DILBAR BEKCHANOVA: OQIBAT MEHROBI (Qissa) – Qatagʻon qurboni boʻlgan  bobolar(davomi)

0
71
marta koʻrilgan.

1938 yilning kuz fasli.  Tegrada mosh sovurayotgan Shukurjon ena u yoqdan bu yoqqa yugurib oʻynayotgan, shovqin solib, hecham tinchimayotgan nevaralarini tartibga chaqirib charchadi shekilli,  endi ularga gapirmay, oʻz ishini davom qildiraverdi. Kelinlari dalada pishib yetilgan mosh, loviya poyalarini yigʻishtirib, yem-xashak uchun quyoshga qoʻyib quritish bilan ovora edilar.

– Qizim, ishingni barpas qoʻyib tur, bularni qornini toʻygʻazish kerak. «joʻjalar» ingga qarasang-chi. Sabzi, sholgʻom qaynatib  qoʻydim. Moshkichiri ham tayyor. Birpas sovisin deb, oʻchoqning choʻgʻini tortib qoʻydim.

Toʻngʻich kelin Bibijon ishini bir zumga yigʻishtirib,  bolalarni dasturxon atrofiga yigʻdi. Taomni yigirma nafarga  teng taqsimlab, qaynonasiga ulush olib qoʻydi.

– Ena, ena keling oʻzingiz ham. – Bu orada kichik ovsinlar Xoljon, Momojon ham  enani kutishmoqda edi. Barcha jim oʻtirib, enaning kelishini kutishdi. To ena kelmaguncha, dasturxonga qoʻyilgan taomga qoʻl choʻzilmadi. Ena tokchada kechadan beri avaylab saqlayotgan bir boʻlak kallaqand va kecha yopilgan nondan keragini olib, dasturxonga oʻtirdi. Non va qandni hammaga barobar taqsimlab boʻlgach, bolalariga bir-bir qarab oldi-da, «bismilloh»,  deya  oʻzi ham nondan bir boʻlak oldi. Shu soniyaning oʻzida bolalar ham taomlarga gurra «tashlanishdi».

– Katta otang boʻlganlarida, bunchalik shovqin solishmasdi, bularing, – dedi ena «joʻjalarga» qarab.

– Men ham shuni aytayapman-da. Katta otang kelsalar, barining esi kirib qoladi hali.

Shukurjon ena kecha shaharga savdo-sotiq uchun chiqib ketgan  oʻgʻli Hojiboyning hayallab qolganidan xavotirda edi. 

Kuzgi yomgʻirdan soʻng loyqalanib qolgan koʻchadan eshak aravaning gʻichirlagan tovushi eshitilishi bilan kelin ham yugurib tashqariga chiqdi. Shukurjon ena Hojiboyni  uzoqdan tanidi. Armiyaga ketgan ukalarining ham oilasiga mehribonlik koʻrsatayotgan Hojiboyni yelkalaridan qoqib qoʻyarkan:

– «Boʻylaringdan enang oʻrgilsin, bolam, salomat qaytdingmi.

Hayallaganingga xavotir oldim» , – dedi.

– Ena, ishlarimni tugatib boʻlib, doʻstim xonadonidan xabar oldim. Roʻzmatboy bilan tutingan inisi-bojasi Sapaboyni ham olib ketishibdi.  Uylari hukumat tomonidan tortib olinib, zavod ham berkitilibdi. Bor mol-mulki hukumat ixtiyoriga oʻtibdi.  Zangʻarlar xotini Bikajon va joʻjabirday olti nafar farzandini, singlisi Poshshajonni  koʻchaga chiqarib tashlashibdi. Shoʻrliklar machitga borib, jon saqlashibdi. Doʻstim Sapaboyning kenja qizi machitda dunyoga kelibdi. Bolalariga ham rahm qilishmabdi, yaramas yalangoyoqlar.

– Voy, bechoralar, shuncha bola bilan qanday kun koʻrishayotgan ekan?

– Bozorga chiqargan oziq-ovqatlardan olib bordim. Singlisi Poshshajon  bolalar uchun jubba1  yaktak va chopon tikib, bozorda yashirincha sotayotgan ekan. Oʻgʻli Zarifboy odamlarning poyabzallarini tikib, bir evi non topishyapti. Ertaga ularga hosilimizdan koʻproq  ushur kavshar2  qilib olib bormasam boʻlmas. Ena, nima dedingiz?

– Juda toʻgʻri oʻylabsan,  bolam,  Alloh rizqimizni berib turibdi. Ammo, ularga  qiyin. Oshqovoq, sholgʻom, sabzi, mosh, loviyadan hosilimiz chakki emas.

Gʻamlab qoʻygan bugʻdoylarimiz ham bor. Bu tadbiring katta savob boʻladi bolam, ertagayoq olib bor. Alloh rizqimizni yanada moʻl qilsin, barakasini bersin.

