Bekposhsha XOʻJAYEVA : Sultonposhshamiz kelin boʻldi (davomi)

0
12
marta koʻrilgan.

Sultonposhsha opayamiz maktabni oltin medal bilan bitkazdi. Maqsadi shifokor boʻlish. Faqat bitta imtihonni aʼloga topshirsa bas. Talaba boʻladi qoʻyadi.

Viloyatimizda tibbiyot instituti yoʻq. Toshkent shahriga yo Andijonga yuborishga buvim tish tirnogʻi bilan qarshi. Boʻyi yetgan, koʻzga yaqin qizni uzoq yurtlarga yuborish masʼuliyatsizlikdan boshqa narsa emasligini taʼkidlashdan toʻxtamadi. Onam ham qarshi. Oʻng qoʻl yordamchisini yonidan joʻnatish kimga ham yoqardi. Otam betaraf. Chunki ikki ayol hangirdab turganda otamga fikr bildirishga yoʻl boʻlsin. Biz qizlarga baribir.

Oybikam yigʻlay -yigʻlay shahrimizdagi tibbiyot bilim yurtiga hujjat topshirdi. Porasiz qabul qilmaydilar. Falon soʻmni choʻntakka solib borasizlar, deyishgandi. Oltin medal sohibasini quvonch bilan qarshi oldilar.

Oybikam bir zumda nazarga tushdi. Aʼlochi, jamoatchi, sportchi. Oʻqituvchilar orasidan xaridorlar chiqdi. Ishonavering, uyimizda sovchisiz kun yoʻq hisobi. Bizga yoqmaydi. Doimo tartib qoidaga amal qilib, sovchilarni tirjayib kutib olaverish onamning ham joniga tegdi. Oxiri bu masalaga nuqta qoʻyildi. Uyimizni shovqin suronga toʻldirib otamning bolalik doʻsti Egambergan aka xotini Sanamjon opa bilan kirib keldilar. Kechgacha gurunglashib, mazza qilib oʻtirdilar. Ketar chogʻlari Egambergan aka omonatini olib ketmoqchi ekanligini aytdi. Hayron qoldik. Otam bilan bir vaqtlari quda boʻlishga kelishgan ekanlar. Otam qizarib boʻzardi. Chunki bunday kelishuv boʻlganini eslay olmadida.

Sanamjon opa ogʻzi qulogʻida. Oʻgʻli Samandarni maqtaydi. Armiyadan xizmatni aʼlo tugatib qaytibdi. Tavsiyaga binoan uni ichki ishlar boʻlimiga qabul qilibdilar. Uning shunday zoʻr oʻgʻliga faqat Sultonposhshaday qiz munosibmish.

Egambergan akaning besh nafar oʻgʻli bor. Qizlari yoʻq. Sanamjon opa har doim oybikamni qiziday koʻrgan ekan. Ishqilib, gapirib-gapirib koʻndirdilar. Sovchilik udumiga koʻra keltirgan shiralari olib qolindi. Faqat toʻy oybikam oʻqishini tugatgandan keyin oʻtkazilishiga kelishildi.

Sovchilar ketgach uyda yarim tungacha fikr olishuvlar tinmadi. Oybikam norozi. Turmushga chiqmayman deb xarxasha qiladi. Otam xotirjam. Onam mamnun. Chunki oilani yaxshi biladi. Farzandlari tartibli. Oila toʻkin yashaydi. Uy-joyi havas qilgudek. Samandar kuyovim bor desa degudek. Hammadan koʻra buvim xursand. Chunki boʻlajak qudalar ham xoʻjalar. Saidlar avlodidan.

Qudalar soʻzida turmadilar. Toʻyni tezlashtirish harakatiga tushdilar. Biznikilar norozi. Hali endi birinchi bosqichda oʻqisa. Kelinlik vazifasini ado qiladimi, yoki oʻqishini?

Sanamjon opa gapni kesib gapirdi:

-Kelinning xizmatiga ehtiyojim yoʻq! menga qiz kerak. Olti erkakni ichida oʻzim ham erkakka aylanib boryapman. Meduchilishi bogʻimizning orqasida joylashgan. Darsga chaqiradigan qoʻngʻirogʻini eshitib oʻtiramiz. Sultonposhsha qizimga bor imkoniyatni yaratib beraman. Bizga ham oʻqigani maʼqul. Sizning xonadoningizga qaraganda ham erkaroq yashaydi qizim.

Rozilik berildi. Maslahatlashib patir ushatish, fotiha toʻy, eshik ochar, koʻrpa bichar barchasini bir kunda oʻtkazishni rejalashtirdilar.

