farzand albatta, kelajakda shunga munosib boʻlishga intiladi. Katta – kichik bayramdek kutib olgan siyosiy kun, referendum yaʼni xalq tanlovi, xalqchil Konstitutsiya uchun asos ekanligini anglatdi.
Men ham referendumning nimaligiga qiziqayoigan kichkintoy nevaram Yusufbek bilan bilan birga chiqib, yurtimiz ravnaqi uchun oʻz ovozimni berganimdan xursand boʻldim. “Referendumda dasturxon ham yoziladimi, buvijon” – yana soʻraydi nevaram. “Ha, sendek kichkintoylar uchun va mahalladoshlar bir-biri bilan bir piyola choy ustida diydorlashib suhbatlashishi uchun yoziladi, bolaman. Mehmondoʻst xalqimiz bayramlarni, hayitlarni qoʻni-qoʻshniga rizq-roʻz ulashmasdan kutmaydi, bolaginam” – deyman unga.
Vatanimizning porloq kelajagi, yurt tinchligi, musaffo osmoni, oilalar farovonligi barqaror boʻlishi va har birimizning kasbi-korlarimizga qut-baraka tilab duolar qilib, qaytdik.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist
Nevaram Yusufbek olgan suvratlar.