Bekposhsha XOʻJAYEVA: BULDOZERDAN QOʻRQMAGAN BALIQLAR (hikoya)

0
29
marta koʻrilgan.

Xoʻjam baliqchi. Hatto xizmat mashinasida ham qarmoq topiladi. Haydovchilari koʻnikkan.

Boshqa viloyatning aholidan uzoq, ulkan magistral gaz quvurlari oʻtgan hududlarida korxonaga yoʻl qurish vazifasi topshirilgan. Ertalab barchaga ish taqsimlandi. Yoʻl qurilishiga moʻljallangan yoʻnalishda katta koʻl bor ekan. Bir dam hordiq ilinjida Xoʻjam haydovchisi bilan koʻlning qulay qismida qarmoq qurganlar. Hali baliq ilinmay tepalikdan ovoz kelgan.

– Mumkinmas! Baliq ovlash! Taʼqiqlayman!

– Qiziq. Nega taʼqiqlaysiz? Biz toʻr emas, shunchaki, qarmoq bilan ovlamoqchimiz, – hayratini yashira olmabdi Xoʻjam.

– Imenno, qarmoqda mumkinmas. Baliqlarni kasal qilasizlar!

Haydovchi Xoʻjamga maʼnoli qarabdi:

– Endi eshitib turishim, qarmoq baliqni kasal qilishini.

– Nimaga hayronsiz, – hoʻkinishda davom etibdi ovoz egasi – Baliq ogʻzini yirtib qarmoqdan qochishi, yoki, kichik chavoqni qarmoqdan chiqarib yana koʻlga qoʻyib yuborishingiz mumkin!

– Nima, ogʻzi yirtilgan baliq  boshqalari bilan oʻpishib chiqadimi?-haydovchi savol beribdi.

– Ishingiz boʻlmasin! Qani, qarmoqlarni yigʻishtiring. Men kattasiman bu yerlarning!

– Ajab boʻladi, yoshulli. Bir ogʻiz buyrugʻingiz. Koʻlingiz oʻzingizga buyursin.

Lekin koʻl  yoshulliga buyurmabdi. Topshiriqdagi reja boʻyicha koʻl koʻmilishi kerak ekan. Erta tongdan ishga chiqqan buldozerchi uyum tuproqlarni koʻl tomon surib boshlagan. Moʻljalni xato olganmi, tajribasizlik qilganmi, buldozer surilib koʻlga tushgan. Sekin-sekin suvga koʻmila borgan. Buldozerchi bir amallab kabinani tark etgan. Ulovi esa gʻarq boʻlgan. Faqat tutun qaytargichi arang koʻzga tashlangan.

Boshlangan gʻala-gʻovur. Koʻlning kattasi yetib kelgan. Bir zumda aybnoma tuzilgan. Korxonaga xabar joʻnatilgan.  Aybnomada bitilishicha bir tonna baliq buldozerning tagida qolgan. Iqtisodiy zararni qoplab berish soʻralgan. Korxona rahbari zararni aybdorlar qoplab beradi degan mazmunda javob qaytargan. Aybdor kim? Albatta texnika uchun javob beradigan masʼul. Masʼul esa Xoʻjam.

Xoʻjamning jahli chiqqan. Nimadan? Buldozerchidan. Koʻlning bir qismini koʻmib ketish oʻrniga oʻzi koʻlda oʻralashganidan. Aniqlagan. Va battar asabiylashgan. Chunki, korxonadan joʻnatilgan “buldozerchi” haqiqiy kasb egasining oʻrniga kelgan. Yangi ishga olingan. Sinov muddatini oʻtamagan.

Bu orada buldozer koʻldan chiqarilgan. Taʼmirlash jarayonlari boshlangan. (Kimning hisobiga hamon bilmayman. Bu haqda Xoʻjam lom-mim demagan).

Koʻl egasi, yaʼni, oʻsha katta, hokim oʻrinbosari va yana allakimlarni boshlab kelgan. Xoʻjamni siquvga olganlar. Shikoyatnomaga qoʻl qoʻyishga undaganlar.

– Siz bir tonna baliqni oʻlganligini gapiryapsiz. Menga hech boʻlmaganda ellik kilosini keltirib bering. Tabiatni muhofaza qiluvchilar bilan birgalikda aniqlik kiritaylik. Mayli, men shu yerdaman. Shikoyatingizni maʼqullab imzo chekaman. Bir tonna baliqning pulini ham beraman. Lekin bir narsani tushuna olmayapman. Baliqlaringiz shu darajada anqovmi, tankdan battar dukurlab kelgan, tuproq surayotgan buldozerning vahimasini anglamaydigan. Tagida qolay deb kutib, qochishga intilmaydigan?

Koʻlning kattasi biroz talmovsiragan:

– Buldozerning yogʻidan zararlanib nobud boʻldilar.

– Demak, baliqlaringiz yon tomondagi koʻlga qochib oʻtmay yogʻ sizib chiqishini kutganlar hech boʻlmasa bir hoʻplamdan ichaylik deb, — shundaymi? Xoʻp, ana, yogʻidan zararlandi deylik. Bittagina  solyarka yutib tepaga qalqib chiqqan baliqni koʻrsating, iltimos. Laboratoriyada tekshirtiraylik.

Ishqilib, shu darajada haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan shikoyatni  hal qilishga  kelganidan oʻsal  hokim yordamchisi chetga oʻtib arizachini yetarlicha uyaltirgan.

Baliq koʻli sabab yoʻl qurilishida sodir boʻlayotgan koʻp sirlar yuzaga qalqigan. Jumladan, tajribasiz buldozerchi mexanikka bir qoʻchqor sovgʻa qilib ishga joylashgani va vaxtaga joʻnatilgani. Tekshiruvlardan soʻng oʻsha qoʻchqor mexanikning uyidan hoʻkiz boʻlib chiqib ketibdi.

Kompyuterni ishlatib yozganlarimni  oʻqigan oʻrtancha nevaram fikrini bildirdi:

– Buvamning hikoyalari juda koʻpku, nega zerikarlisini yozdingiz?

– Qay bir esdaliklari senga maʼqul? — desam

– Choʻldami, qumliklar oʻrtasidami yomon joydagi katta koʻlchi? Podachi qoʻylarini shu yakkagina koʻldan sugʻorishga olib borganida vaqti-vaqti bilan paydo boʻlib qoʻylardan bittasini tiriklay yutadigan ajdarho sifat maxluqchi?  Sal boʻlmasa buvam bilan haydovchisini bir yamlab yutishiga otilib chiqqanichi?

Yo boʻlmasa  mashinalarini qancha tez haydasalarda  ularni taʼqib qilgan, qanotlari uch metrcha keladigan vahimali qushchi? Shular toʻgʻrisida yozsangiz yaxshimasmi?

Armiyada xizmat qilgan soldatlik davridagi voqealarchi? Dedavshina, yaʼni, oʻzlaridan oldin kelib, dembel boʻlish arafasidagi askarlarning yosh soldatlarga qanday zugʻum oʻtkazganlarichi? Ovqatlanib boʻlgach boʻlka non bilan stolni artib tozalovchilarga buvamning tanbehlarichi?

– Kelishamiz. Ulgʻayganingda oʻsha hikoyalarni sen ham nevaralaringni  atrofingga toʻplab gapirib berasan, xoʻpmi. Faqat qayta-qayta takroran aytib bezor qilmaysan.

Nevaram hazilimni tushundi. Ochilishib kuldi.

Davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.