Oybikamga toʻyliq keladi. Esimni tanigandan beri birinchi marta toʻyga tayyorgarlik boʻlayapti.

Ana, koʻcha boshida yuk mashinasi koʻrindi. Uyga yaqinroq kelib toʻxtadi. Nazarimda quda tomondan piyodalab kelayotgan xotin-qiz, erkaklarni oldinga oʻtishini kutayapti. Ayollarning qoʻllarida katta dasturxonlar.

Elatimizda xizmat koʻrsatgan qoʻshiqchi Rajabboy ogʻa doirakash ukasi Sultonboy ogʻa bilan eshigimiz oldida chala avjida “Toʻylar muborak”ni boshlab yubordi. Amina opa boshchiligida elatimizning joʻnqi ayollari raqsga tushib qudaxolalarni kutib oldilar. Udumga koʻra eshikdan ichkari hatlagan har bir ayolning peshonasiga un surtib, qoʻllariga unga belangan qand-qurs berib oqlantirdilar

Orqa darvoza  lang ochildi. Yuk mashinaga ortilgan toʻyyonalar yigitlar yordamida pastga tushirila boshlandi. Birinchi qayrilma shoxlariga poʻta bogʻlangan oppoq qoʻchqor dumbalarini chayqatib darvozadan yetaklab kirildi. Qoʻchqorga qoyil qoldik. Koʻrinishidan ot hurkadi. Lekin qoʻyday yuvvosh ekan. Xuddi molxonamizni azaldan bilganday beozor shu tomonga yoʻnaldi. Atrofdagilar “Bechora qoʻchqor, toʻydan toʻyga yuraverib tajribasi oshgan”, deb miriqib kulishadi. Qoʻchqorni ichkariga yetaklagan qorindoshimiz shoxidagi poʻtani yechib, oʻziniki qildi, bu odatni tushunmadim.

Mashinadan gʻunajinni tushirish ancha mushkul kechdi. Zotdorligi koʻrinib turibdi. Shatoloq otib hammani bezovta qildi. Bir amallab molxonaga qamadilar. Keyin bir xalta guruch, ikki xalta un, bir qop sabzi, yashiklarda shirinliklar, ichimliklar ichkariga tashildi. Oxirida orja ustiga terilgan koʻrpa-toʻshak yostiqu koʻrpachalar, izidan orja xonadonga kiritildi.

Qudagʻaylarni ichkarida, yasatugʻlik dasturxon atrofida kayvoni qarindosh, qoʻshnilar qarshi oldilar. Qudalarga moʻljallangan joyga esa koʻrpa toʻrt qavat qilib toʻshalgan. Udumga koʻra bosh qudalar shu koʻrpalar ustiga joylashadilar. Bu ulkan siylov timsoli emish.

Osh tortildi. Ayollar tomonda ular xush koʻradigan jarayon. “oʻngmu-oʻng“, “Oʻng boʻlsin, toʻylar oʻngidan boshlansin” degan sadolar ostida dasturxonlar ochildi. Katta dasturxondagi patnisda shirinliklaru shoxa novotlar.

Elti momo: -Yaratgan biriborimni inoyati  bilan  Egambergan,  Sanamjonning oʻgʻillari Samandarboyga  Hoʻsinboy, Anajonning qizi Sultonposhshaga sizlarning guvohligingizda novvot ushatamiz! Xox xoxo, xox-xoxo.

Eltimomo yirik novot boʻlaklarini bir-biriga urib maydalar ekan bor ovozda xoxolab kular, uning taʼsirchan qahqahasiga davrada oʻtirgan ayollar barobar qoʻshilishar, xonada xush kayfiyat hukumronlik qilardi.. Momo eng chiroyli tilaklarni bildirib yonidagi ayollar  yordamida novotlar, oq qand, qimmatbaho komput, qatlama patirlarni ushatib oq roʻmolchaga oʻrab oʻtirganlarga tarqatdi. Toʻgʻrisi kap-katta ayollarning xola-xola oʻynayotgan qizchalardek qiliqlari gʻalati tuyuldi. Bunday  udumlarni ham kimdir oʻylab topganu, odatga kiritganov.

Demak, opamning toʻyi boshlanishi uchun tom maʼnoda non ushatildi.

Toʻy kuni belgilandi. Juda qisqa muddat. Ikki kundan keyin. Onam norozilik bildirdi.

-Na koʻrpa toʻshak, na koʻrpacha, na qizga qoʻshadigan mayda chuydamiz tayyor emas. Kiyimlari tikilmagan. Toʻyga umuman tayyorgarlik yoʻq, qistonmang!

