Tong nafasi –  quyosh chiqayotganda taraladigan shifobaxsh nurlar, salqin saharlardagi orambaxsh shabada va TVning dilxush ohanglari

0
221
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston teleradiokompaniyasining “Madaniyat va maʼrifat” kanalida 22 iyul kuni efirga ketgan “Tong nafasi” koʻrsatuvida qatnashayotib, beixtiyor oʻzim  Oʻzbekiston televideniyasida ishlagan paytlarim xayolimdan kechdi.

Suxondonlarning muloyim ovozlarini efirga taratgan birinchi qavatdagi  studiyalar oʻsha oʻsha! Koʻrsatuv jarayonlarini boshqarib turgan ikkinchi qavatdagi rejissyor va muharrirlarning hayajonli holatlari va cheksiz  pultlarni mohirlik bilan ishlatayotgan ijodiy va texnik xodimlar… Bari-bari oʻsha!

Ushbu jarayon,  “Tong nafasi” koʻrsatuvi menga  80 yillarda tashkil etilgan “Assalom, Oʻzbekiston” tonggi koʻrsatuvini eslatdi. U paytlarda faqat OʻzTVda toʻrttagina kanal faoliyat yuritardi. Tonggi koʻrsatuv esa faqat birinchi yaʼni “Oʻzbekiston” kanalida ketardi.  Biroq, barcha tahririyatlar  tonggi koʻrsatuvni navbati bilan tayyorlashardi.

“Assalom, Oʻzbekiston” koʻrsatuvining ikkinchi sonini  tayyorlash bizning tahririyatimizga – Toshkent shahar va Toshkent viloyati koʻrsatuvlari bosh tahririyatiga toshirilgan edi. Jumladan, oʻsha koʻrsatuvga muharrirlik menga yuklangandi.

Zavq-shavq bilan tayyorlaganmiz. Axir tong bilan xalqimizga ezgu tilaklar bildirib, goʻzal kayfiyat ulashish baxti –zavqi biz uchun ham quvonchli edi. Shularni, ikki davrni eslar ekanman, ajib bir his uygʻondi menda. 

Bugungi kunga  qarang! OʻzTVda  kanallar toʻrttagina emas, tong ila ezgu kayfiyat ulashuvchi koʻrsatuvlar ham bittagina emas. Katta studiyalarimiz ham talash emas.  Bu esa davrning ulugʻvorligini, taraqqiyotlar buyukligini, islohotlar mantiqiyligini ifodalaydi.

Xalqimiz asrlar davomida juda katta hayotiy tajriba toʻplagan, jumladan,  Oʻzbekiston televideniyasi xodimlarim ham. Hayotning goʻzalligi shundaki, shu tajribalar meros sifatida turli vositalar bilan kelajak avlodlarga oʻtib kelayapti. Davomiylikning  mavjudligi esa xalqimizning bebaho maʼnaviy merosi hisoblanadi.

Tong nafasi… Bu soʻz quyosh chiqayotgan pallada taraladigan shifobaxsh nurlarni, salqin saharlardagi orambaxsh shabadani eslatadi. Nomning goʻzalligini qarang! Endilikda esa TVning dilxush ohanglarini ham eslatadi.

Safdoshlarim tayyorlagan ushbu koʻrsatuv mohiyatan keng qamrovli boʻlib, jumladan, Toshkent shahrining Yunus Rajabiy nomidagi mahallasida tashkil etilgan  ochiq osmon ostidagi minikutubxona haqida ham hikoya qilinadi. Umuman koʻrsatuvda koʻtarinki kayfiyat, kelajakka ishonch ufirib turardi. Mahallalarda uygʻongan tashabbuslarni qoʻllab quvvatlash va ularni hayotga keng joriy qilish va muammolarni hal qilishga koʻmaklashish ruhiyati kezardi.

