Bekposhsha XOʻJAYEVA : OPAYALAR(hikoya)

0
51
marta koʻrilgan.

Men Oʻgʻiljonman. Otam Husinboy, onam Onajon, buvim Momojon.Toʻqqiz nafar zuryod-qiz. Faqat qiz tugʻilavergan xonadonning xolatini boshidan kechirganlargina tushunadi. Xususan, oʻgʻil farzand kutaverib zadikkan ota, va oʻgʻil tugʻib berolmagan ona.

Menga alam qiladigani, koʻp qizli oilalarga achinish bilan qarashlari. Koʻngil ovlagan boʻlib “Paygʻambarimiz ham oʻgʻilsiz oʻtganlar”-deb taʼkidlaydiganlarning borligi. Goʻyo maxsus pisanda qilganday tuyuladi odamga.

Dil dostonimni bayon qilayotganimning boisi qiz farzandlarning hayotdagi betakror oʻrniyu, oʻgʻil farzandlardan koʻra xosiyatliroq ekanini eslatib qoʻymoqdir. Yozayotganlarim opayalarim, yaʼni, opa-singillarimning bolalik, oʻsmirlik va yetuklik davrlaridan shingil hikoyalar.

Oilamizdagi 9 nafar qizning yettinchisiman. Toʻgʻrisini aytay ismimni aslo, aslo, yoqtirmayman. Qiz bolani shunday qoʻpol nom bilan ataydilarmi?!

Opayalarimning baʼzilari men kabi oʻz ismlaridan uyaladilar. Onamning nuqul qiz tugʻaverganiga biz aybdormizmi?

Buvim ilk nevarasini orzu havas etib, qizlarning sultoni, poshshosi boʻlib yursin, xoʻjazodaligi nomidan bilinsin, deb Sultonposhsha qoʻygan. Ikkinchimiz buvimning taʼbiri boʻyicha qizlarning guli, gulshanlarning poshshosi bu-Gulposhsha degani ekan. Uchinchimiz Hurposhsha. Galdagi opam qizlarning chini-Chiniposhsha. Guvohnomaga nom xatoroq, Chinipashsha yozilibdi. Navbatdagi opam Aslposhsha. Buvim poshshalarni teraberib charchaganlar shekilli, keyingi opayamizni Kishchan deb atabdilar. Yaʼni, qizlarning kichigi boʻlib qolsin, navbat oʻgʻilga yetsin deganlar-da!

E, vooh. Unday boʻlmabdi. Kishchan oybikaginam yilning boshida, men Oʻgʻiltoy qiz shu yilning oxirida, oybikamlarning safini mustahkamlashga shoshilib, yorugʻ dunyoga chiqqanman.

Orada uzilish. Nima boʻldi? Onam bezovta. Uni tinchlantirganlar.”Vaqt oʻtsa, sogʻlomlashib olsangiz, oʻgʻil farzandlarga navbat yetadi. Falonkas yetti qizdan soʻng besh oʻgʻil koʻrdi”. Ishondilar.

Afsus va nadomatlar boʻlsinkim, yillar oʻtib, mendan keyin tugʻilgan chaqaloq Yangiljon ham qiz. Ismga qarang, ismga! Zora yangilanish yuz berar deganlarda! Toʻgʻri kelmadi. Kimningdir maslahati bilan toʻqqizinchi qizni Toʻxtajon deya guvohnomaga yozdirib qaytdilar.

Otam yaxshi odam. Onamning qizlayberganiga koʻnikkanlar. Maʼyusgina, xoʻrsinib-xoʻrsinib tugʻuruqxonadan qaytganlarini kuzatganlar. Onam har bir farzandini dunyoga keltirganda bir oʻlib bir tirilgan. Oʻgʻil koʻrguncha tugʻaberishni rejalashtirgan. Ammo, afsuski, Toʻxtajondan keyin toʻxtalish boʻldi.

Onam shifokorga qatnay boshladi. Bu qanday adolatsizlik? 18 yoshda turmushga chiqib, toʻqqiz nafar qiz tugʻsayu, oʻgʻil farzandga umid paydo boʻlganda, 35 yoshga kirib kirmay tugʻishdan qolish? Aslo mumkin emas!

