Amerikalik shoira Sara TISDEYL sheʼriyatining asliyatidan Karim BAHRIYEV tarjimalari

0
176
marta koʻrilgan.

Nyu-Yorkda yashagan amerikalik shoira 1918 yilda «Love Songs» sheʼriy kitobi uchun Pulitser mukofotiga sazovor boʻlgan. 1933 yilda soʻnggi sheʼriy toʻplami «Gʻalati gʻalaba» (inglizcha – “Strange Victory”) nomi ostida chop etilgan. Sara Trevor Tisdeyl 1884 yilda boy amerikalik oilada tugʻilgan. 1933 yilda bevaqt olamdan oʻtgan. Uning sheʼriyatiga bokira toʻkislik, aniq musiqiylik xosdir. Sara Tisdeyl sheʼriyatidagi fojiali musiqaviylikni muqobil tarjima etish imkonsiz, tarjima faqat timsollar va mazmun-mohiyatni bera oladi, xolos.

QARZ

Men sendan qarzdorman, yorim, bilib qoʻy,
Adoqsiz armonim, hasratim uchun?!

Yoʻq, sen yuragimga solganing yoʻq kuy,
Sen men-la osmonga chiqmading uchib.

Lek men seni dildan sevdim-ku, axir,
Garchand hech vaqt meni sen sevmading chin.

Men sendan qarzdorman, sen bergan sevgi
Meni arshga olib ketgani uchun…

MENGA BARIBIR…

Oʻlar boʻlsam bir kun, aprel yomgʻiri
Sovuq vujudimni yuvsa besabr,
Sen mening tepamda tursang qaygʻuda,
Men parvo qilmasman,
Menga baribir…

Men tinchib qolarman yomgʻirda ivib,
Yerga egilgan hoʻl novdaday sabil.
Bagʻritosh, berahm boʻlarman u kun,
Sen men bilan bugun boʻlganing kabi…

TABIBLARIM

Kechalari uyqu bilmasman,
Toʻshak boʻldi tun-kun habibim.
Hamshiramdir tepamda ogʻriq,
Oʻlim mening sodiq tabibim.

Juda nafis ularning tili,
Hal etarlar taqdirim bu kun.
Ogʻriq aytar: kesmoqlik kerak.
Oʻlim deydi: shoshmoqlik nechun…

Men bir odmi ayolman sokin,
Lek quvonchga toʻlmoqda dilim —
Qanday sodiq doʻstlarim bordir,
Biri – Ogʻriq, birisi – Oʻlim…

QAHRATON TUNI

Derazamni bezar izgʻirin,
Tashqarida sovuq shu chogʻda –
Qahraton qish, shamol yigʻlatar.
Koʻzlaringni kesar pichoqday.

Oʻtinaman, Tangrim, shafqat qil
Koʻchadagi daydi, yupunga.
Rahm qilgin, Tangrim, sovuqda
Qor ostida yurgan har kimga.

Mening uyim issiq va goʻzal,
Darpardalar tafti kiftimda.
Lekin goho yuragim yigʻlar,
Tashqarida qolgan yetimday…

TUN

Oltin gulga oʻxshar koʻkda oy,
Atrofida koʻk chambaragi.
Samo – gulning novdasi goʻyo.
Yondosh — xuddi sen va men kabi.

Endigi oy – novdasiz guldir,
Koʻk – yulduzlar yoritgan mahzan.
Oy – asrlar boʻyi xushbaxtdir,
Mening sen-la baxtim – bir lahza…

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.