Xotira – muqaddas, Qadrlay olish oliy insoniy tuygʻu!

0
401
marta koʻrilgan.

Tahririyatdan: Xotira – muqaddas, Qadrlay olish oliy insoniy tuygʻu! “Qalblar dostoni” kitob-yodnomaning bosh qahramoni minglab shogirdlarning ustozi, mohir pedogog, marhuma Gavharxonim Fatxullayevaning tavallud topganiga 95 yil toʻlishi munosabati bilan farzandlari tomonidan tayyorlandi.

Ushbu savob ishga bosh-qosh boʻlgan Xalqaro Axborotlashtirish Akademiyasi akademigi, Axborotlashtirish faxriy professori, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan aloqa xodimi Komiljon Raximov taassufki, kitob nashrga tayyorlanayotgan vaqtda 2019 yilning 16 may kuni 73 yoshida vafot etdi. Oʻzbekistonga munosib xizmat qilgan Komiljon Raximov muborak ramazon kunlaridan birida Urganchdagi ota hovlisidan oxirgi yoʻlga kuzatildi. Ilohim, oʻtganlarning oxirati obod boʻlsin!

zbekiston Respublikasida  xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno ZARIPOVA: Fidoyi utozimiz Gavharjon Fatxullayeva bilan boʻlgan mazkur suhbatning yozilganiga deyarli  yigirma ikki  yil boʻldi. U  “Sogʻlom avlod uchun” jurnalining  1999 yil yanvar sonida chop etilgan edi. Onajoni haqidagi ushbu suhbatni asrab-avaylab  saqlab qoʻygan farzandlardan kitobni qoʻlga olganimda xursand boʻldim. Onasining xotirasini eʼzozlaganlarni, onajoniga daxldor har bir narsani avaylaganlarni Olloh siylasin.

Ushbu kitobdan ustozimizning safdoshlari, shogirdlari hamda farzandlarining dil soʻzlari oʻrin olgan. Asardan  ikki maqolani eʼtiboringizga havola qilamiz. Ustozimizning hayoti ibrati, oʻgitlari toshga yozilgan dostondek shogirdlari, yaqinlari  qalbida muhrlanib qoladi.

Birinchi maqola. FARZAND – DAVLAT, FAZILATI – ZIYNAT

Oʻquvchilik yillari bolaning koʻz oldida  dunyoning yuz ochayotgan davri. U oʻzi muallimlarining har birining feʼlini, odatini, ustun jihatlarini, kamchiliklarini ham tezdan anglab oladi. Odamzod aslida ana shu oʻziga xosligi bilan qadrli! Bu bolalarning oʻta kuzatuvchanligini bildiradi. Pedagoglarga esa masʼuliyat yuklaydi. Bolalar tasavvurida yaxshi fazilatlari bilan koʻzga koʻrinishga urinadi.

Ustozimiz Gavharjon opa – sinfga ohista kirib kelar, sokin soʻz boshlar, sinfni asta-sekin osoyishtalik, fayzu harorat qamrab olardi. Ziyrak, topqir sinfdoshimiz Dilbarxonning orqavarotdan muallimani “Qumrixon” deya erkalashlarida jon bor edi. Ustoz sipo kiyinar, taqinchoqlarga ham ruju qoʻymagan, musichadek beozor inson  edi.

Mana, yillar oʻtdi. Maktabni tugatganimizning oʻttiz yilligi tantanasida sevimli oʻqituvchimiz Gavharjon opa bilan diydorlashib turibmiz. Ustoz nafaqaga chiqqan boʻlsa-da, oʻziga qadrdon dargoh – Urganch shahridagi 1-maktabdan uzoqlashmadi. Men uchrashuv bahona ustozimiz, mohir pedagog Gavharjon Fatxullayevaga bir necha savollar bilan murojaat etdim:

Gavharjon opa, mustaqillik sharofati bilan taʼlim-tarbiyada juda katta oʻzgarishlar, burilishlar boʻldi. Pedagogikamizning buguni, istiqboli haqidagi fikrlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.

– Bir soʻz bilan aytganda, bugungi pedagogika chin maʼnoda erkin pedagogika. Bugungi muallim dilidagini tiliga chiqara oladi. Tarbiyada xalq anʼanalariga, milliy taʼlim-tarbiyaga suyana oladi. Biz bolalarga dilimizda aylanib turgan koʻpgina fikrlarni yetkaza olmadik. Masalan, shaxsan oʻzim dars bergan fandan misol keltirsam. Odamning maymundan paydo boʻlgani haqidagi qarash bahsli edi. Lekin, bizda boshqa taʼlimotlar ham bor, masalan… deya ilintirib oʻta olmadik.

