“Boburning kasallik tarixi” kitobidan: Ahmad Tanbalga qilingan tuhfa

0
1186
marta koʻrilgan.
Zahriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida va oʻsha davrdagi tarixiy obidalarda qilichning karomati, harbiy aslaha sifatidagi jihatlari haqida juda koʻp misollar keltirilgan. Shular qatori, qilichni ishlatishda mahorat koʻrsatgan jangchi, shaxs hamisha ijobiy baholangan, qadrlangan.
 
Masalan, Bobur bir necha bek va sarkardalarning qudrati mohirona qilich tebratganida, dushmanni yakson etganlikda deb bilgan. Masalan, u Xuroson sultoni Husayn Boyqaroga baho berar ekan, deydi: “Shujoʼ va mardona kishi edi. Borlar oʻzi qilich tegurubtur, balki har maʼrakada borlar qilich tegurubtur. Temurbek naslidin hech kim maʼlum emaskim, Sulton Husayn mirzocha qilich chopmish boʻlgay”.
 
Bobur bu asarida oʻzining qilichi haqida koʻp oʻrinda fikr yuritgan. Dastavval, Samarqandni zabt etgan Bobur aʼyonu beklarini taqdirlash, aniqrogʻi, ularni oʻziga yaqinlashtirish maqsadida koʻplarining rutbalarini koʻtaradi, inʼomlar beradi.
 
Bunda Boburning eng ishongan beki, keyinchalik qariyb umrining oxirigacha sadoqat bilan xizmat qilgan, harbiy ishlarida yetuk maslahatchi boʻlgan Qosimbek shu paytlarda Bobur qalamravi va saltanati ishlariga koʻz olaytirgan Ahmad Tanbalni ham siylash lozimligi, shu bilan uni murosaga kelishini osonlashtirish uchun tuhfa berish zarurligini va bu munosib tuhfa faqat Boburning shaxsiy qilichi boʻlishi mumkinligini aytadi.
 
Bobur dastavval Qosimbekning bu taklifiga rozi boʻlmaydi, ammo u buni qayta-qayta iltimos qilgach, keyin rozi boʻlib, shaxsiy qilichini Ahmad Tanbalga beradi.
 
Buni qarangki, taqdir taqozosi bilan muhorabalardan birida Ahmad tomonidan zarb bilan Boburning boshiga aynan shu qilich tushadi. Bu holatni Bobur asarida afsus bilan qayd etib, shaxsiy qurolni birovga berish mumkin emasligi, xosiyati yoʻqligini taʼkidlagan.
 
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Zahiriddin Boburning barcha muhorabalardagi yutugʻi, lashkarlarining qilich chopishdagi mahorati, eng avvalo, askarning bu harbiy qurol bilan muomala qila olishi, mahorati evaziga koʻlga kiritilgan. Keyinroq toʻpotar harbiy qurollar qilichbozlarni himoya qilgan…
 
Manba: “Boburning kasallik tarixi” kitobi
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.