Rustambek HAKIMJANOV: Kitobning sehrli olami sizni beeʼtibor qoldirmaydi

1
350
marta koʻrilgan.

Men, HAKIMJANOV Rustambek poytaxtdagi  283-MAKTABning  5-A sinfida taʼlim — tarbiya olaman. Menga yozuvchi Gʻafur Gʻulom qalamiga mansub «Shum bola» qissasi juda yoqdi.

Ushbu kitobga ishlangan kinodan farqli oʻlaroq asar juda qiziqarli. Kinoda aks etmagan koʻplab, lavhalarni  uchratasiz. Asar qahramoniga yozuvchi nega nom bermadi? Aslida asar qanday yakun topadi? «Shum bola» nega uydan qochadi? shu kabi savollarga aynan shu nomli kitobdan toʻliq maʼlumot olasiz. Tengdoshlarim,  bu kitobni bir oʻqib chiqing! Kitobning sehrli olami sizni ham beeʼtibor qoldirmaydi.

Tahririyatdan: Rustambek aytganidek, kino olami qanchalik qiziqarli boʻlmasin, undagi davr tasvirlariga kitobdagidek chuqur kirib bora olmaysiz. Darhaqiqat, yosh kitobxon taʼkidlaganidek, qissaning sehrli olami sizni ham qamrab oladi. Asliyatni oʻqishning zavqi oʻzgacha!

Gʻafur Gʻulom. Shum bola (qissa, I boʻlimdan lavha): 

Rastalar obod. Qaymoq bozorining burilishida mahkamaning boshida Ilhom samovarchining kattakoy choyxonasi boʻlib, unda grammofon chalinadi. Turli-tuman plastinkalar orqali Toʻychi hofiz, Hamroqul qori, Hoji Abdulaziz va Fargʻona yallachi xotinlari ketma-ket maqomlar, yallalar, ashulalar aytadi. Choyxonada joy yetishmaydi. Uzun rasta, juhud rasta, attorlik va boshqa rastalarning boyvachchalari savdodan boʻsh vaqtlarida bu choyxonaga yigʻilib mehmonxonalardek -oʻrtada katta barkashlardan qand-qurs, pista bodom, murabbo-nisholda, obinon, shirmoy nonlar bilan shamaloq bezatilgan dasturxon atrofida chaqchaqlashib oʻtirishadi. Baʼzi boyvachchalarning dasturxonida qorniga qaldirgʻoch surati solingan, ustiga poxoldan toʻr toʻqilgan konyaklar ham koʻrinar edi.

Bu choyxonaga bozor-oʻcharga sangʻib tushib qolgan dehqon, kambagʻal kosib, qozoq, qirgʻiz va boshqa oddiy fuqaro kirolmas edi.
Samovarchi Asra kal degan xipchadan kelgan, qotma, epchil yigit edi. Ustida oldi ochiq yaktak, oyogʻida qala kavush, zangori shohi qiyiq bogʻlagan, yelkasiga xolparang roʻmol tashlagan xushfeʼl yigit edi. Choyxoʻr boyvachchalardan birortasi:
— Asra!
Yoki:
— Kal! — deyishi bilan:
— Labbay, mulla aka, choymi, chilimmi?— deyardi-da, darrov bir qoʻlida kichkina choynak, ikkita kichkina xitoy piyola yo boʻlmasa yarqirab turgan kattakon mis chilimning sarxonasiga tamaki bosib, ustiga choʻgʻ qoʻyib, bir-ikki quldiratib tortib, pishitib, kashandaning xizmatiga yugurar edi.
Bu choyxonada meni mahliyo qilgan narsalarning biri kiraverishning shiftiga ilib qoʻyilgan katta, simlariga zarhal berilgan har xil tumorlar, bayroqchalar bilan bezatilgan qafas va bu qafasdagi jonli toʻti edi, oʻlib ketay agar, tirik toʻti edi. Patlarining rang-barangligi Oysha chevarning ish qutisidagi ipaklarday tovlanar edi. Koʻk, qizil, zangori, sariq, oq, pushti, jigarrang, goʻlos, pistoqi —boring-chi, dunyoda qancha rang boʻlsa, shu toʻtining patida bor edi. Ayniqsa, bu toʻti qurmagur shunaqa ham biyron ediki, endigina tilga kirayotgan uch yasharlik qizlarning ovoziga oʻxshatib:
«Asra, Asra! Mehmonga qara, bir choy, bir chilim. Keling, mulla akalar, keling, boyvachchalar», degani hali ham qulogʻimdan ketmaydi.
Biz yalang oyoq, boʻz koʻylak-ishtonli, kir-chir bolalar toʻtiga yaqinlashib:
— Toʻti, toʻti…
— Toʻti-toʻti…— deb qichqirar edik. Asra kal bizni quvlar edi, qoʻliga tushsak urardi. Toʻti boʻlsa orqamizdan:
— Buvingni…— deb soʻkardi.
Bozorda sanqib yurgan biz daydi bolalar uchun quvonchli ermaklardan biri bozor, mahalla, koʻcha-koʻy jinnilari edi. Oʻsha yillarda Toshkentda, shunaqa ham jinni koʻp ediki, sanab sanogʻiga yetolmaysiz: Malla jinni, Karim jinni, Mayramxon, Xol parang jip-jinni, Tojixon, Juft kaptar, Olim jinni, Eshon oyi, Ovoz jinni va boshqalar… Har bir jinnining oʻziga xosligi, tantiqligi, «shirin»ligi bor edi. Karim jinni soʻkkani-soʻkkan edi.

Yoyish

1 mulohaza

  1. Aziz tahririyat aʼzolari, bolalarning kelajagiga boʻlgan eʼtiboringiz uchun sizlarga raxmat. Rustamjon Hakimjonovga esa barakalla deymiz.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.