Hatto, vatanparvarlik tuygʻusi ham soxtalashtirilgan edi. Odamning mehru muhabbati avvalo tugʻilgan joyiga boʻlgan munosabatdan boshlanadi. Xorazm haqida, turkiy qavmlar haqida toʻlib-toshib gapirganimizda, Jaloliddin Manguberdini tilga ololmasdik. Bolalarni koʻhna Urganchga sayohatga olib borardig-u, Najmiddin Kubro maqbarasini ziyorat qilayotib, u haqda berilgan savollarga “diniy peshvo” deyishdan nariga oʻtolmasdik. Bu zotning buyuk vatanparvar boʻlganligini, kubraviya deb nom olgan tariqat yoʻlining asoschisi ekanligini aytolmaganmiz, ilmiy, badiiy ijodini oʻrgana olmaganmipz.

Oʻquvchilarimizga “Yaxshi oʻqisang – dunyo seniki”, der edig-u, bolalar bunga koʻpam ishonaverishmasdi. Chet tilini oʻrgatardik, ammo bu til koʻpchilikka keyingi hayotida umuman kerak boʻlmasdi. Bugungi bolalar pedagogikada amaliyotni, soʻz bilan ishning birligini koʻrib turibdilar. Bolalikdan chet ellarda oʻqib, dunyo koʻrmoqdalar. Zero, xalqimiz “Bolalikda uqqani – toshga yozilgani” deyishi bejiz emas. Ayni paytda bolalikdan dunyo koʻrishga, oʻqishga imkoniyat bor. Bu hammasi asriy orzumiz, mustaqillik sharofati, desak, arziydi. Shu kunlarga yetib kelganimizga shukronalar aytaman.

–  Gavharjon opa, endi sizning uzoq yillik muallimlik tajribangizdan soʻzlashsak. Nega siz bolalardan oʻtilgan darslarni jurnal boʻyicha soʻramas edingiz?

–  Hayotda odamlarni turli vaziyatlarda, ziddiyatli tang holatlarda yanada yaqindan koʻramiz, kuzatamiz. Bolalar ham shunday. Tugʻilish, unib-oʻsish, juft tanlash, bola-chaqa orttirish, rixlat har bir jonga xos. Biroq oraliqdagi ana shu yoʻlni har bir inson oʻziga xos tarzda bosib oʻtadi. Insonning quvonchlari va iztiroblari bor. Jajji qalblarda ham bu kechinmalarni kuzatish mumkin. Har qanday sharoitda odam ulugʻ va mukarram boʻlib qolishi kerak, deb bilaman. Shunday ekan, oʻsib-ulgʻayib kelayotgan bolalarni avaylamay, ardoqlamay boʻladimi? Kattalarning har bir qadamining aks-sadosini kichiklarda koʻrish mumkin. Axir, oʻsha kuni bola qaysi kayfiyatda oʻtiribdi, bilib boʻlmaydi. Qolaversa, quvnoq bolalar faqat oʻsha kuni oʻqib keladilar. Shuning uchun jurnal tartibida soʻramas edim.

–  Dars oʻtgandan keyin yana savol-javobga vaqt ajratib, yangi mavzu boʻyicha ham baholar edingiz...

–  Dars oʻtgan paytda: “Hoy, jim oʻtir”, “Hoy, toʻpolon qilma!” deyaverish, javrayverish bolalarning ham, oʻzingizning ham obroʻyingizga putur yetkazadi. Aytadilar-ku, “Gapirsang, beti qotar, ursang – eti”. Shuning uchun dars oʻtib boʻlgandan keyin hamisha savol-javob qilardim. Faol qatnashgan oʻquvchilarni ragʻbatlantirardim. Qarabsizki, oʻz-oʻzidan darsda jim oʻtirishadi.

Gavharjon opa, dars boshlangan paytda yoʻqlama qilmas edingiz, sababi?

– Har bir ishni xush kayfiyat bilan boshlagan maʼqul. Darsni qiziqarli oʻtsangiz, oʻquvchilarning oʻzlari jim oʻtirishadi. Bolalarga ham kattalardek muomala, eʼtibor kerak. Ularning feʼl-atvori har xil. Biroq, barchasini birlashtirib turadigan bitta narsa bor: bolalik va gʻurur. Oʻsib kelayotgan bolaning gʻururiga tegish, shaxsini sindirishga harakat etish yaxshi emas. Gohida maktablarda oʻqituvchi bilan oʻquvchi orasida janjal chiqib, direktorgacha kirishadi. Vaziyatni bu darajaga olib kelgan kishi pedagoglikka noloyiq, uning oʻrni maktab emas. Bolaga onalik shafqati bilan qarash zarur. Oʻqituvchi sabr-toqatli, shafqatli, bolaga xuddi ota-onadek munosabatda boʻlishi zarur.

