Tong nafasi –  salqin saharlardagi shifobaxsh nurlar va orambaxsh shabada!

0
637
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston teleradiokompaniyasining “Madaniyat va maʼrifat” kanalida 22 iyul kuni efirga ketgan “Tong nafasi” koʻrsatuvida qatnashayotib, beixtiyor oʻzim  Oʻzbekiston televideniyasida ishlagan paytlarim xayolimdan kechdi.

Suxondonlarning muloyim ovozlarini efirga taratgan birinchi qavatdagi  studiyalar oʻsha oʻsha! Koʻrsatuv jarayonlarini boshqarib turgan ikkinchi qavatdagi rejissyor va muharrirlarning hayajonli holatlari va cheksiz  pultlarni mohirlik bilan ishlatayotgan ijodiy va texnik xodimlar… Bari-bari oʻsha!

Ushbu jarayon,  “Tong nafasi” koʻrsatuvi menga  80 yillarda tashkil etilgan “Assalom, Oʻzbekiston” tonggi koʻrsatuvini eslatdi. U paytlarda faqat OʻzTVda toʻrttagina kanal faoliyat yuritardi. Tonggi koʻrsatuv esa faqat birinchi yaʼni “Oʻzbekiston” kanalida ketardi.  Biroq, barcha tahririyatlar  tonggi koʻrsatuvni navbati bilan tayyorlashardi.

“Assalom, Oʻzbekiston” koʻrsatuvining ikkinchi sonini  tayyorlash bizning tahririyatimizga – Toshkent shahar va Toshkent viloyati koʻrsatuvlari bosh tahririyatiga toshirilgan edi. Jumladan, oʻsha koʻrsatuvga muharrirlik menga yuklangandi.

Zavq-shavq bilan tayyorlaganmiz. Axir tong bilan xalqimizga ezgu tilaklar bildirib, goʻzal kayfiyat ulashish baxti –zavqi biz uchun ham quvonchli edi. Shularni, ikki davrni eslar ekanman, ajib bir his uygʻondi menda. 

Bugungi kunga  qarang! OʻzTVda  kanallar toʻrttagina emas, tong ila ezgu kayfiyat ulashuvchi koʻrsatuvlar ham bittagina emas. Katta studiyalarimiz ham talash emas.  Bu esa davrning ulugʻvorligini, taraqqiyotlar buyukligini, islohotlar mantiqiyligini ifodalaydi.

Xalqimiz asrlar davomida juda katta hayotiy tajriba toʻplagan, jumladan,  Oʻzbekiston televideniyasi xodimlarim ham. Hayotning goʻzalligi shundaki, shu tajribalar meros sifatida turli vositalar bilan kelajak avlodlarga oʻtib kelayapti. Davomiylikning  mavjudligi esa xalqimizning bebaho maʼnaviy merosi hisoblanadi.

Tong nafasi… Bu soʻz quyosh chiqayotgan pallada taraladigan shifobaxsh nurlarni, salqin saharlardagi orambaxsh shabadani eslatadi. Nomning goʻzalligini qarang! Endilikda esa TVning dilxush ohanglarini ham eslatadi.

Safdoshlarim tayyorlagan ushbu koʻrsatuv mohiyatan keng qamrovli boʻlib, jumladan, Toshkent shahrining Yunus Rajabiy nomidagi mahallasida tashkil etilgan  ochiq osmon ostidagi minikutubxona haqida ham hikoya qilinadi. Umuman koʻrsatuvda koʻtarinki kayfiyat, kelajakka ishonch ufirib turardi. Mahallalarda uygʻongan tashabbuslarni qoʻllab quvvatlash va ularni hayotga keng joriy qilish va muammolarni hal qilishga koʻmaklashish ruhiyati kezardi.

Zero, bugun yangi Oʻzbekistonda yangi islohotlar davri. Mamlakatimiz prezidenti taʼkidlaganidek, mahallabay asosida ishlash pallasi! Mahallabay asosida  ishlash esa xalqqa sharoit yaratish, tashabbuskorlarga, tadbirkorlarga koʻmaklashish, tinimsiz intilish, izlanish mehnat  va zavq- shavq ulashishni  anglatadi. “Tong nafasi” koʻrsatuvida ana shu ruhiyatni his qilish mumkin.

Koʻrsatuvning kadr ortidagi ijodkorlari, fidoiylari –  muharrirlar Dilfuza Qoʻldosheva va Nilufar Nuriddinova! Koʻrsatuv rejissyori esa Zafar Xoʻjaqulov. “Maʼnaviyat va maʼrifat” kanalining yetakchilari esa Vohid Luqmon va Dildora  Mirzayeva!

Koʻrsatuvning goʻzal suxondonlari bilan esa  uni tomosha qilish jarayonida tanishib olasiz.  Oʻzbekiston teleradiokompaniyasining ijodkorlariga, jumladan, “Madaniyat va maʼrifat” kanali va  “Tong nafasi” koʻrsatuvining ijodiy va texnik xodimlariga hamisha parvozlar tilab qolamiz.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.