2 — aprel  – Xalqaro bolalar kitobi kuni!

0
150
marta koʻrilgan.

Xalqimizning “kitob – oftob”, kitob – aql chirogʻi” kabi maqolu matallari bekorga  aytilmagan. Kitoblar insonning hayot yoʻlini yoritadi, maqsadli yashashga oʻrgatadi, siqilganda dardkash boʻlib qalblarni nurlantiradi, koʻnglimizni yoritadi, ezguliklarga toʻldiradi. 

 Dunyoni faqatgina ilm bilan zabt etish mumkinligini allamalarimiz – Beruniy, Xorazmiy, Fargʻoniy, Zamaxshariy, Ulugʻbek, Bobur, Navoiy  kabi ajdodlarimizning hayot yoʻli, ular yoritgan chiroq asrlar osha yashab kelayotgani ham ifodalab turibdi  Asl haqiqat –  ilmni mustahkam  egallash, mutolaa madaniyatiga erishish!

Bolaligimda padaribuzrukvorim (oxirati obod boʻlsin)  Brest qaʼlasining himoyasi haqidagi kitobni onamga oʻqib berganini  men u satrlarni qiziqish bilan tinglaganimni hamon eslayman. Uyga “Sovet maktabi», “Fan va turmush” jurnallari kelardi.Ota-onam birgalashib oʻqishardi. Men ham tinglashni xush koʻrardim.

Bayram kunlarida otam raxmatlik bizga bayramlik ulashardi.   Men ularni asrab qoʻyardim. Maktabimiz bozorga yaqin u orqaoi uyga qaytardik.  Dugonalarim asragan puliga muzqaymoq olishdi. Men esa ularga tomogʻim ogʻrib turibdi, deya bahona qilib “Tanya va uning oʻrtoqlari” kitobini olganimni uni sevib oʻqiganimni hamon eslayman.

Urganch shahrida ikkita kutubxona bor edi. Biri viloyat kutubxonasi, biri bolalar kutubxonasi. Ogʻam, opam va men uchimiz borib aʼzo boʻlganimizni hamon eslayman. U yerdagi kitoblarni deyarli oʻqib boʻlgan edik. Sinfimizda men kabi kitobni xush koʻradiganlardan biri – Raʼno Ismoilova edi. Biz navbatma-navbat kitob sotib olardik. Navbatlashib oʻqirdik. Soʻngra bu urf butun sifimizga tarqaldi. “Cholikushi”, “Kapitan grant bolalari” kabi yangi tarjima qilingan kitoblar sinfimizda qoʻlma qoʻl boʻlib ketardi. Sinfimizda  25 oʻgʻil-qiz oʻqigan boʻlsa, deyarli barchamiz oliy oʻquv yurtida  tahsil oldik. Sinfdoshlarimizning yutugʻi – kitobga koʻngil qoʻyganligida deb bilaman.

Xulosam shuki, shoira Zulfiya Moʻminova  aytganidek bolaga kitob bering. Eng asosiysi – oʻzingiz namuna boʻling, mutolaa qilayotganingizni koʻrib ulgʻayishsin. Bolaning ilmiga, bilim olishiga sarflangan mablagʻ bir kun kelib, oʻzingizga ezgulik boʻlib qaytadi. Eng asosiysi har bir farzandga Allohning oʻzi mutolaa madaniyatini yuqtirsin, deya ezgu tilaklar bildirib qolaman.

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.