Darslarni davr bilan bogʻlab olib borish kerak, deb hisoblaysizmi? Bu ishni tabiiy fanlar, masalan, botanika, zoologiya, biologiya darslarida qanday amalga oshirish mumkin?

– Albatta, davr bilan hamnafas dars olib borish kerak. Masalan: baliq va uning turlari mavzusini oʻtayotganda, albatta Orol muammosini, baliq turlari yoʻqolib ketayotganini qoʻshib gapirsangiz, bolalar ana shunga koʻproq qiziqadilar. Qoʻshimcha maʼlumotlarni berish uchun oʻqituvchi doimo izlanishi, oʻrganishi lozim. Oʻz sohasiga oid kitoblarni muntazam mutolaa qilish talab etiladi. Oʻqituvchi ilmiy, falsafiy, jugʻrofiy, tarixiy, madaniy, diniy miqyosni qamragan dunyoqarash egasi boʻlsagina kutilmagan savollardan dovdirab qolmaydi.

Oʻqituvchi bolalarning taqdir va qismatiga, baxtiga, tashvishlariga teng sherik, musibatiga qaygʻudosh boʻlsagina, bolalar uni ustoz deb ardoqlaydilar.

Gavharjon opa, endi, ona va uy bekasi sifatida bitta savolga javob bersangiz. Mana, uch oʻgʻil tarbiyaladingiz. Ularning har biri hozir oʻz sohasining peshqadamlaridan.

– Tarbiyaning asosi – oilaning ahilligida, bir-birini tushunib, qoʻllab-quvvatlab yashashda, deb tushunaman. Men oila qurganimda oʻqituvchi emasdim, keyin institutga kirdim. Rahmatli erim – shoir Egam Rahim oʻqishimni tamom etishimda qoʻllab-quvvatladi. U kishi, ona oʻqimishli, bilimdon boʻlsa, bola ham bilimdon, aqlli boʻladi, deb hisoblar edi. Qolaversa, bolani yoshligidan mehnatga oʻrgatib, chiniqtirib borish kerak. “Bola boshidan”, – degan oʻgit ham bejiz emas.

Ota-bobolarimiz “Farzanding – davlating, fazilati – ziynating”, – deb qulogʻimizga quyishgan. Farzand hayotda oʻz oʻrnini topib ketsa, bu – ota-onaning baxti.

Gavharjon opa, mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

“Sogʻlom avlod uchun” jurnali,  1999 yil 1- son

Ikkinchi maqola. “Xorazm haqiqati” va “Xorezmskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Soliyajon RAHIMBERGANOVA: OLIYJANOB FAZILATLAR MUJASSAM BOʻLGAN AZIZ, MEHRIBON, FIDOYI USTOZIM

Hayotda shunday insonlar yashab oʻtadiki, ularning ezgu ishlari eldoshlari, shogirdlari, yaqinlari qalbida abadiy, mangu yashaydi. Ana shunday aziz murabbiylarimizdan biri uzoq yillar Urganch shahridagi 1-son maktabda yoshlarga saboq bergan mehribon ustozimiz Gavxarjon opa Fatxullayevadir.

Men ham mana shunday qalbi mehr-muhabbatga, muruvvatga  toʻla boʻlgan ustozdan taʼlim olganligimdan behad mamnunman. Chunki, ustozimizning hayot yoʻllari har birimiz uchun ibrat maktabi boʻlgan.  Gavharjon opa bizga biologiya fanidan dars berar edi. Maʼlumki, fanlar boʻyicha mashgʻulotlar koʻp, biroq biz butun sinfimiz bilan biologiya fanini orziqib kutar edik. Chunki ustozimiz qoʻlida koʻpgina koʻrgazmali vositalar, rang-barang gullarni koʻtarib, sinfimizga kirib kelar edi. Mashgʻulotni esa qiziqarli va mavzuni chuqur tarzda yetkazishga harakat qilar edi…

Oʻsha yillar nafaqat sinflar, balki maktabimizning yoʻlaklari,  kiraverish vestibyuli, hovlisi, maktab oldi turfa gullarga burkangan boʻlib, ular qishin-yozin ochilib turar edi. Maktabimizga xalq taʼlimi boʻlimidan va boshqa yuqori tashkilotlardan kelgan vakillar ham hamisha bunday goʻzal manzaraga havas-hayrat bilan qarashardi. Bularning hammasi fidoyi, jonkuyar, tinib-tinchimas ustozimiz Gavharjon opaning doimiy tavsiyalari asosida bunyodga kelar edi.