Onamning noroziligidan shifokorlarning chinakkamiga jahllari chiqqan.

-Oʻv odamzot. Oilalar intizor, bir qizning tirnogʻiga zor. Sizda insof bormi oʻzi? Organizmingiz toʻgʻrisida oʻylaysizmi hech? Qaysi ayol bunday yukni koʻtara oladi.? Tugʻishni toʻxtatmasangz farzandlaringiz onasiz qolishi aniq!-deb qatʼiy talab qoʻyganlar.

Bechora onaginamning koʻzlaridagi aybdorlik, otamning koʻzlaridagi maʼyuslik mening nigohlarimga oʻrnashib qolgan.

Otam yolgʻiz oʻgʻil. Egizagi Hasanboy qandaydir sabablarga koʻra yetti chilladan chiqib-chiqmay sachrabdi, yaʼni,oʻlibdi.

Buvijonim Ollohga koʻp iltijo qilganlar;-

-Oʻzi bir boʻlsada shoxasi ming boʻlsin, oʻgʻildir-qizdir farqi yoʻq, berardan qismagaysan, deb.

Tilaklari mustajob, bir etak qiz nevarali boʻldi. Aslo norozi emas!

-Ollohimning karami keng. Qiz boʻlgan joyda, albatta, oʻgʻil ham dunyoga keladi!-deganlar.

Otam dam-sasini chiqarmaydi. Har gal tugʻuruqxonaga umid bilan borgan. Deraza tagida, xotinini ming oh-voh figʻon bilan koʻzi yoriganini, yana qiz tugʻilganini eshitib, torvuzi qoʻltigʻidan tushib, oʻlar kunda tirjayib, onasidan “Suyunchi” olishga uyga qaytgan.

Qiz bolaning igi (tugʻilishdagi dardi) qattiq boʻlishini buvimdan eshitgan. Onamni dard chekish uslubini deraza ortida turib biroz tinglagan. Tugʻilishimizni kutmay uyga qaytgan. “Qiz” deganu xonasiga kirib ketgan.

Onam bechora oʻgʻil farzand koʻrib, otamni xursand qilish uchun jonini jobborga berishga tayyor. Lekin buvimning xudojoni “boʻldi shu”degan shekilli, soʻnggi iltijolari oʻtmadi. Toʻxtajon kenja qiz boʻlib qolaverdi.

Buvim toʻqqiz nafar nevarasi tarbiyasiga qattiq kirishganlar.

-Xoʻja qizlari odobi, kiyinishi, muomalasi bilan oʻrnak koʻrsatishi kerak!-deya oldimizga shartlar, vazifalar qoʻyadi.

 Sultonposhsha oybikam. Opayamiz Sultonposhsha haqiqiy Sulton qiz. Adolatli. Biz singillariga ishni imkoniyatimiz, qobiliyatimizga qarab taqsimlaydi. Onamning oʻng qoʻllari. Maktabda aʼlochi. Dugonalari bilan sirdosh, dildosh. Sinfida 10 nafar oʻgʻil bola, 20 nafar qiz bola oʻqiydi. Ishonavering, 10 nafar yigitcha ham oybikamga oshiq!

Kimki esdalik daftar tutsa, birinchi boʻlib oybikamga beradi. U esa, esdalik daftarga gullar chizadi. Gul barglariga oʻzi toʻqigan sheʼrlarni, daftar egasining aʼlo fazilatlarini boʻrttirib, maqtab yozadi.

Oʻgʻil bolalarning barchasi bilan ahil. Hurmatlarini joyiga qoʻyadi. Ularning oʻsmir qalbida qaynayotgan muhabbatini aslo sezmaganday.

Ikkinchi, uchinchi oybikamlar  toʻgʻrisida keyinroq toʻxtalaman.

 Chiniposhsha oybikam. Toʻrtinchi opayamiz Chiniposhsha — haq huquqini talashadigan, biroz janjalkashroq. Hatto, buvimning buyurgan ishlarini ham oʻlda-choʻlda, chala bajarib qochadi. Lekin Sulton opamizning soʻzini ikki qilmaydi. Oybikam uni xil-xil nomlar bilan ataydi.

