Ona tilim, togʻ bagʻridan otilgan vulqonimsan,
Ota-onam koʻngliday oq, pokiza vijdonimsan.
Koʻhna tarix peshtoqiga bitilgansan, umrbod
Ongu shuur, tafakkurni, obod etgansan, obod!
Qadim olis oʻtmishimiz xotirlardan olgan joy,
Abadiyat eshiklarin ochgan Oʻrxun-Enasoy.
Yusuf Xos Hojib bayoti ummon ichra gavhar dur,
Zulumotni yoritguvchi yulduz kabi yorqin nur.
Mahmud Qoshgʻariyning bogʻi gulu chaman, boʻstondir,
Undan bahra olgan kishi maʼrifatli insondir.
Ahmad Yassaviy hikmati dilda uygʻotgan hayrat,
Xorazmiy, Qutb, Rabgʻuziy el aro buyuk siyrat.
Nazmiy saboq sirlarini Lutfiy xoʻb xitob etmish,
Navoiyning ishqi ila noming olamga ketmish.
Taqdirning achchiq boʻroni sinar hamon sabringni,
Anbiyoyu allomalar koʻtarishdi qadringni.
Jonin olib ketguncha dor, joʻshding Mashrab tilida,
Egilding, bukilding, ammo sinmading Haq yoʻlida.
Oʻzga yurtda yashab Bobur oʻzligin unutmadi,
Ulkan asarlar yaratib, roʻyoga yuz tutmadi.
Ilmu irfon daholari jonini aylab fido,
Qodiriy va Usmon Nosir koʻz yumdi, erkdan judo.
Javonmardlar jasorati koʻz oʻngingda mardona,
Oybekning gung zabonida yashayverding pinhona.
Ajdodlarning bitiklari asrlarni yod etdi,
Ulugʻlardan qolgan meros xazinangni boyitdi.
Ona tilim – oʻzbek tili, jonim ichra jonimsan,
Ota-onam koʻngliday oq , pokiza vijdonimsan.