– Bolalarim, yashillik olami muhit musaffoligini taʼminlaydi. Sogʻligingizga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Nafaqat sinfingizda, balki uyingizda ham daraxt koʻchatlari, gullar ekib, ularni parvarish qiling. Doimo suv quyib tursangiz hovlingizga, koʻchangizga husn bagʻishlaydi, – deya ustozimiz dono maslahatlari bilan bizlarni gul oʻstirishga, ekologik muhitni yaxshilashga hissa qoʻshishga yoʻnaltirardilar.

Urganchdagi 1-son maktab shaharning qoq markazida joylashgan. Bugun ham ushbu maktab binosi oldidan oʻtsangiz, atrofdagi yashillik, gulzorlar, jazirama kunlarda ham soya tashlab turgan koʻp yillik daraxtlarni koʻrish mumkin. Ularning koʻpchiligi bundan 40-50 yillar oldin Gavharjon opa boshchiligida oʻtqazilgan boʻlib, buni bugun sobiq oʻquvchilar hurmat bilan eslashadi.

Oʻsha yillar biz istiqomat qilayotgan uy Gavxarjon opalar hovlisiga yaqin hududda joylashgan edi. Maktabdagi mashgʻulotlar yakunlangach, koʻpincha Gavharjon opa bilan piyoda uyga birga ketar edik. Asosan u paytda Urganch yogʻ-moy zavodi oldidagi asfalt yoʻlkalardan oʻtib, Qirgʻiz yop tomon borardik. Gavharjon opa ohista qadam tashlab, mayin, kamtarona ovozi bilan biz bilan suhbatlashib borardi. Gohida uyiga taklif qilib, ayvonchada va bogʻdagi eng yaxshi gullardan novdalar – “otroska”lar berardi.

– Uyingizga olib borib, tuvakka oʻtkazing, bogʻingizga esa mana bu tur gullardan eking, – deya alohida kichkina xaltachalarga solib berardi.

Maktabda oʻqib yurgan paytimdayoq maktab, yoshlar hayoti, kutubxonamiz haqida maqolalar tayyorlab, ularni “Xorazm haqiqati” gazetasi tahririyatiga olib borardim. U paytda jamoatchi muxbirlar mashgʻulotlari har payshanba kuni boʻlar edi (Hozir ham ustozlar anʼanasini  davom ettirib, har payshanba kuni tahririyatimizda yosh jamoatchi muxbirlar maktabi mashgʻulotlari davom etadi). Gazeta muharriri Egam Rahimov mehribon ustozimizning umr yoʻldoshi ekanligidan doimo faxrlanib  yurardik.

Gazeta muharriri Egam aka Rahimov ham mashgʻulotlarda bizga xabar, lavha yozish boʻyicha darslar oʻtardi. Yon daftarimga yozib olgan satrlarimni bugun ham saqlab kelmoqdaman.

Maktabimizdagi yosh ijodkorlar toʻgaragiga Gavharjon opaning eng yaqin dugonasi, ona tili va adabiyoti fani  oʻqituvchisi Ullibibi Otajonova rahbarlik qilar edi. 1969 yil  8 mart kuni “Xorazm haqiqati” gazetasida “Oʻqituvchim” deb nomlangan sheʼrim chop qilindi.

Ullibibi opa mening sheʼrim chop qilingan gazetani sinfga koʻtarib kelganida, aynan Gavharjon opa biologiya fanidan navbatdagi darsni oʻtayotgandi. Ana oʻshanda Gavharjon opa men bilan birgalikda quvonib:

–  Qizim, tabriklayman. Ijodiy ishlaringga muvaffaqiyatlar hamroh boʻlsin. Gazetada chop qilingan birinchi sheʼringni qani, bir oʻqib ber-chi, – dedi.

Men gazetadagi “Oʻqituvchim” deb nomlangan sheʼrimni oʻqib bera boshladim:

Mehri daryo, oqkoʻngil

Soʻzi aʼlo, sodda dil,

Hammamizning onamiz

Aqli raso onamiz,

Mehribon oʻqituvchim.

Jonajon oʻqituvchim,

Fanni puxta oʻrgatar,

Bizni koʻrsa, shod boʻlar,

Qaygʻu-gʻamin unutar,

Mehribon oʻqituvchim,

Jonajon oʻqituvchim.

