Fermer xoʻjaligimiz rivojlandi. Qarindoshlar, qoʻshnilar ish bilan taʼminlandi. Men ulgʻaydim. Kasbimdan kamol topdim. Turmushga chiqmadim. Oldin tengqurlarimdan, keyinchalik xotini bilan ajrashganlardan, katta yoshdagi erkaklardan sovchi keldi. Oʻz soʻzimda turdim. Ota uyimizni qayta, ikki qavat qilib tikladik. Uymisan uy, hovlimisan hovli! Koʻchadan oʻtgan borki, muyulishgacha binomizdan koʻz uzmaydi. Otamda, menda yangi rusumdagi avtomobil. Singillarim Toshkentda,Gulposhsha opamning uyida yashab institutni tamomladilar. Gulimboy pochcham bilan oybikam olim. Institutda dars beradilar. Katta oʻgʻillari Doʻrmanda qaynlari bilan yashaydi. Hasan, Husan oʻgʻillari oʻzlarining oldida. Vorovskaya koʻchasi dahlsiz. U yerda koʻp kavatli imorat tiklash, korxona qurishga ruxsat yoʻq ekan. Oybikamlar yashash joylarini biroz kengaytirdilar. Atrofni yashil olamga, bogʻu bogʻcha, gulu gulzorga aylantirdilar. Anya xola, Grisha amakilar yer mulkini borligʻicha pochchamga xatladilar. Umrlarining oxirigacha hurmat izzatda yashadilar.
Yangiljon, Toʻxtajon oʻzlari orzu qilgani tikuvchilik sexiga asos soldilar. “Tatosh” yorligʻi bilan sotuvga chiqarilgan kiyimlari ommabop. Yangilik izlashdan charchamaydilar. Sulton oybikamning toʻyida kiyimlarimizni tikkan chevar Sapura opa singillarimni bolaligidayoq egizak oʻgʻillariga kelin qilishni hazil aralash aytgan. Oʻsha hazil chinga aylandi. Sapura opaga raxmat. Toʻydan keyin Husinboy bilan Toʻxtajonni bizning oldimizda yashashga yubordi.
-Saroyday joylar turganda bizning katalakdek hovlida uch oʻgʻlimning siqilib yashashiga hojat yoʻq. Qayerda baxtli, tinch boʻlsalar shuning oʻzi yetarli.-dedi.
Otam adash kuyovi Husinboyni oʻz oʻgʻliday mehr ila qarshiladi. Ularning bir-birini tushunishi, bamaslahat roʻzgʻorni, dala shiyponni, yaʼni fermer xoʻjaligini boshqarishlari tahsinga loyiq. Toʻxtajonning egiz farzand, qiz va oʻgʻil tugʻishi xonadonimizni nurga toʻldirdi. Har bir ayol farzand koʻrishni, bolani bagʻriga bosishni istaydi. Shu istak menda ham uygʻongan. Jiyanlarimni Toʻxtajonga ishonmayman. Choʻmiltirish, ovqatlantirish, uxlatish. Vaqt topib oʻzim shugʻullanaman. Onamning armonli nigohlarigina baʼzan xushyor tortiradi. Faqat onam emas, hatto opayalarimning nigohida ham baʼzan achinish bilan qarayotganlarini xis qilaman. Bunday holat meni ranjitadi. Goʻyo ularning bari oilali, farzandli. Men ota-onamni qaygʻurib yolgʻiz qoldim. Balki, shuning uchundir, raxmatlik buvim keksayib, koʻz nurlari oʻchib, yurishga yaramay qolganda ham tez-tez takrorlagan. “Oʻgʻiljon. Seni turmushga chiqqaningni koʻrmasam, armonda, koʻzlarim ochiq ketaman”.
