BEKPOSHShA  ANANING BOYLIKLARI

0
93
marta koʻrilgan.

Xorazm adabiy muhitida oʻtmishda shoiralar kam boʻlgan. Ullibibi Otayeva nomini esa 20 asr oʻzbek adabiyotidagi faxrlanarli nomlar qatorida qayd etamiz.

Hozirda esa viloyatda Gavhar Ibodullayeva, Sayyora Samandarova, Sayyora Jabborzoda, Muhabbat Safoyeva, Shoira Shams, Nasiba Jumatova, Durposhsha, Umida Nurzoda singari  shoiralarning koʻplab sheʼrlari, toʻplamlari oʻz muxlislarini topib ulgurdi. Biroq, oʻtmishu bugunda ham nasrda qalam tebratgan, iqtidorini namoyish etayotgan  ayol ijodkorlar  kam. 

Sayyora Jabborzodaning  “Gavharafshon” hikoyalar toʻplami, “Qismat toshi”romanining chop qilingani   va  «Tavqi taʼzir»  hikoyasining  2023 yilda nashr etilgan  “ Oʻzbek nasri antologiyasi”ga kiritilgani va boshqa adibalarning ham intilishlari Xorazm  adabiy muhitidagi yutuqlardan  albatta. Biroq, hozirgi davr hanuz adibalardan koʻra, Xorazm shoiralarining ijodi ravnaq topgan.

 Ana shunday nasrdagi oz boʻlsada  izlanishlar, sukunat davom etayotgan adabiy muhitga esa  telejurnalist sifatida tanilgan Bekposhsha Xoʻjayevaning hikoya, esse, xotiralari  kirib keldi.

Bekposhsha opaning telejurnalist sifatida tayyorlagan koʻrsatuvlari oʻz vaqtida nafaqat Xorazm, balki qoʻshni Qoraqalpogʻiston, Toshhovuz viloyatilik muxlislar  olqishiga sazovor boʻlgan. Shuningdek, ular ichida eng dovruq taratgani “Bir kelib keting qishlogʻimizga” koʻrsatuvi  edi. Professional jurnalistika, biroq har bir qishloqlik bilan sodda, samimiy kechadigan suhbatlar orqali, maʼlum bir hududning oʻziga xosligini ochib berish uchun ham mahorat kerak. Bekposhsha Xoʻjayeva shu va shu singari koʻrsatuvlarida oʻz kasbining ustasi sifatida professionallik bilan bu ishning uddasidan chiqdi va koʻplab muxlislar orttirdi.

Aynan “Bir kelib keting qishlogʻimizga” koʻrsatuvi  shu boisdan ham  Xorazmga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar eʼtiborini ham  tortgan. Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Abdurahim Pratov 2002 yilda vohaga qilgan tashrifida  ana shu koʻrsatuvni koʻrib hayratlangan va “shevada ham koʻrsatuv tayyorlasa boʻlarkanda”, deya  oʻz fikrini bildirgandi. 2023 yildagi ikkinchi tashrifida esa Xorazm TVni qoʻyishni soʻrab, oʻsha mashhur koʻrsatuv va uning muallifini surishtirgandi. Bu tarzdagi qiziqish va  hayratlarni men Ozarbayjonlik Gulshan Kengerlinskaya, Qrimlik Zera Bekirova, AQSHlik sharqshunos Azizulloh Orol singari olimu ijodkorlardan ham eshitganman.

 Shuningdek opaning kursdosh doʻsti, taniqli adib, jamoat arbobi va filologiya fanlari doktori, professor Xurshid Doʻstmuhammad Toshkentda koʻrishganimizda, “Bekposhshaning shevada tayyorlagan koʻrsatuvi Xorazm vohasigagina xos va bu koʻrsatuvlar vaqt oʻtib Xorazm tarixining oʻziga xos jihatlarini ilmiy yoritishga asos boʻladi”, degandilar. Ha, bu eʼtiroflar Bekposhsha Xoʻjayevaning TV jurnalistikada oʻziga xos uslub yaratganining dalolatidir. Yaʼnikim olimu ijodkorlar, xorijliklar va tabiiyki voha ahli  samimiylik va gʻoyatda madaniyatli holda qishloq ahli bilan  shevada qilingan gurunglarni shu boisdan ham  hanuz  xotirlab turishadi….