Doim oʻngu-soʻlimiz,

Koʻksimizda qoʻlimiz,

Hurmat etib yuramiz,

Koʻrsatdi, deb yoʻlimiz,

Mehribon oʻqituvchim,

Jonajon oʻqituvchim.

Shundan soʻng butun sinf boʻylab qarsaklar yangradi. Gavharjon opa peshonamdam  oʻpib, yelkamdan ohista qoqib qoʻydi. Ushbu sheʼrim “Xorazm haqiqati” gazetasida chop qilinganida 8-sinfda oʻqir edim. Bu menga kelgusida jurnalistika sohasiga  yoʻllanma berishda muhim ahamiyat kasb etdi.  

 Mana, oradan deyarli 50 yil oʻtayotgan boʻlsa-da, hamon koʻz oldimda mehribon, aziz ustozim Gavharjon Fatxullayevaning farishtali nigohi tez-tez gavdalanib turadi.

…Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlab, toʻgʻri “Xorazm haqiqati” gazetasiga keldim. Qoʻlimdagi diplom bilan gazeta muharriri Egam Rahimov xonasiga kirdim.

– Tabriklayman qizim. Besh yil davomida amaliyotingni ham bizning gazetamiz tahririyatida oʻtkazding. Turli janrlardagi maqolalaring chop qilindi. Qoʻling ancha tushib qoldi. Ertadan ishga kel. Maʼnaviy-maʼrifiy boʻlimda faoliyatingni boshlayver, – deya ustoz menga mustaqil faoliyatimga oq yoʻl tiladi.

Shunday qilib, men “Xorazm haqiqati” gazetasida yuksak masʼuliyatni his qilgan holda eng tajribali jurnalistlar bilan yonma-yon  ish faoliyatimni boshladim. Yetmishinchi yillarda gazetaning har bir sonini tayyorlash, materiallar joylashtirish, chop qilish jarayoni nihoyatda murakkab kechar edi. Chunki Moskvadan teletayp orqali kelayotgan maʼruzalarni ushbu songa joylab, chop qilishimiz va gazetani tong bilan obunachiga yetkazishimiz kerak edi. Shu sababli kechasi bilan tahririyatda gazetani tayyorlashning uzluksiz jarayonlari davom etardi. Muharririmiz Egam Rahimov gazeta tayyor boʻlguncha tahririyatda boʻlar, har bir sahifaga joylashtirilgan maqolalarni sinchiklab koʻzdan kechirar edi. Gohida tahririyatda choy ichib, non yeb, qolib ketar, xonasida tongni kutib olganlarini yaxshi bilamiz.

Gavharjon opa mehmondoʻst, samimiy ayol edi. Uylarida oʻtkazilgan toʻylarda, tadbirlarda jamoamiz aʼzolarini xursandchilik bilan kutib olar edi. Gavharjon opadan shirin taomlar, achchiq-chuchuk (salatlar) tayyorlashni ham oʻrganganmiz. Qudalari bilan samimiy, shirin munosabatlari, kelinlariga boʻlgan mehr-eʼtiborini koʻrib, qoʻshnilar, qarindoshlari hamisha qoyil qolishardi. Bu oiladagi bir-biriga hurmat-izzat, farzandlarning ota-onasiga cheksiz ehtiromi, oiladagi ahillik, totuvlik, yuksak maʼnaviyat, osayishtalik, sogʻlom muhit, samimiylik hamisha koʻz oldimizda namoyon boʻlib kelgan.

Gavharjon opaning kiygan milliy liboslari (asosan atlasdan odmigina qilib tikilgan), egnidagi kostyumlari, jemperlari va unga mos tanlangan harir roʻmollari  oʻziga juda yarashib turar, biz esa hamisha opaga havas bilan qarar edik. Gavharjon opada oʻzbek ayollariga xos boʻlgan barcha oliyjanob, goʻzal fazilatlar mujassam edi. Ayniqsa, odobi, kamtarligi, oʻzining bosiqligi bilan hamisha kasbdoshlari, mahalladoshlari oʻrtasida hurmat-eʼtiborga sazovor boʻlgan.

 Har safar Qirgʻiz yop boʻyidagi Egam akam va Gavharjon opam istiqomat qilgan uy oldidan oʻtib borar ekanman, birpas toʻxtab, bu aziz insonlarni hurmat bilan yodga olaman. Bundan 40-50 yil oldingi ustozim Gavharjon opa bilan yurgan koʻchaga boqaman. Hozir bu yerda ancha oʻzgarishlar, qurilishlar davom etmoqda. Lekin bu moʻtabar insonlar yashagan  uy  hamon biz uchun  fayzli, qadrdon, aziz va muqaddasdir. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.