Tuyasi bilan choʻlda ketayotgan bir inson qiyinchilik bilan yerda sudralayotgan, lablari suvsizlikdan yorilib ketgan bir odamga duch kelibdi.
Badaviyni koʻrgan yordamga muhtoj odam undan suv soʻrabdi. Badaviy ham tuyasidan tushib unga suv beribdi. Suvni ichgan odam birdan jonlanib, badaviyni bor kuchi bilan surib yuboribdi va tuyaga minib qocha boshlabdi.
Badaviy uning ortidan baqirib qolibdi:
– Mayli, tuyani olib ket, lekin sendan bir iltimosim bor. Bu voqeani hech kimga aytib yurma!
Bu istakka hayron boʻlgan odam orqasiga qaytib, buning sababini soʻrabdi. Badaviy esa shunday javob qilibdi:
– Agar bu voqea ovoza boʻlib ketsa, bundan keyin odamlar choʻlda qiynalgan bechorani koʻrishsa, yordam bermay qoʻyishadi.
Darhaqiqat, baʼzi odamlar soyaga oʻxshaydi, ularga na suyanib, na ishonib boʻladi.
Dildora Mavlyanova tayyorladi.