Zero, bugun yangi Oʻzbekistonda yangi islohotlar davri. Mamlakatimiz prezidenti taʼkidlaganidek, mahallabay asosida ishlash pallasi! Mahallabay asosida  ishlash esa xalqqa sharoit yaratish, tashabbuskorlarga, tadbirkorlarga koʻmaklashish, tinimsiz intilish, izlanish mehnat  va zavq- shavq ulashishni  anglatadi. “Tong nafasi” koʻrsatuvida ana shu ruhiyatni his qilish mumkin.

Ushbu koʻrsatuvning kadr ortidagi ijodkorlari, fidoiylari –  muharrirlar Dilfuza Qoʻldosheva va Nilufar Nuriddinova! Koʻrsatuv rejissyori esa Zafar Xoʻjaqulov.  Koʻrsatuvning goʻzal suxondonlari bilan esa  uni tomosha qilish jarayonida tanishib olasiz.

“Maʼnaviyat va maʼrifat” kanalining yetakchilari esa Vohid Luqmon va Dildora  Mirzayeva!

Poytaxtning Yu. Rajabiy nomidagi mahalla minikutubxonasidan tayyorlangan koʻrsatuvni saytning video ruknida tomosha qilasiz. TVning ijodkorlariga hamisha parvozlar tilab qolamiz.

Ushbu satrlarni yozar ekanman, minikutubxonaga birrov moʻraladim…Yangi kitob qoʻyib ketishsa, yosh boladek quvonaman. Bir yil ichida halqimiz kitob almashib oʻqish, bir-biriga ziyo, nur ulashish saʼy –harakatini izga tushganidan xursandman. Deyarli har kuni yangi kitobga koʻzim tushadi. Bugun esa bitta emas, ikkita emas 10-15ta  tandirdan yangi uzilgan nondek bosmaxona ifori ufirib turgan iqtidorli  shoir Safar Ollayorning “Omad koʻzi” kitobini qoʻyishibdi. Ushbu kitobni qiziqish bilan varaqladim. Mazmun-mohiyatiga qarab oʻn bitta turkumga ajratilgan toʻplam  “Sarafroz sardaftar” sarlavhasi bilan ochiladi.  Uning birinchi sahifasida shoirning dil rozi – shukronasi ifodalangan. Goʻzal va maroqli satrlar keyingi sheʼrlarga beixtiyor chorlab boshlab ketadi:

Hayot!

Menga gʻoyat mehribondirsan,

Qay dam kela qolding

                            bunday maslakka.

Hattoki, baʼzida xoʻb urinasan

Onamning oʻrnini bildirmaslikka…

Biz ham ana shunday sahovatpesha shoiru adiblarning kitoblaridagi goʻzal fikrlarni ulashish imkoniyatini bergan Allohga shukronamizni aytamiz. Va bir-birovga ziyo, nur ulashayotgan bizning gʻoyamizni, tashabbusimizni qoʻllab quvvatlayotgan insonlarga oʻz tashakkurimizni bildiramiz. Kitobxonlik bardavom boʻlsin!

Oʻzbek xalqining sevimli yozuvchisi Oʻtkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asaridagi mutolaa madaniyati borasidagi sermazmun fikrlarni eslaylik: – Eʼtibor berganmisiz — yoʻqmi, bilmadimku, sizning sadoqatda tengsiz doʻstingiz bor. Qachon xohlasangiz siz bilan hamsuhbat boʻladi. Shod paytingizda quvonchingizga quvonch qoʻshadi. Gʻamgin pallada dardingizni oladi. Bilmaganingizni oʻrgatadi. Adashsangiz, toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi. Yaqin kishilaringiz burilib ketganida ham u sizni tark etmaydi. Xizmati uchun hech nima taʼma qilmaydi. Yillab unutib, tashlab qoʻysangiz indamaydi. Hatto, uloqtirib yuborsangiz ham arazlamaydi. Tagʻin chorlasangiz, yetib kelib, xizmatingizni qilaveradi…

Bu doʻstning nomi — Kitob!

Darhaqiqat, “kitob– oftob” degan xalqimizning purmaʼno maqoli ham bejiz emas.

Kitoblardan – beminnat doʻstlaringizdan uzoqlashmang, azizlarim.

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.