-Koʻrpa toʻshak kimga kerak? Zarurlarini taxt etib keltirdim. Gʻijim baxmaldan. Chitnama paxta solib qavilgan. Shularni qaytadan mashinaga yuklab, kelin bilan joʻnataverasiz. Koʻrpa-toʻshakka zoriqqan davrlar oʻtdi. U paytlar uzoq yaqindan kelgan qarindosh tuqqanlar ikki-uch kunlab mehmon boʻlar, koʻrpa koʻrpacha topolmay qiynalardik. Shundan toʻshov yigʻish miyamizga oʻtirgan. Chang bosib, sandiqning ustida qavatlanib yotaveradi. Hozirgi mehmonlarning kelishidan ketishi tezroq. Neki murodingiz boʻlsa beshik toʻyida qilarsiz.

Nihoyat, Sanamjon opa yoqimsiz mavzudagi maʼruzasini toʻxtadi. Qulogʻimizga yoqadigan xabarni aytdi.

-Kelinning kiyimlariga kelsak, chevarga aytilgan. Shogirdi bilan keladi. Qizlaringizning toʻy koʻylaklarini tikishingizga ham yordamlashadi.

Shunday deya Sanamjon opa bizni orja tomon boshladi. Sirli koʻrinayotgan orja ochildi. Ichi liq toʻla! Katta tugun opamga atalgan. Otam uchun makentosh plash. Onamga “Indiyskiy” jempir, buvimga katta issiq roʻmol. Bizga, sakkiz nafarimizga moʻljallangan bir oʻram, gullari charaqlagan jersi mato. Boshqa sovgʻalarning ahamiyati qolmadi. Biz faqat orzu qila bilganimiz jirsi matohdan koʻz uzmayapmiz. Qudalarning tezroq ketishini poylayapmiz.

Tashqarida Egambergan aka bilan otam, Pirjon doyim suhbatlashib turibdilar. Otam qip-qizargan. Odatda biror narsadan norozi boʻlsa shunday qizarib ketadi. Sezdik. Qudalarning toʻyni undan soʻroqsiz tezlashtirganlari malol kelayapti. Dami ichida. Toʻy degani oʻtadi ketadi. Quda bilan qarjashmagan maʼqul. Pirjon doyim  uzoqdagi qarindoshlarni xabardor qilish uchun moskvich mashinasini hozirlashini aytdi.

Quda xolamiz soʻzida turdi. Shu kuniyoq shogirdiga qoʻl mashinkani koʻtartirib chevar keldi. Qoʻshnimiz Yoqutjon opaning-da tikuv mashinasini ijaraga oldik. Chevar Sapura opa dilkash, hazilkash juvon ekan. Kelinning kiyimlaridan avval Yangiljon bilan Toʻxtajonning koʻylaklarini bichdi.

-“Sonse klesh” deyiladi bu bichimga. Aylansa quyoshdek atrofga keng yoyiladi, dedi.

Biz u darajada tushunmadik. Shogirdi shitirlatib tikishni boshladi. Onamiz ham oʻziga yarasha chevar. Sapura opa yordamida biz qizlarning koʻylagini ham gavdamizga, boʻyimizga yarashadigan uslubda qaychidan oʻtkazdilar. Har kim qoʻlidan kelgancha ishga kirishdi. Ayniqsa, Aslposhsha oybikam. Tajribali tikuvchilar misol qoʻliga igna-ip olib topshiriqlarni bajarishga kirishdi. Kishchan bilan men sekin tashqariga yoʻnaldik. Bunday yumushlar menga aslo yoqmaydi. Kishchan-ku, umuman, xush yoqmas.

Tikuvchiga buyurtma bersang oʻn kun qatnaysan. Yangiljon bilan Toʻxtajonning koʻylagi uch soatga qolmay tayyor boʻldi. Ularning shodligini bir koʻrsangiz. Tinim bilmay gir-gir aylanadilar. Koʻylaklarning etak qismi doira shaklida yoyilib chiroyli xolat baxsh etadi. Ularning quvonchi barchamizga taʼsir etdi. Har ikkala opayachamiz Sapura chevarning yonidan jilmadilar. Chevarga ham singilchalarimizning xushchaqchaqligi, ikkalasining bir-biriga mehrliligi yoqib qoldimi, “Xudo xoxlasa shu qizlarni Hasan-Husanlarimga soʻrab kelaman, kelinlikka berasizlara”, dedi hazil aralash. Biz mazza qilib kulishdik. Katta opayalari qolib, Yanish bilan Tatoshga sovchi keldi deb.

