Xorazmning sevimli qizi, shoira Ullibibi Otayeva haqida xotiralar yozish oson emas. Negaki, uning benazir ijodi, goʻzal asarlari haqida aytish uchun, Ullibibi opa boʻlib bilish kerak. Biroq uning barchaga ibratli hayoti, daryodilligi, insoniylik sifatlari toʻgʻrisida aytish qiyin emas. Shuning uchun aziz oʻquvchiga ustoz haqida hecham oshirmasdan, qanday boʻlsa shunday yozishga qaror qildim.
Ullibibi opa bilan “Xorazm haqiqati” viloyat gazetasida toʻqqiz yil birga ishlagan paytlarimni hayotimning eng mazmunli davri deb bilaman. U bilan suhbatlashib, deyarli har kuni undan juda boʻlmaganda bitta maʼnoli soʻz, hikmat oʻrganib olishga harakat qilardim. Ustoz soʻzga juda boy inson edi. Oʻzimni ularga shogird bilsam, Ullibibi opa meni oʻzlariga juda yaqin dugona, sirdosh bilardilar. U insonning suhbatlaridan bahra olardim, oʻzini, suhbatlarini juda sogʻinardim. Bir kuni Ullibibi opa:
– Dilbarjon, kerak boʻlsa, men sizdan ham oʻrganaman, – dedilar. Men kuldim.
– Ullibibi opa, qoʻysangiz-chi, hazilingizni, – dedim.
– Men hatto oʻz bolalarimdan ham oʻrganaman. Goho ularning ogʻzidan tushgan soʻzlarni yozib olishga ulgurmay qolaman.
Ullibibi opa qah-qah otib kuldilar. – Kecha Umida qizim qoʻgʻirchogʻiga koʻylak tikish uchun rosa urindi. Indamasdan qarab turdim, jigʻi-biyroni chiqib, “Oyi, men Zumradga oʻxshagim keladi”, deb yigʻlab yubordi. Bolaning yuragidan nimalar oʻtayotganini anglash qiyin emas. Eshiting, qizimning dil iztiroblarini shu tariqa qogʻozga tushirdim.
Mening Zumrad boʻlgim bor,
Qimmat boʻlgim yoʻq…
Ullibibi opaning har bir fikri, hatti-harakatlari meni hayajonga solishi barobarida, hayotning oʻzidan koʻproq oʻrganishga, tahlil qilish va xulosalar chiqarishga, izlanishga daʼvat qilardi.
– Qoʻlimdan hech tikish kelmaydi. Sizga havas qilaman. Juda boʻlmaganda qizimga qoʻgʻirchogʻi uchun koʻylak tikishni oʻrgatmoqchiman, – dedilar bir kun.
Qoʻlimdan unma-muncha tikish kelgani uchun shu yerda Ullibibi opaga ustozlik qildim.
– Dilbarjon siz donosiz, har bir ishni aql bilan qilasiz. uddaburonlik bor sizda, – dedi-da sumkasidan mato olib stol ustiga qoʻydilar:
– Buni Odilbek ogʻangiz Turkiyaga borganlarida olib kelgan edilar. Oʻziyam besh yil boʻldi. Tiktirib kiyishga vaqt emas, hafsala topmadim. Maslahat bering, bironta fason tanlab, tikuvchiga borib buyurtma bersak, nima deysiz?
Opa shohona kiyim, taqinchogʻ-u zeb-ziynatlarga qiziqmas edilar. Oʻzim ham shu toifa kishisi boʻlsam-da, ustozga tinmasdan maslahat berardim. Zeb-ziynatlarni oʻz oʻrnida taqib yurish ayolning koʻrkiga koʻrk, husniga husn qoʻshishi haqida koʻp gapirganman. Opa tez-tez televideniye orqali chiqish qilib, oʻz sheʼrlaridan namunalar oʻqib berganlarida, chiroyli liboslarda va sochlarini goʻzal turmaklashlarini istardim.
– Ullibibi opa, men tanlagan fason sizga yoqarmikan?