Men oila qurmaganimdan pushaymonmanmi?. Atrofdagilar nazdida yoʻq! Aslidachi? Pushaymonman. Ayniqsa xonamda yolgʻiz qolganda. Barchamiz yigʻilgan kunlarimizda opayalarimning umr yoʻldoshlari, farzandlari atrofiga jam boʻlganda. Toʻgʻri jiyanlarim bagʻrimga keladilar. Lekin…
Bir narsada xato qilganimni angladim. Kelinlikka qarshi isyon koʻtarganim. Kimningdir uyiga borib xizmat qilish, boshqa oilaga qoʻshilishni or bilganim. Ota-onamga rahmim kelgani. Endi juftsiz yashayatganim ularga qanchalik armonligi.
Farzand dunyoga kelsa beriladigan birinchi savol: Qizmi? Oʻgʻilmi? Qiz desa “yaxshi, yaxshi, qiz bola koʻngil yupanchi”. Oʻgʻil desa, “Zoʻr! Oʻgʻli borning oʻrni bor!” deydilar. Yillar oʻtib, hayotni kuzatib amin boʻldim. Aslida qizi borning oʻrni bor ekan. Qiz bola turmushining dastlabki yillarida qiynaladi. Lekin, vaqt oʻtib oilasining bekasiga, kuchli tayanchiga aylanadi. Opayalarimdan misol. Sultonposhshamiz oilasi uchungina emas, butun mahallasi uchun kayvoni opa. Qaynona-qaynotasi, qayn ukalari, ovsinlari maslahatni undan oladilar. Gulposhshamizchi? Biror kun qaynlari oldida xizmat qildimi? Yoʻq. Toshkentga oʻqishini davom ettirishga ketdi. Qaynonasi bechora farzandlarini ulaygʻaytirdi. Olimlik darajasiga yetgunlaricha mablagʻ bilan taʼminladilar. Uy — joy sharoitini yaratdilar. Hozir ham oʻziga xon, oʻziga sulton. Aslposhsha Qudrat pochcham bilan chilladan chiqmayoq yangi uyga oʻtib, erkin yashadilar. Farzandlarini bolalar boqchasi tarbiyaladi. Pochcham bank boshqaruvchisi, oybikam fabrikaning bosh hisobchisi. Turmushlari toʻkin.
Chiniposhshamizni aytmasam ham boʻladi. Ular qozogʻistonlik ikki nafar yetim qizchani asrab, farzandlarini uch nafarga yetkazdilar. Shunisi borki, opam mansab pillapoyalaridan yuqoriladi. Tuman, viloyat xokimligida masʼul vazifalarda ishladi. Farzandlarini ovsini Pardagul opa tarbiyaladi. Pardagul opaday ayollarni jannati desa arziydi. U oʻz tuqqan oʻgʻlini opamga farzandlikka bergani yetmaganday, asrandi qizlariga ham mehr ulashdi. Chinimiz farzandlari ulgʻaygach shaharga koʻchdilar. Ota-onamdan kun osha xabar oladilar.
Kishjonimizning oʻzi bir dunyo. Oshxonalar, toʻyxonalar. Yetimlikda ulgʻaygan Xushnudbekni shu darajadagi tadbirkorga aylanishini kim tasavvur qilibdi deysiz. Buvim raxmatlik “bechora bevaga solgʻit solmaymiz” deb qalin puli ham gitlar ham olmagan(git degani quda tomonga keltiriladigan matolar) Oʻgʻlining diydorini koʻrmay, xor qilgan otasi, ularni xonadonlariga sigʻdirmagan amaki, ammalari endilikda atrofida parvonalar. Oramizda eng zoʻr avtomobil Kishjonniki. Farzandlarining har biri kamida toʻrttadan chet tilini oʻzlashtirgan.
Yangiljon tikuvchilik sexi bilan ovvora. U onamizga oʻxshab qiz farzandlarni dunyoga keltirayapti. Toʻxtajon ishni yigʻishtirdi. Unga uy bekaligi maʼqul. Qoʻli shirin. Pishirgan taomlari aʼlo. Xonadonimizning eshigi mudom ochiq. Mehmonsiz oʻtgan kunimiz yoʻq. Toʻxtajonimiz oʻta mehmondoʻst. Qazonimiz doim qaynab turadi.
