Mustaqillik beshigini tebratgan inson

0
424
marta koʻrilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdugʻaniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash toʻgʻrisida»gi Qarori  2017 yil 27 noyabrida eʼlon qilindi. Unda Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdugʻaniyevich Karimovning ona Vatanimiz mustaqilligi, el-yurtimiz ravnaqi yoʻlidagi ulkan tarixiy xizmatlarini inobatga olib hamda u kishining xotirasini abadiylashtirish boʻyicha boshlangan ishlarni davom ettirish belgilangan va OAVlariga ham keng targʻib etish topshirigʻi berilgan.
 
Mustaqillikning ilk ogʻir yillarida “Qishloq hayoti” gazetasi muxbiri sifatida faoliyat yuritardim. U paytlar xalqimiz, hukumatimiz Vatan mustaqilligini Oliy Kengash (bugungi Oliy Majlis)ning Qonun va qarorlari bilan muhrlab qoʻyishga harakat qilinayotgan, turli qarashlar toʻqnashib turgan davr edi. “Matbuot-toʻrtinchi hokimiyat” sifatida  siyosiy maydonda ishtirok etar, biz jurnalistlar har bir jarayonni diqqat bilan kuzatardik.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining ikkinchi sessiyasida “Mustaqqillik deklaratsiyasi” qabul qilinib, xalqimiz oʻz yoʻlini tanlab oldi. Uning birinchi bandida shunday deyiladi: “Oʻzbekiston SSRning demokratik davlat mustaqilligi Respublikaning oʻz hududida barcha tarkibiy qismlarida va barcha tashqi munosabatlarda tanho hokimligidir”. Bu hujjat jurnalistlar kabi barcha oʻzbek xalqini quvontirdi.

1990 yil 16 iyul kuni  Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetida respublikaning iqtisodiy mustaqqillikka va bozor iqtisodiyotiga oʻtishi masalalari xususida kengashi boʻldi. Kengashda Oʻzbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov(sobiq sovetlar ichida prezidentlik maqomi birinchi boʻlib Oʻzbekistonda joriy etilgan, bu islohot oʻsha davr uchun jasorat edi.) nutq soʻzlab, ”Biz uchun asosiy yoʻnalish, barcha vazifalarni hal etish kaliti–Oʻzbekistonning real siyosiy suvereniteti va iqtisodiy mustaqilligini taʼminlashdir” deya unga erishish yoʻllarini belgilab bergan edi: “Respublikamiz oʻz boyliklarini oʻzi tasarruf eta olmas ekan, uning qanday masʼuliyati haqida, respublika xalqining qanday mulki haqida gap boʻlishi mumkin? Hozir respublika Oliy Sovetining doimiy komissiyalarida butun tariximiz davomida birinchi marta Oʻzbekiston SSRning Mulkchilik toʻgʻrisidagi qonuni tayyorlanib boʻlinmoqda. Bu chinakam mustaqqillik sari tashlangan dastlabki qadam, iqtisodiy oʻzaro munosabatlarga mutlaqo yangi yondashuv boʻladi. Bunda eng muhim narsa nima? Birinchidan: respublika mulki mustaqil va u federatsiyadan ajratiladi”.

Undan keyin Oliy Kengashning navbatdan tashqari toʻrtinchi sessiyasida  soʻzlagan “Murakkab vaziyatda oqilona siyosat yuritaylik” nomli nutqi “Xalq soʻzi” gazetasida 1991 yil 15 fevralda chop etildi. Unda ham mustaqillik yoʻlidagi vazifalar koʻrsatib oʻtildi. Oʻzbekistonning najoti faqat oʻzimizda, shu zaminda deb taʼkidladi.  Oʻzbekiston SSR Prezidenti Islom Karimovning Respublika qishloq xoʻjaligi xodimlari qurultoyida soʻzlagan ”Mustaqillik– eng avvalo xalq birligi va hamjihatligidir” nomli nutqida Vatan mustaqilligi gʻoyalarini yanada yuksaltirdi. Bu “Xalq soʻzi” gazetasida 1991 yil 27 martida chop etildi. Mamlakatimiz rahbari Oliy Kengashning beshinchi sessiyasidagi “Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar tashkilotiga aʼzo boʻlishiga aminman” nomli nutqida yana Oʻzbekiston mustaqilligini mustahkamlash borasida qator fikrlarni bildirdi. 1991 yil 12 iyunidagi soʻzlangan bu nutq ham  “Xalq soʻzi” gazetasida chop etildi.Oʻsha paytlar xalqimizning ong- shuuri ulugʻvor oʻzgarishlarga, islohotlarga  bosqichma bosqich tayyorlab borilayotgan ulugʻvor bir davr edi.

 Moskvaning hukmronligi davrida bu ishlar katta bir jasorat edi. Zero, Markaz Moskva oʻz hukmronligini asrab qolishga tish-tirnogʻi bilan intilayotgan bir payt edi. Darhaqiqat, SSSR vitse prezidenti G.I. Yanayevning farmoni, sovet rahbariyatining bayonoti va SSSRda Favqulodda holat davlat komitetining sovet xalqiga murojaati va qarorlari oʻsha paytda barcha respublikaga yuborildi. Mamlakatda favqulodda holat eʼlon qilinganligi haqidagi ushbu buyruq Moskvadan Oʻzbekistonga ham keldi va  yurtimizdagi  barcha gazetalarga uni chop etish topshirildi.

