Birinchi kitob – bu muallifning xalqqa beradigan “vaʼdasi”!

0
674
marta koʻrilgan.

 “INFOLIB UZBEKISTAN-2019” VIII Milliy axborotkutubxona haftaligi doirasida  Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi vaTuronkutubxonasi hamkorligida «Birinchi kitobim» ruknida chop etilgan asarlarning taqdimoti oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari, shoir Nodir Jonuzoq, taniqli shoir Aziz Said, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov va taniqli xonanda Shuhrat Daryolar ishtirok etib, yangi kitoblar haqida oʻzlarining qimmatli fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi bilan 19 nomda 10 ming adadda chop etilgan birinchi kitoblar mualliflarining ijodi tenglari aro oʻziga xosligi, aytar soʻzi bor ekani ustozlar tomonidan eʼtirof etildi,

Tadbir davomida bu yilgi mualliflarning koʻp sonli ijodkor yoshlar orasidan tanlanishidagi mezonlar avvalgilariga qaraganda kuchliroq boʻlib, har bir kitob qoʻlyozmasi tanqidiy nazar bilan oʻqilgani, badiiy sayoz asarlar qayta ishlashga berilgani, mualliflar bilan kitob muharrirlari yuzma-yuz oʻtirib, har bir ijodiy ish tahlil qilinganiga alohida urgʻu berildi. Darhaqiqat, bu yilgi nashr qilingan kitoblar ham mazmun, ham sifat jihatdan avvalgilardan farq qiladi. Mualliflar orasida turli matbuot nashrlarida oʻz asarlari bilan qatnashib, ustoz ijodkorlar nazariga tushgan yoshlarning borligi quvonarli hol.

 Deyarli barcha qoʻlyozmalarni oʻqib, oʻz tavsiyalarini bildirgan shoir Aziz Said hozirgi yoshlar ijodi haqida batafsil toʻxtalib, bugungi yoshlarda ijodiy taʼsirlar, taqlidlar kamayib, yangi soʻz aytish, obraz yaratishda ayricha urinishlar boʻlayotganligini qayd etdi.

 Adabiyotshunos Bahodir Karimov esa kitob mualliflarining ijodiy salohiyatlari, mashaqqatli yoʻldagi ildam qadamlarini eʼtirof etar ekan “Birinchi kitob – bu muallifning xalqqa beradigan “vaʼdasi” va u unga oʻz ijodi bilan “vafo” qilishi shart!” deya taʼkidladi. Shuningdek, u bugungi kunda nazmda Bashorat Otajonova, Nozima Habibullayeva,  Dadaxon Muhammadiyev, Muslim Musallamlarni, nasrda Bayram Aytmurodov, Javlon Jovliyev, bolalar adabiyotida Azamat Xudoyberganov, Mohidil Abdullayeva, publitsistikada Husan Maqsud, dramaturgiyada Obidjon Roʻziboyev, Shavkat Doʻstmuhammadlarning oʻziga xos “ovozi” borligini aytib, ularni oʻz ustida yanada koʻproq ishlashga, oʻzbek adabiyotini dunyoga tanitishga chorladi.

Muxtasar aytganda, adabiy kecha rasmiylikdan xoli tarzda ancha erkin, nazm va navoga uygʻunlashgan tarzda oʻtdi. Yosh ijodkorlar tomonidan sheʼrlar oʻqildi, Kechaning davomi xush navolarga ulandi.

 Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Yosh ijodkorlar bilan ishlash boʻlimi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.