Toshkent shahar «Sogʻlom ona va bola» markazi va gujum.uz sayti tahririyatining Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi bilan hamkorlikdagi ”Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini qoʻllab quvvatlovchi “Ezgu oʻyli bolalar” tanlovi ishtirokchisi Uchtepa tumanidagi dizaynlikka ixtisoslashgan umumtaʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi Qutpiddinova Munisaxonning oʻzi oʻqigan kitobi haqidagi fikrlari bilan tanishing.
Qutpiddinova Munisaxon: Men Uchtepa Axborot kutubxona markazidan olganim Amerikada yashovchi afgʻon millatiga mansub adib Xolid Husayniyning «Togʻlar ham sado beradi» asarini oʻqib chiqdim.
Adib oʻz asari orqali urush hayotini barbod qilib yuborgan insonlarning ayanchli taqdirini aks ettiradi. Asarda yaxlit bir qahramon yoʻq. Pari, Abdulla, Parvona, Nabi, Markos, Adel, Idris, Vahdatilarning taqdiri, kechinmalari, barbod boʻlgan orzu-umidlari misolida ular yashayotgan jamiyat, ularni oʻrab turgan ijtimoiy muhit haqida oʻquvchilar qalbida maʼlum tasavvurlar uygʻotadi. Urushga nisbatan nafratni kuchaytiradi.
Ushbu kitobda onasidan yolgʻiz yodgori – singlisini oʻz bagʻrida ulgʻaytirgan, ammo keyinchalik ayriliq tufayli bolalik xotiralarini butunlay unutgan qiz taqdiri, oʻz vijdoni oldida poklanishni istagan, birgina maktub orqali qalbidagi haqiqatlarni oshkor qilgan Nabi hayoti, qizining kelajak hayotini butunlay dugonasi izmiga tashlab, «oshigʻi» ortidan ketgan ayol qismati haqida oʻqishimiz mumkin.
Urush dahshatlari va asoratlarini ifodalovchi ushbu asarni oʻqib chiqishingizni tavsiya etaman. Menga maʼqul keldi. Darhaqiqat kitobni oʻqiganimda muallifdek urush dahshatlariga «Togʻlar ham sado beradi» degim keldi.