Mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 3 fevraldagi «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorligini yanada rivojlantirishda yangi istiqbollarni ochmoqda.
Istiqlolimizning 27 yillik bayrami shukuhiga bagʻishlab Toshkent shahrining barcha mahallalarida boʻlgani kabi Yakkasaroy tumanidagi Yunus Rajabiy nomidagi mahalla fuqarolar yigʻinida ham «Shukrona» tadbiri koʻtarinki ruhda, bayramona kayfiyatda oʻtdi.
«Shukrona» madaniy-maʼrifiy tadbirlardan koʻzlangan asosiy maqsad hamshaharlarimizni tinch-osoyishta, toʻkin va farovon kunlarimizning qadriga yetishga chorlash, yorugʻ kunlarimiz uchun shukronalik, Oʻzbekistonimizdan faxrlanish tuygʻularini yanada kuchaytirishdan iboratdir», mahalla raisi Adham Zoxidov.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Birinchi chaqiriq deputati, “Sogʻlom ona va bola” markazi NNT rahbari, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova qatnashib, yurtimizda kechayotgan shiddatli islohotlar va qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida mahalla ahliga atroflicha hikoya qilib berdi. Markaz nomidan mahalla kutubxonasiga oʻz shaxsiy kutubxonasidan kitoblar armugʻon qildi va salomatlikka oid ushbu kitoblarning mazmun mohiyati bilan tanishtirdi. Tadbir ishtirokchilariga “Sogʻlom avlod” gazetasini tarqatdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Birinchi chaqiriq deputati, IIV Akademiyasi professori, zahiradagi polkovnik Soraxon Axmedova mustaqillik sharofatini sharhlab berdi, oilaga daxldor qonunlarga toʻxtalib oʻtdi va oʻzining mualliflik kitoblarini mahalla kutubxonasiga armugʻon qildi.
Yakkasaroy tuman “Buvijonlar maktabi” klubi rahbari, texnika fanlari doktori, Xalqaro muxandislar assotsiatsiyasi aʼzosi Muborak Teshaboyeva oila ahilligi, qaynona-kelin munosabati, shukronalik masalalarida shaxsiy tajribalarini tadbir ishtirokchilari bilan fikrlashdi.
Shuningdek tadbirda tumandagi 60-oilaviy poliklinika vrachi Gulnoz Abdullayeva va 57-oilaviy poliklinika vrachi Umida Xushvaqtova tadbir qtnashchilari bilan qorindosh urugʻchilik nikohlarining salbiy oqibati, qiz bolani erta erga berishning salomatlikka taʼsiri va yuqumli kasalliklarni oldini olish masalalarida suhbatlashishdi.
Mustaqillik shukuhi kezib turgan shu kunlarda poytaxtimiz mahallasidagi ushbu tadbir qizgʻin va qiziqarli kechdi va mahallaning turli davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorligining goʻzal namunasi boʻldi.
R. SAPOYEVA