-Chinni piyola, Xrustal, Billur, Chin mamlakati podshosi-mening singlim-deya, bajaradigan vazifasining darajasidan kelib chiqib, erkalatuvchi nomlarni oʻzgartirib turadi. Men ham ushbu hikoyani yozish davomida opayamni goh Chiniposhsha, goh Chinposhsha deya ataganman

Chiniposhsha oybikam pasport olganda nomini oʻzgartirishga qatʼiy qaror qilgan. Nega deysizmi?

Birinchidan, nomining asl maʼnosini anglab yetolmaydi. Chin poshsha-haqiqiy podsho deganimi? Yoki, Chinni- bu choynak piyolaga ishlatiladigan loymi?

Eng yomoni, sinfdoshi Shohida ustozining buyrugʻi bilan oʻqituvchilar xonasidan sinf jurnalini olib kelayotganda Chinining baholarini koʻrish uchun familiyasini izlagan. Va nimani koʻrgan bilasizmi?

Chinipashshani! Poshsha emas, Pashsha deb yozilganini! Ayb topganidan rosa suyungan. Negaki, darslarda baho olish boʻlsin, fan olimpiadalarimi, sport musobaqalarimi, doimiy raqibi shu Pashshada! Tili burro qizni sindirib qoʻyadigan payt keldi.

Dars boshlanishi bilan daftarning bir parcha varagʻiga yozib qogʻozni gʻijimlab uzatibdi.

“Nega tiling muncha zahar, chaqaverasan, desam Chin Pashsha ekansan-da! Ismingning jismingga monandligini qara!!!”

Oybikam shu kungacha FXDYo boʻlimidagi koʻrsavod opaxonning guvohnomaga nomini xato yozganiga ahamiyat bermagan. Dastlab, sinf jurnaliga notoʻgʻri bitilgan deb oʻylab, jahl otini qamchilab, toʻppa-toʻgʻri maktab direktori oldiga kirgan. Tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomadan harfma-harf koʻchirilganini eshitgan. Shu zahoti uyiga chopib borib, onamizning hay-xayiga qaramay jomadondan guvohnomani olib, maktab yaqinida joylashgan FXDYo boʻlimiga kirgan.

Qarangki, ismini xato yozgan ayol hamon shu yerda ishlayotgan ekan. Uni aldab-suldab tashqariga yetaklagan. Atrofga alanglab, sekingina tushuntirgan:

-Pasport olish yoshiga yetayotirsan. Oʻzing xoxlagan nomni qoʻyib olish xuquqing bor. Senga “modniy” ismlarni oʻzim tanlashaman. Sal qistanmay tur,- debdi. Opamni janjal koʻtarishga moyilligini koʻrib soʻzini davom ettiribdi:

-Otang sinfdoshim. Toʻrtinchi qiziga guvoxnoma olishga kelganda juda xomush edi. Raxmim keldi. Bechora oʻgʻil kutgan-da. Qisinganimdan ismingni xato yozibman. Kechirda endi qizim.

Bahonani qarang! Demak, Chiniposhsha otasi xoxlamagan qiz ekan! Opayam uyga kelib rosa toʻpolon koʻtardi. Yigʻladi. Otamni, onamni, hatto, buvimni esankiratib qoʻydi. Opalarim tomoshabin. Janjal qay tarzda yakun topishiga qiziqayaptilar. Ular ham deyarlik oʻz ismlarini yoqtirmaydilar. Chin oybikamga Sulton opamni-da gapi oʻtmadi. Ishqilib yugur-yugurlar natijasida guvohnoma qayta olindi. Endi opam Indiraga aylandi. Buvim norozi. Indira nomini aytishga tili kelishmaydi. Indira guvohnomada qolib ketdi. Uydagilar, qoʻshnilar, qarindosh-u sinfdoshlar oʻzlari oʻrgangan nom bilan atayverdilar. Faqat Shohidagina piching aralash Indirapashsha deb chaqirib opamni asabini egovlashni kanda qilmagan.

 Davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.