Bekposhsha XOʻJAYEVA: ALLOHNING SINOVI (hikoya)

0
95
marta koʻrilgan.

Bilasizmi? Inson muammoga, qiyinchilikka, ogʻir vaziyatga duch kelsa “Allohning sinovi” deb oʻzini  tinchlantirishga, yoki shu soʻz bilan yaqinlari uni koʻnglini olishga harakat qiladilar.

Shundaylar bor, “qilgan gunohi bordirki, javobini olyapti, Xudo jazosini beryapti yoki men uni Xudoga solgan edim ana, koʻrsatdi-ku!” deb kimningdir istirobidan quvonadilar.

Sinovlarga bardosh berayotgan odamning, albatta, “men qanday gunoh qildim ekan?” – degan oʻy-andisha hayolidan chiqmaydi.

– Birovning haqqiga xiyonat qildimmi?

– Yoʻq!

– Kimningdir koʻngliga ozor berdimmi?

– Mumkin.

– Oilamga, erimga xiyonat qildimmi?

– Aslo, aslo!

– Yaqinlarim yo bemorlarning xol-axvolidan vaqtida xabar olmadimmi?

– Bu menda yuz beradigan xolat.

– Besh vaqt namozni oʻz vaqtida oʻqib boramanmi?

– Yoʻq. Baxonalar topiladi va nuqul kechikib oʻqiyman, oʻzi kechirsin.

Sanasam, ikki egnimda oʻtirib, savobu gunohlarimni yozadigan farishtalarga yetarli yumush bor.

Xoʻjamnikichi? U kishining savolga javoblari shu tariqa. Faqat oilangga, ayolingga xiyonat qildingmi, deyilgan savol javobsiz qolsa kerak.

Demak, mening gunohim nima, deb Yaratganning yoqasidan olaverish insofdanmas. Bu dunyo hisobli. Kim yorugʻ olamda, kim oxiratda bilib-bilmay qilgan gunohlari uchun javob beradi.

Ushbu satrlarni yozayotgan paytimda telefonimga SMS keldi. Tavba! Unda shunday satrlar bitilgan ekan: ”Yukning eng ogʻiri eng kuchlilarga tushadi. Musibatning eng ogʻiri eng yaxshilarga tushadi. Sinovlarning eng ogʻiri esa eng buyuklarga tushadi. Qadrdon, faqat nolimang. Nolish ojizlarning ishidir” Men qay biriga mansubman? Noliydiganigami? Toʻgʻri koʻp noliyman. Faqat oʻzimga oʻzim. Va Allohga! Atrofdagilarga dardimni doston qilishni istamayman. Eng yaqin odamingga ham qisinishmalardan gapirsang yoqmaydi. Hatto malol keladi. Mana oʻzimning Xoʻjamni olaylik. Bolam sogʻinchi oʻrtab, oʻzimni qoʻyarga joy topolmay pinhon nola chekayotganimni koʻrsa mendan uzoqroqqa qochadi yoki doʻq aralash hoʻkinadi, tanbeh beradi.

-Shu nolalaringdan kimga foyda? Sengami? Goʻrda tinch yotishga qoʻymaydigananing bolanggami? Senga termulib yashayotgan nevaralaringga, farzandlaringgami? Ayt! Foydasi boʻlsa men ham baqirib-baqirib yigʻlab senga joʻr boʻlay!

Rostmi, yolgʻonmi bilmayman. Xaqiqatan tinchlantirish uchundir. “Olloh suygan bandasiga ogʻir sinovlar beradi. Shu sinovlarga bardosh bersangiz ajri, mukofoti bor”

Shak keltirgan boʻlmay. Tavba, ming bora tavba. Oʻzi kechirsin. Jondan aziz, navqiron farzand evaziga qanday mukofot boʻlar ekan?

Bekposhsha XOʻJAYEVA

Turkum hikoyalarning davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.