 Ana shunday hayratlarga, olqishlarga sazovor boʻlgan Bekposhsha ana (shevadagi ana adabiy tildagi aya)  garchi TVdan nafaqaga chiqqani bilan ijoddan toʻxtamaganini yana bir bora isbotladiki, bu ayaning nasrdagi hikoya, esse va xotiralaridir

Bekposhsha Xoʻjayevaning tugʻilib oʻsgan hududiga oid, oldin nashr ettirgan  “Koʻna qaʼla” kitobi, undagi voqeliklar tasviri haqidagi  tassurotlarni ijodkor bilan birga TVda ishlagan Abdulla Yusupov, Shuhrat Matkarimovlardan eshitgandim. Kitobni yaqinda qayta-qayta mutoala qilib bu qadar voqeliklar, jarayonlar, qahramonlarning  tasvirlanishi, muallifga xos yozish uslubi bilan, oldingi TVdagi tasmaga muhrlangan tarix endi kitob shakliga kelganiga amin boʻldim. Oʻylaymanki, agarki Urganch tarixi yaratilgudek boʻlsa,  Koʻhna qalʼa, undagi koʻchalar, 20 asrning 50-80 yillar manzarasi  ilmiy  asarga asos boʻlib xizmat qiladi.

Mana endi esa ayaning oʻzi va zamondoshlari, shuningdek Koʻna Qalʼa bilan bogʻliq voqeliklarini, turli taqdir egalarining hayot quvonchlariyu tashvishlarini badiiy tasvirlagan  navbatdagi kitobi. Toʻgʻrisi, yaqin orada bu singari birdan, zavq va mushohada bilan kitob mutoalla qilmagandim. Qahramonlar tasviri, ularning feʼl atvorini ochib beruvchi soʻzlar ifodasi, yozish uslubi faqat Bekposhsha opaga xos samimiylik ila  bitilgan. Goʻyoki bir paytlari dong qozongan, tasmalarga muhrlanib qolgan “Bir kelib keting qishlogʻimizga” koʻrsatuvining kitob variantidek samimiy, ochiqkoʻngillik ufurib turadi sahifalardan.

 Ayniqsa Koʻna qalʼaning davomi sifatida bitilgan xotiralari tarixchi boʻlganim uchun menda qiziqish uygʻotdi. Menimcha Urganchning yaqin oʻtmishiga befarq boʻlmagan insonlar  uchun Bekposhsha ayaning  bu bitiklari nihoyatda qadrlidir.

Shu oʻrinda men Bekposhsha ayaning yozish uslubi, iqtidorini anglagan holda, qolaversa koʻp yillik tajribasini hisobga olib, umri davomida uchrashgan davrdoshlari haqida memuar yozsa, Xorazm tarixining soʻnggi yarim asri tarix sahifalariga koʻchgan va bu oʻtmishni oʻrganishda nihoyatda katta bir manbaga aylangan boʻlishini  taʼkidlagim keladi.

 Shuningdek, nafaqadagi sokinlikdan foydalanib ijodni yana davom etdirishini, adabiy muhitni oʻzining yangi asarlari bilan  boyitishini  istab qolardim. Tabiiyki bu bitiklar vaqt oʻtib kelgusi avlodga Bekposhsha ayadan qoladigan gʻoyatda boy maʼnaviy meros, boylikka aylanadi. Shu niyatda Bekposhsha aya Xoʻjayevaga sogʻliq, xonadoniga rizqu baraka tilagan holda  yangi asarlarni kutib qolamiz.

 Umid Bekmuhammad, Xorazm Maʼmun akademiyasining katta ilmiy xodimi,  tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori,  dotsent,  Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, “Doʻstlik” ordeni sohibi

Suvratda: B. Xoʻjayeva Toshkentda tahsil olgan sinfdoshlari davrasida (1968 yil, chapdan ikkinchi).

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.