Katta, keng yorugʻ, va koʻrkam dolonimizning toʻrida Hurposhshamizning surati chizilgan. Surat ostida stol. Stoldagi guldonning rango-rang gullari har tongda yangilanadi. Guldon yonida Hurriyat, yaʼni Hurposhshamizning oʻzi tanlagan nomi ostida chop etilgan “Orzu manzillari” kitobi. Iqtisodiy imkoniyatlarimiz barqarorlashgan yillari oybikamning qoʻlyozmasini sandiqchasi qulfini buzib ochib olganmiz. Oʻqib koʻrganmiz. Shodiya opa degan noshir ayolni izlab topganmiz. Ammam Hurposhshaning va oybikamning qoʻlyozmalarini berganmiz. Opa oybikamning hikoyalari, ammamning sheʼrlari xomligi, ustida koʻp ishlash zarurligini aytib tixirlik qilgan. Biz qancha mablagʻ kerak boʻlsa homiylik qilishimizni taʼkidlagach, bajonu dil ishga kirishgan. Kitobning muqovasiga Hurimizning hur, pari misol siymosini rassom ajib ranglarda jilolatib chizgan. Kitobning har varagʻiga naqshlar yasalgan. Hurriyat Xoʻjayeva Xurposhsha Xoʻjayevalardan esdalik sifatida qarindosh urugʻlarga tarqatganmiz. Xikoyalar sheʼrlar aslida oddiy, yosh qizlarning dunyoqarashi, atrofdagilarga munosabatini oʻziga mujassam etgan. Shodiya opa uni tahrir etib haqiqiy asarga aylantirgan. Agar Hurposhshamiz, ammamiz oʻlmaganda kuchli ijodkor boʻlarmidilar. Oʻzlari kabi xushsurat farzandlarni dunyoga keltirarmidilar. Bu ham koʻnglimizning oʻchmas armoni.
Buvim dunyodan oʻtdi. Yangi imoratimizda qisqa muddat yashadi. Uning xonasi biz uchun tabarruk. Opayalar shu joyda oʻtirib suhbatlashamiz, dardlashamiz. Buvimni eslamagan kunimiz yoʻq.
Bir kuni Yangiljon ranglari oqarib yonimga keldi. Bildim, jahli chiqqan.
-Raxmatlik Xoljon onaning uyiga koʻchib kelgan yangi qoʻshni biroz jinniroqmi deyman. Seni sal miyasi aynigan ukasiga kelinlikka soʻramoqchi. Ha emish, seni sevgan yigiting nomusingdan ayirib tashlab ketgan emish. Ukasi aybingni kechirib, uylanishga rozimish. Yuziga tarsaki tortganimni bilmabman. Aytmagan gapim, haqoratim qolmadi. Ogʻzidan yana shunday bemaza soʻz chiqsa, jinoiy javobgarlikka tortiramiz, dedim.
Asabiylashdim. Lekin gʻazabimni sezdirmadim. Kulimsiradim. Bu mening nochor xolatga tushganimdan darak. Yangiljon yana koʻp gapirdi. Opalarimizni boshlab, yangi qoʻshnimizning uyiga “razbor”ga kirishlarini aytdi. Indamadim. Bundan battariga loyiqman. Kim boʻlibmanki, asrlardan beri davom etib kelayotgan juftlik qoidasiga qarshi isyon koʻtarsam.
Hali kech emas. Sinfdoshim Doʻschanov Yoʻldosh beva. Kuni kecha tortinib, qimtinib oldimga keldi. Simbirdandi. Nima demoqchiligini angladim. Lekin taklifini aytishga yuragi betlamadi. Ertaga sinfdoshlar jam boʻlamiz. Yoʻldosh Doʻschanovga koʻnglini ochishga imkon beraman. Mayli, kech boʻlsada ota-onamni, opayalarimni quvontiraman. Uyimizda yana yor-yor sadolari yangraydi. Menimcha, shundagina opa singillarning baxti butun boʻladi. Omonlikda koʻrishaylik.
Tamom.