Toʻy kunigacha Sultonposhsha oybikamdan tortib, onam, buvim, biz qizlarning-da toʻy liboslarimiz tayyor boʻldi.

Xina yopar, yaʼni qiz toʻyi kuni sakkiz opa-singil bir xil koʻylakdamiz. Barchamizga yarashgan. Kayfiyatimiz aʼlo. Ayniqsa, Hurposhsha oybikam sarvi sanamga aylandi. Erta tongda yuvgan qop qora, qalin uzun sochlari koʻylak etagiga bosh urgan. 15 tutam. Biz qizlar soch uzunligini tutamlab oʻlchaymiz. Mening sochim qancha parvarishlamay besh tutamdan oshmaydi. Oybikamning sochlari yaltirab turibdi. Qoshlarini aytmaysiz, sochi kabi jilolanayapti. Qop qora koʻzlarining shu darajada jozibali ekanini endi payqabman. Ishonavering, kattadan kichik hammaning koʻzi oybikamda. Faqat buvim bezovta. Oʻzini qoʻyarga joy topolmaydi. Hur oybikamni koʻzlardan pana qilishga intiladi.

Xina yopar zoʻr oʻtdi. Quda tomondan kelgan xalfalar davrani qizitdilar. Biz ham charchab qolguncha oʻyinga tushdik. Toʻy yakunida lovopkosalarni toʻldirib xina olib kelindi. Quda xolamiz biz tomonlarda kamyob va noyob xina kukunini topib joʻnatgan ekanda. Issiqina suvga aralashtirilgan xinani qoʻlga surtish zavqli ekan. Opamni kaftiga pochchamning nomi xina bilan yozildi. Yurak shakli chizildi. Va nihoyat yigʻilganlar uy-uyiga joʻnadilar.

Qoʻllarimizni yuvdik. Sulton opamning qoʻlidagi yozuv va yurak xoʻp chiroyli chiqibdi. Yangiljon, Toʻxtajon, Kishjonlarniki chaplanib ketibdi. Hammadan koʻra Hur oybikamning qoʻllaridagi xina tiniq, toʻq rangda namayon boʻlibdi.

Buvim hamon bezovta. Oʻzini qoʻyarga joy topolmaydi. Meni bandirgohga, koʻchamizning boshida, yoʻllar kesishgan joyga joʻnatdi. “Yoʻlning toʻrt tomonidan toʻrtta choʻp keltir”,-dedilar xomush xolda.

Chopqilab ketdim. Buvimning chehrasi ochilsa boʻldi. Qanday vazifa topshirsa bajarishga shayman.

Choʻplarni keltirdim. Keyin uydagi katta-kichik buvimning buyrugʻiga binoan ensa sochidan bir tor yulib berdi. Keyin qogʻozni buklab, buklab qaychi bilan qirqishga boshladi. Har qaychi urganda kimningdir nomini aytadi. Qirqim uzoqroqqa tushsa ayrim olib quyadi. Qiyqimlarni ochsak xuddi koʻz shakliga oʻxshaydi. Biz hayronmiz. Nima gap?

Nihoyat katta yakandozga isiriq soldi. Choʻgʻ ustiga  uzoqqa sochilgan, koʻzga oʻxshagan oʻsha qiyqimlarni, bandirgohdan keltirilgan choʻplarni, soch tolalarimizni, piyozning poʻsti, murch boʻlaklarini aralashtirib tutatdi. Dastlab, Hur oybikamning bosh oyogʻidan aylantirdi. Nimalarnidir pichirladi. Anglaganim “Koʻzi tekkanning koʻzi chiqsin” degan gapi boʻldi. Bizlar ham navbati bilan isiriq hididan bahramand boʻldik. Chini oybikam toʻngʻilladi.

-Yap-yangi koʻylagimizdan atir emas, isvant isi keladigan boʻldi-da, dedi. U barcha opayalarning dilidagi gapni aytdi.

Ertasi tongdan katta qozonda suzma damlandi. Tushga qarab qarindosh urugʻ, qoʻshni-ova, qudalar jamlandilar. Suzma tortildi. Tashqari hovlida quda tomondan kelgan sanʼatkorlar qoʻshiq aytdilar.

Ayollar davrasida chaqqon, chevar, uvali-juvali kayvonilar goʻshanganani bichib tikdilar. Qizga atalgan maxsus dasturxonni qizlar davrasiga olib kirib, unga atalgan nikox koʻylagiyu, maxsilarni kiydirdilar. Shu asnoda goʻshangana ostiga kirgan qizlar teppasida turib yor-yorni boshladilar.

