Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusning toʻrtinchisi – aholi, ayniqsa, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish doirasida tadbirlar uyushtirib kelmoqda. ”Qadrdon maktabimga kitob sovgʻa qilaman” tadbiri shular jumlasidan biri boʻlib, gujum. uz internet nashri bilan hamkorlikda Urganch shahridagi 5- son umumtaʼlim maktabida oʻtkazildi.
Ushbu ziyo maskani men uchun ham Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi rahbari Dilbarjon Bekchanova uchun ham nurga intilgan dastlabki qadamlarimizga guvoh boʻlgan qadrdon dargoh..
Men 1-sinfga borgan yili ushbu maktabga ikkita katta va goʻzal qoʻshimcha xonalar qurildi. Chunki, maktabga talabgorlar soni ortgan edi. “Yangi sinfda oʻqish sizlarga nasib qildi. Shunga munosib oʻqinglar va ozoda saqlanglar” deya oʻgit berib kutib olgan edi birinchi oʻqituvchimiz Gavharjon opa Fatxullayeva. Ushbu hayajonli daqiqalarga deyarli oltmish yil boʻldi. Biz 6-sinfga koʻchganimizda ushbu maktabimiz yuqori sinf oʻquvchilari oʻqiydigan maxsus ixtisoslashgan maktabga aylantirildi. Shu munosabat bilan biz sinfdoshlar 1- son umumtaʼlim maktabiga oʻtdik. Oʻtgan yili boshqarma bilan hamkorlikda ushbu maktabda ham uchrashuv oʻtkazgan edik.
Maxsus ixtisoslashgan maktab yaxshi samara bermadimi, besh- olti yildan keyin u yana oddiy maktabga aylantirildi. Ukalarimning koʻpchiligi shu maktabda oʻqib, oliy oʻquv yurtlarini tugatib, el-yurtga munosib xizmat qilishdi. Dilbar Bekchanova esa shu dargohni oltin medalga tugatdi.
Bu maktab oʻz anʼanalari va qadriyatlariga ega ulugʻ dargohlarning biridir. Bugungi uchrashuv ham buni yana bir bora tasdiqladi.
Maktabimizning oʻquvchilari oʻzlari hunar darsida, toʻgaraklarda yasagan amaliy sanʼat namunalarining namoyishi bilan kutib olishdi. Oʻquvchilarning qoʻli bilan yasalgan jihozlarni koʻrib koʻnglim yayradi. Ularda kichkintoylarning nigohi, tasavvur olami, yurt kengliklari mujassamlashgan edi. Ularni bir joyga jamlasa ulugʻvor moʻjiza — muzey vujudga kelishi aniq. Axir bu namoyish kichkintoylarning koʻnglini toʻldirib, maktabni goʻzallik ila bezab, mehmonlarga xush kayfiyat bagʻishlaydi.
Suhbatimiz soʻngida maktab kutubxonasiga men oʻzimning «Onaginam» va «Yurt qoʻshiqlari» nomli kitobim bilan birga 2017 va 2018 yillarda chop etilgan badiiy kitoblarni armugʻon qildim. Dilbarjon Bekchanova ham oʻz kutubxonasidan koʻplab kitoblarni armugʻon qildi.
Tadbir yakunida 8-D sinf oʻquvchisi Hidoyat Roʻzmetov “Yosh nihol” toʻplamiga kirgan sheʼrlarini oʻqib berdi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi homiyligida chop etilgan ushbu kitobga Urganch shahridagi 8 nafar yosh isteʼdod egalarining ijodidan namunalar jamlangan.
Shuningdek, ushbu maktabning 8-D snif oʻquvchilaridan oʻn bir nafarining ijodini jamlagan “Jayxunga entikkan buloqlar” kitobi esa Oʻzbekiston yozuvchialar uyushmasi homiyligida chop etilgan.
Ushbu ziyo maskanida iqtidorli bolalar koʻplab yetishib chiqqan. Ikki nafar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, koʻplab fan olimpiadasi gʻoliblari, sport yoʻnalishi sovrindorlari taʼlim olgan.
Ana shunday maktabni alqamasdan, kuylamasdan boʻladimi. Soʻzimni 9 B sinf oʻquvchisi Dilnoza Berdiyevaning maktabga bagʻishlagan goʻzal tashbehli oʻtli satrlari bilan yakunlayman. Qarang, oʻquvchilar yulduzlarga qiyoslanayapti, ustoz esa oyga tenglashtirilayapti.
Shunday ajib bir makon bordir,
Har tarafi bilimga boydir.
Bunda bordir yuzlab yulduzlar,
Yoʻl koʻrsatuvchi- munis bir oydir.
Bunda oʻquvchilar hamjihatlikda,
Yuksak gʻoyalarni oʻylab topishar,
Maqsadlari buyukdir, birgalikda,
Porloq kelajak tomon shaxdam borishar.
Yosh isteʼdod egasi Dilnoza aytganidek mamlakat kelajagi boʻlgan yoshlarning qadamlari yanada shaxdam boʻlishida tilakdoshmiz.
Raʼno ZARIPOVA,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist
Elyor PALVANOV olgan suratlar.