Ustozga yarashadigan besh-oltita fasonda koʻylak chizib berdim. Ustoz ulardan ikkitasini tanladi. Soʻngra birgalashib chevarga bordik. Men tikuvchiga batafsil tushuntirdim. Narxini soʻraganimizda ogʻzini toʻldirib, falon pulni aytdi. Koʻzim chanogʻidan chiqib ketay dedi. Pulini ustoz toʻlasalar-da, men rozi boʻlmadim.
– Ullibibi opa, qoʻying, ketdik, agar yoʻq demasangiz, menga ishonsangiz, oʻzim tikib beraman, – dedim.
Ustoz xijolat boʻldilar, men esa opamni rozi qilganimga xursand edim. Ishqilib, koʻylakni oʻzim tikib beradigan boʻldim. Ustozni xursand qilish uchun biroz ter toʻkishimga toʻgʻri keldi. Birinchi kuni “oʻlcham”, ikkinchi kuni koʻylak tayyor boʻldi. Ustoz oʻzida yoʻq mamnun boʻldilar. Men esa shoira opamga tikkan koʻylagim yoqqani va yarashib tushgani uchun hursand edim.
Ullibibi opam bilan oʻtkazgan unutilmas kunlarimiz juda koʻp boʻlgan. Taqdir menga ana shunday inson bilan birga yonma-yon ishlash nasib qilganidan baxtiyorman. Ikkalamiz, Ullibibi Otayeva – taniqli shoira, men esa “Xorazm haqiqati” muxbiri sifatida viloyat xotin-qizlar kengashi aʼzosi tarkibida jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatardik. Bizga viloyatda tadbirkor ayollar uyushmasi Nizomini ishlab chiqish va tahrir qilish vazifasi yuklatildi. Ullibibi opa uyushmaga chiroyli nom berish lozimligini aytdi. Uzoq vaqt bosh qotirdik. Bir kuni ertalab opa kabinetga shoshib kirdilar-da, quvonchini yashirolmay,
– Men topdim, mansura qoʻyamiz, – dedilar.
– Mansura – juda chiroyli. Ammo uning maʼnosi nima?
– Arabcha soʻz. Mansura – sochilgan, taralgan maʼnosini anglatadi. Ollohning nuri sochilsin, har bir ayol tadbirkor boʻlsin. Bugun davr shuni taqozo etyapti. Eʼtibor beryapsizmi, bugun ayollar ham erkaklar bilan yonma-yon turib, tadbirkorlik faoliyatlarini yoʻlga qoʻymoqdalar. Bu harakatlardan hali shunday zamonlar keladiki, hammamiz bahramand boʻlamiz, hayotimiz, turmushimiz bundan-da goʻzal boʻladi, – dedi. – Toʻmaris davrida Mansura jangovar ayollar guruhi boʻlgan, qolaversa, Toʻmarisdek buyuk zotlarning ruhi bizdan rozi boʻlsin. Oʻsha 1992 yilda “Mansura” tadbirkor ayollar uyushmasiga shu nom berilgan edi.
Afsuski, oradan yillar oʻtib, “Mansura” soʻzini unutishdi. Men ayollar markazi ochish taraddudini koʻrayotgan edim. Munosibroq biron nom topolmay uzoq izladim. Yalt etib, miyamga kelgan fikrdan oʻzim ham quvonib ketdim. Shu nomni markazga qoʻyish lozim. Shu tariqa “Mansura” ayollar markazi tashkil topdi. Meni va men kabi atrofimdagi yaxshi niyatli ayollarni Ollohning oʻzi qoʻllab-quvvatlasin. Ullibibi opamning ruhi bizdan rozi boʻlsin. Joylari jannatdan boʻlsin.
Ullibibi opamning samimiy chehrasi, nurdek oppoq niyatlari, “Xorazm haqiqati” gazetasidagi mehnatlari, goʻzal va betakror shoira, halol va mehribon ona, vafodor turmush oʻrtoq, jafokash ayol sifatidagi fazilatlari mening xotiramda abadiy qoldi.
Ustoz oʻz tilini, millatini, adabiyotni, kitobni yaxshi koʻradigan inson edilar. Abdulla Avloniy taʼkidlaganlaridek, “Har bir millatning dunyoda borligini koʻrsata durgan oynasi hayoti – tili va adabiyotidir. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdir”. Ustoz oʻz tilini eʼzozlagan, ardoqlagan inson edilar.
DILBAR BEKCHANOVA, jurnalist