Oʻsha paytda “Xalq soʻzi” gazetasida bosh muharrir boʻlib ishlayotgan turmush oʻrtogʻim N.Saʼdullayev   “Oʻzbekiston oʻz yoʻlini tanlab boʻldi. Moskvadagi bu oʻzgarish bizning mamlakatga daxldor emas” deb tepadan kelgan topshiriqni “Xalq soʻzi” gazetasida chop etmay turdi. U paytda mamlakat Prezidenti Islom Karimov Hindistonda rasmiy tashrif bilan yurgandi. Bu xabarni eshitgach, tezda orqaga qaytdi va uni chop etmasdan ushlab turganligini maʼqulladi.

Shunday keyin Oʻzbekiston Prezidenti  Islom Karimovning respublika aholisiga murojaati gazetalarda  eʼlon qilindi. Unda shunday deb xulosa chiqarildi: “Shunday ogʻir sinovdan oʻtayotgan bir paytda xalqimiz sabr-toqat va bardosh bilan vazmin boʻlib, tinchlikni saqlash maqsadida jipslashishi kerak. Bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish kerak. Tinchlikni buzayotgan, oʻz manfaatini koʻzlayotgan har xil shaxslarga, muttahamlarga quloq solmasdan, xalqimiz oʻzi tanlagan yoʻldan qolmasligi kerak. Yurtimiz, xalqimiz tarixda juda koʻp sinovlardan yuzi yorugʻ boʻlib chiqqanmiz. Ishonamizki, bu ogʻir sinovlardan ham eson-omon oʻtamiz.”(1991 yil 20 avgust).

Darhaqiqat, u paytda Oliy Kengashda ham turli guruhbozliklar avj olib turgan bir davr boʻlishiga qaramasdan mamlakatimiz Prezidenti I. Karimov boshliq hukumat aʼzolari jasorat koʻrsatib, Oʻzbekistonni mustaqilligi uchun dadil kurash olib borayotgan edi. U paytda qayta qurishning oltinchi yili boʻlib, Oliy Kengash (bugungi Oliy Majlis) Oʻzbekiston mustaqilligini eʼlon qilgan, oʻzbek tiliga davlat maqomi berilgan, oʻz konstitutsiyasi, madhiyasi, bayrogʻini joriy qilish uchun ish olib borilayotgan, milliy qadriyatimiz–navroʻz umumxalq bayramiga aylantirishga qaror qilingan kabi koʻplab islohotlar, buyuk oʻzgarishlar bosqichma bosqich amalga oshirilayotgan  edi. Soʻzsiz bu jarayonlar har bir oddiy jurnalistdan tortib, bosh muharrirgacha katta masʼuliyatni talab qilardi.

Oʻn ikkinchi chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida mamlakatimiz Prezidenti I. Karimov soʻzlagan “Mustaqil Oʻzbekistonning davlat siyosati insoniylik va ezgulik qonunlariga asoslanadi” nutqida (“Xalq soʻzi” gazetasi 1991 yil 31 avgust) shunday deb taʼkidladi: “Menga Hindistonda toʻntarishdan bir kun oldin, mamlakatingizda harbiy toʻntarish boʻlishi mumkinmi, deb savol berishdi. Oʻshanda men bizda oʻngdan ham soʻldan ham xavf va doʻq-poʻpisa bor, deb javob qaytardim. Bizni qutqaradigan yagona chora– tezroq mustaqil davlatlar shartnomasini imzolash dedim… Toʻntarishning dastlabki soatlari va kunlaridan Oʻzbekiston va uning rahbariyati oʻz munosabatini qatʼiy maʼlum qildi: bizning oʻz maqsadimiz va oʻz yoʻlimiz bor. Bu yoʻl-xalqimizning manfaatiga mos yoʻldir va biz unga, nima boʻlmasin, qatʼiy amal qilamiz. Shunga asoslanib, biz umumxalq muhokamasidan oʻtgan respublikamiz Davlat mustaqilligi deklaratsiyasi hamda konstitutsiyaviy tuzum prinsiplarini chekinmay himoya etib kelyapmiz”.

Islom Karimov ana shunday olovli, suronli yillarda siyosat maydonida yetakchilik qildi. Oʻzbekistonning mustaqilligi va tinchligini, xalqimizning osoyishta hayot kechirishini taʼminlashda jonbozlik koʻrsatdi.  Mamlakatimiz mustaqil boʻlib, Birlashgan Millatlar tashkiloti binosida bayrogʻimiz hilpirab turganidan keyin amalga oshirgan ishlaridan biri sogʻlom avlod tarbiyalash ishini umumxalq harakatiga aylantirishi boʻldi. 1993 yilning fevralida “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya jamgʻarmasi tashkil topdi. Shu yili mustaqil Oʻzbekistonning birinchi yuksak mukofoti “Sogʻlom avlod uchun” ordeni taʼsis etildi.

Raʼno Zaripova,

Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.