Avval boshlab Xudoni yod atali yor-yor,

Paygʻambarlar ruxini shod atali yor-yor.

Paygʻambarni qizini Ali oldi yor-yor,

Qiz olib, qiz barishmak shundan qoldi yor-yor.

Koʻshaganang sochoqi sochilamish yor-yor,

Ichinda bir dasta gul ochilamish yor-yor.

Yigʻlama qiz, yigʻlama, toʻy saniki yor-yor,

Boʻsagʻasi tillodan uy saniki yor-yor.

Yor-yor uzoq aytildi. Menga yoqqan satrlar qulogʻimda qoldi.

Ignam uchi sindi dab, soʻkding onam yor-yor, indi getib boraman, qolding onam yor-yor. (Bu buvimga tegishli. Bizni ninalarni yoʻqotib qoʻysak soʻkardilar. Oyogʻingizga kirsa, tomir orqali toʻgʻri yuragingizga qadaladi. Oʻlib qolasizlar, deb).

Oʻz onamning eshigi, guldin eshik yor-yor,

Oʻtsam-ketsam sochimni, silar eshik yor-yor.

Qaynonamni eshigi, tikon eshik yor-yor,

Oʻtsam-ketsam sochimni, yular eshik yor-yor.

Bizni eshik gulday emasligini bilaman. Sanamjon xolaning eshigiga tikon bogʻlab qoʻyilganmikan?

Mahzun nola bilan aytiladigan yor-yor koʻngillarni, diydalarni yumshatib yuboradi. Goʻshanga tagida kelin boʻlmish ichikib-ichikib yigʻlaydi. Dugonalar unga qoʻshiladi. Onajonim, buvim, opa-singillar, amma-xolalar koʻz yoshlarini artadilar. Qiz ota uyini tark etayotganini chuqur xis qiladi. Ona, erka qizini endi faqat mehmon ekanini anglaydi.

Bizlar ham rosa yigʻladik. Xodim onaning keskin ovozi barchani sergak tortirdi.

-Boʻldi shu, yetar. Bibioysha, Bibifotima onamizdan qolgan udum bu. Tovba! Dengizning ortiga ketyaptimi? Bir koʻcha nariga uzatilayapti. Qani yangalar, tezlashing. Qudalar kutib qoldi.

Tashqarida otaxonlar. Goʻshanga ostida hamon oʻzini yigʻidan toʻxtata olmayotgan oybikamni uzundan-uzoq duo qildilar. Otam ham koʻz yoshi yuzini yuvib, baxt iqbol tiladi.

Oybikam chiroyli bezatilgan oq rangli “Gaz-24” volgaga ikki nafar dugonasi bilan joylashdi. Oldinda yanga. Qoʻlida lampachiroq. Gʻalati udum. Kerosin quyilgan lampaning piligini yoqib ehtiyotlab, oʻchirmasdan, kelin xonadoniga yetkazish, erta tonggacha shu chiroqni yoqiqligini taʼminlash kerak. Oʻchib qolsa behosiyat boʻlarmish. Momolarimiz nima qilgan ekanlar? Hushtik yoqib, aravada chayqalib, chayqalib ketiveribdilarmi?

Kerosin toʻkilib, mashina ichida olov chiqish xolatlari ham yuz berganini, bunday beʼmani odatlardan voz kechish kerakligini mahalliy televideniyemizdagi koʻrsatuvda berganlarini koʻrganman. Qarangki, amal qilinmayotgan ekanda. Yanga bechora pishib, kuyib qolmaslik uchun butun eʼtiborni kelingamas, chiroqqa qaratayapti.

Hur oybikam shoshilib, kelin mashinaga intildi. Dugonalari qatorida Sulton opamga yoʻldosh boʻldi. Biz ham toʻyga borishni juda xoxladik. Ruxsat berishmadi. Kayvoni ayollar yoʻlga otlandilar. Yoʻl boshida qora volgada kuyov joʻralari bilan opamni kutayapti. Oq va qora volgalar izma iz harakatda. Butun mahallani mashinalarning babap-bibipi tutib ketdi. Oʻtkinchi mashinalar ham bibiblatib signal chaladilar.

Biz eshigimiz oldida turib ularni kuzatib qoldik. Yangiljon bilan Toʻxtajon ancha joygacha izlaridan chopqilab bordilar. Ularga qoʻshilgim keldi-yu, uyaldim.

 davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.