Hadisi shariflarda, «Ayolini eʼzozlagan yurt gullab-yashnaydi, xor qilganlar esa falokatga uchraydi», – deyilgan. Ayolini hurmat qilganlarni Alloh oʻzi yorlaqaydi. Hikmatlarda «Ayolga shahvat bilan emas, shafqat bilan qarang», – deyilgan. Biz sharqona urf-odatlarga muvofiq ayollarga hamisha va har joyda mehr-muhabbat, muruvvat, shafqat koʻzi bilan munosabatda bulish kerakligini targʻib qilamiz. Hatto, oilada bolalik paytimizda ham ota-onalarimiz oʻgʻil farzandlariga «qiz bolani hurmat qil, oʻgʻlim, qiz bolaning koʻnglini ogʻritma», – singari soʻzlarni koʻp gapirishgan.
Yaqinda tanishim Zulfiyaxon 42 yoshida olamdan oʻtdi. 3 nafar farzandi ortidan dod solib qolaverdi. Zulfiya bir necha idoralarda farrosh boʻlib ishlar va boʻsh paytlari katta yoʻl boʻyiga chiqib, ul-bul sotib kun koʻrardi. Aroqxoʻr eri esa topgan-tutganini maishatdan orttirmasdi. Shoʻrlik ayol joʻjabirdek farzandlarini mashaqqatli mehnat qilib boqardi. Yoʻl yoqasidan oʻta turib, Zulfiyadan atayin biror narsa sotib olardim. Bir kun unga «Zulfiyajon, savdoingizga baraka», – desam, koʻzidagi yoshni tutib turolmay, yigʻlab yubordi. Yuziga qaramagan ekanman. Ikkala koʻzi qontalash boʻlib ketibdi. «Yiqildingizmi», – deb soʻradim. Onasining yigʻlayotganini koʻrib, yonida oʻtirgan 5 yashar qizchasi ham koʻz yosh qildi. Zulfiyani yupatdim. U bor gapni oqizmay-tomizmay gapirib berdi. Bu ayoldan besh yildan beri narsa sotib olaman. Uning doimo soʻlgʻin chehrasini koʻrganimda, buning sababini soʻragim kelardi-yu, diliga ozor bermaslik uchun, indamay oʻtib ketardim.
Oʻshanda aroqxoʻr er Zulfiyani doʻpposlab urib, tishini sindirgan ekan. Oiladagi doimiy notinchlikning oldini olish maqsadida mahallaning mutasaddilariga murojaat qildim. Uning aroqxoʻr eri Shuhratni davolash muassasasiga olib ketishdi. Shu bilan qani edi u toʻgʻri yoʻlga kirib qolganida…
Ayol – baribir ayolda, har kun issiq ovqat pishirib, erining holidan xabar olib turdi. (Buncha bagʻri keng, kechirimli boʻlmasa bu ayollar).
Zulfiyaxonning vafotidan soʻng, har uchala farzandini ham Mehribonlik uyiga topshirishdi. Baʼzan oʻzimga savol beraman: Oilasi tinch boʻlganida ehtimol, Zulfiyadek mehribon bir ona bu dunyodan erta koʻz yummasmidi? Oradan sal oʻtib, hamisha mast ahvolda yuradigan er ham olamdan oʻtdi. Eshitishimcha, uni oʻlik holda koʻchadan topib olishgan. Ha, juda ayanchli taqdir…
Yana bir voqea. Oyogʻini bexosdan bosib olgan ayol erkakdan uzr soʻradi, biroq gʻazabga mingan erkak ayolni ogʻziga kelgan gaplar bilan haqoratlay ketdi. Ayol yerga kirgudek boʻlib, oʻzini qoʻyarga joy topmay qoldi. «Uzr, kechirasiz, koʻrmay qolibman», – degan gap-soʻzlar ham erkakning qulogʻiga kirmadi. Agar shoʻrlik ayol olomon ichiga kirib, koʻzdan gʻoyib boʻlmaganida, bu qoʻpol va tarbiyasiz erkak unga musht tushirishi ham ehtimoldan xoli emasdi. Ayol juda farosatli ekan, uzr soʻradi-yu, tez-tez yurib nari ketdi.
Yana bir misol. Urganch bozorida pista, saqich va yana boshqa har xil mayda-chuydalar sotib oʻtirgan yoshi oʻtib qolgan ayolning tepasiga kelgan yoshgina nozir yigit uning narsalarini tepkilay boshladi.
– Sizga necha bor aytganman, bu yerda sotish mumkin emas, koʻtaring lash-lushingizni, – pistalar sochilib ketdi. Quyoshda qorayib ketgan ayol, toʻkilgan pistalarni puf-puflab yigʻishtira boshladi.
– Jon bolam, hozir ketaman. Bu yerda savdo yaxshi boʻladi, deb oʻtirgan edim, – dedi yigʻlagudek boʻlib.
– Hech narsani bilmayman, turing oʻrningizdan hozir yoshullilar keladi. Bu oʻtirishingizni koʻrishsa, bizga gap tegadi. Turing-turing, – yana siltay boshladi nozir. Soʻngra doʻq-poʻpisasi kamlik qilgandek, kampirning narsalarini olib, chor-atrofga sochib tashladi.
– Hoy, ukam, iltimos, etim nevaralarimning rizqini uvol qilma. Sening ham onang bordir? Yetimlarimga yordam qilmasam, sen yordam berarmiding, – onaxon dilidagini ayta boshladi. – Ey, mening onam bilan nima ishingiz bor,
– dedi dagʻal ovozi bilan nozir va onaxon narsalarini yigʻishtirguncha, uning yonidan ketmasdan, qaqqayib turaverdi. Ayol yer bilan bitta boʻlib qorishib yotgan, saqich, pista, sigaret va boshqa mayda-chuydalarni yigʻib olish bilan ovora edi.
Bu voqeaga tasodifan guvoh boʻlib, nafaqat keksa bir ayolga, balki insonga boʻlgan oʻta qoʻpol va tahqirli munosabatdan dilim vayron boʻldi, yuragim tuz sepgandek, yomon ogʻridi. Nozirning oldiga borib, ayolni, onani hurmat qilish kerakligini tushuntira boshladim. Ammo yuragi tosh qotgan bu yigitga gaplarim mutlaqo taʼsir qilmasdi. Shu payt uning surbetlarcha hissiz basharasiga boplab musht tushirishni juda-juda xohladim. Lekin, shunday boʻlsa-da, dilimdagini yuziga aytdim: «Ukam, sen Ona tuqqan insonga oʻxshamaysan, sirayam, afsus shunday masʼuliyatli, martabali libosni ham isnodga qoʻyding».
Dilbar Bekchanova, jurnalist