Biz bogʻcha-maktabdir, texnikum yoki oliy oʻquv yurtidir, oʻqishimiz jarayonida ateistik ruxda taʼlim-tarbiya olganmiz.
“Xudo yoʻq. Namoz paygʻambarning oʻzi va avlodini ulugʻlashga yugʻrilgan”. Davr mafkurasi dinsizlikni ongi shuurimizga singdirishga yoʻl ochgan.
Zamonlar oʻzgardi. Shu mafkurani targʻib qilganlarning baʼzilari birinchilardan boʻlib haj, umra safarlariga otlanganlar.
Yoshimiz ulgʻaygan sari tilimiz tilovotlarga oshiqdi.
Saharda bomdodga uygʻonaman. Xoʻjam Yosin surasini oʻqishga kirishadi. Nomozga egiling desam, negadir yuragi betlamaydi. Yosinni esa uzoq oʻtirib kuniga yetti marta oʻqiydi. Duoyu tilaklari ham choʻzilgandan choʻziladi. Paygʻambarlarimizu, aziz avliyolarimizni, kattalardan eshitgan bilganlarini nomma-nom aytib, ularning joylari jannatdan boʻlishini Alloxdan soʻraydi. Men kulgimni tiyolmayman. Necha bor aytganman: ”Xoʻjatoyim, paygʻambarlar, avliyolar shunday ham jannat sohiblari”, deb
-Nima qilay, tilimga keladi, aytaman.
Xoʻjamning duolaridan barcha qarindoshlar bahramand. Hammasiga omonlik, xotirjamlik, boylik tilaydi. Oʻtganlarni-ku aytmasa-da boʻladi. Mening ismimni unutishi mumkin. Lekin bobo-momolarimiz, oʻtgan qarindoshlar, qoʻshnilar, xatto Kim Sergey, tyotya Lyusyalar ham tilovotdan chetda qolmaydilar. Barchasiga jannatdan joy soʻraydi. Bir kuni hazilkash kenja qizimiz otasiga soʻz qotdi:
-Aka. Menimcha dunyodan oʻtganlarning ruxlari har kuni stroysa boʻlib uyimizga kelsalar keragooov. Bechora Lyusya babulya, dedushka Sergeylar navbatning oxirida turadilarmikan yo boshida? Xrestianmi, buddistmi, sizga baribirmi, aka?
-Shak keltirma, qizim. Xudoyim uchun bandasining qaysi millatga mansubligi ahamiyatsiz. Alloh koʻnglimga solgan odamning nomi tilimga chiqadi.
Xoʻjamning oʻz falsafasi bor.
Tong otib otmay uyqum oʻchadi. Koʻzimni ochmayoq qoʻlim bilan Xoʻjamning oʻrnini paypaslayman. Uxlayotgan boʻlsa xotirjam tortaman. Oʻrnida boʻlmasa yuragim shuvillaydi. Bilaman, tongda Yosinini oʻqiydi. Roʻzgʻor ishlarini boshlaydi. Qoʻrqinchim: Bir kuni shu oʻrin boʻsh qolmasin. Xoʻjamda ham menga nisbatan shu tuygʻuni his qilaman. Bekorga “Qoʻshganing bilan qoʻsha qari”, demas ekanlar. Ezma boʻlsada, feʼli oʻzgarib tursada, boshimning toji Xoʻjamdan ayro qoldirmasin.
2023 yil. 11 sentyabr. Urganch