Shukurjon ena yaqinda oʻzlariga tegishli 250 gektar yer, oʻnta omoch, 4 ta hoʻkiz, 7 ta eshak va yuzga  yaqin belkurak, bolta va boshqa anjomlarni oʻz ixtiyori bilan kolxozga topshirayotganida  qarshilik koʻrsatmaganiga shukur qildi.  Shu bilan Hojiboy oʻgʻli qama-qamalardan omon qoldi. Yangi tashkil boʻlgan shoʻrolarning vakillariga roʻyxushlik bildirmagan necha-necha  kishilarning  qamoqxonada azoblayotganini eshitganida, yuragi orqasiga tortib ketgandi. Yaxshiyamki, oʻgʻli  vaziyatni toʻgʻri tushunib, darhol bisotidagi mol-mulkini oʻz inon-ixtiyori bilan kolxozga  topshirdi.

– Allohim oʻzingga shukur, oʻgʻlim bir ofatdan omon qoldi, Hojiboyni ham olib ketishsa, mana bu bolalar, biz nima qilardik. Ukalari armiyaga ketishgan boʻlsa.

Hojiboy kecha shaharlik doʻstlari Roʻzmatboy va Sapaboyning xabarini olgani borgani ham bejiz emas. Bu toʻs-toʻpolonda ularga ilgari ham bir necha marta vaziyatni tushuntirib, oʻzining barcha mol-mulkini kolxozga  oʻtkazish rejasi borligini aytgandi. Ammo, juda qisqa vaqt ichida NKVD vakillari kelib, ularning qoʻllarini bogʻlab olib ketishganidan qattiq kuyundi. Hojiboy shaharlik doʻstlariga Doʻrmon, Shobboz, Beruniydan molning xom terilarini yetkazib turardi. Doʻstlari Roʻzmatboy  va Sapaboy otameros savdo-sotiq bahonasida keyingi yillari Orenburgga borib kelishardi. Oʻsha yerdagi korxonalardan  terini qayta ishlash, undan mahsulot tayyorlash sir-sinoatini oʻrganib, oʻzlari ham moʻjazgina zavod ochishgandi. Sapaboy uning bojasi boʻlsa-da xuddi aka-ukadek  yonma-yon, yelkama-yelka mehnat qilishardi. Qiyomatli, tutingan aka-uka edilar. Sapaboy qoʻli gul usta. Oyoq kiyim tikishda Urganchda uning  oldiga tushadigani yoʻq. Tutingan aka-ukalar zavodda ellikdan ziyod kishiga ish oʻrgatib, ularga ham rizq ulashishardi.  Ularning zavodida charmdan tikilgan poyabzallar juda puxta va sifatli boʻlib,  xaridori koʻp edi. Roʻzmatboy Rossiyaga tez-tez qatnar, ishlab chiqarishdagi yangiliklarni tinmasdan oʻzining zavodiga tatbiq qilib turardi. Shu bahonada savdo-sotiq ishlarini ham yoʻlga qoʻyib olishdi. Roʻzmatboy Rossiyadagi  hamkorlariga Sapaboy tikkan poyabzallardan namuna olib borganida, ular ham  qoyil qolishgandi. Keyingi gal  xuddi shunday bolalar uchun poyabzallardan yuz juftni buyurtma berishgan. Kosiblar tilida «talatin»  deb ataluvchi mol terisini  qayta ishlab, undan tikilgan poyabzallar oʻsha paytlarda nafaqat Urganchda, balki Orenburgda ham sevib xarid qilingan, deyishadi.

Roʻzmatboy va Sapaboyning ota-bobolari asli Koʻhna Urganchdan Abulgʻozi Bahodirxon davrida kelib, yangi Urganchga asos solishgan. Xonning yonida tugʻni baland koʻtarib yurishga sazovor boʻlgan insonlar. Oʻsha paytlarda nafaqat boʻyi baland, sogʻlom va baquvvat, balki aqli raso, iymoni butun, halol va xalqparvar kishilargagina tugʻni koʻtarib yurish martabasi nasib qilar ekan. Bu ikki qadrdonlar asosiy kasblari savdo-sotiq  boʻlsa-da,  etikdoʻzlik hunarini  ham  mahkam ushlashgan. Lafzi halol, mehnatkash kishilar boʻlishgan.

Roʻzmatboy va Sapaboy opa-singillarga uylanishdi. Ular yoshlari orasida oʻn yil farq qilsa-da, juda qalin doʻst boʻlishib, bojalik munosabatlari bu  rishtalarni yanada mustahkamladi. 

Roʻzmatboyning birinchi ayoli olamdan oʻtib, bir oʻgʻil bilan qolgan edi. Doʻstining uyiga kelib-ketib yurgan Roʻzmatboy Poshshajonni koʻz tagiga olib yurdi. Bir kun yurak yorib, doʻstiga niyatini aytganida Sapaboy quvonib ketdi.  Poshshajon hali  16 yoshga ham toʻlmagan qizcha edi. Qizning  chaqqonligi, uddaburonligi, ozoda va pokizaligi Roʻzmatboyga ham maʼqul edi.

Nikohlanishgan boʻlishsa-da Poshshajon to 17 yoshga kirmaguncha alohida yashashdi. Roʻzmatboy uni oʻz qarindoshidek, ardoqlab, ustidan qush  uchirmadi. Uyning ishlariga abjir, tadbirli qiz kelin boʻlib tushgan kunidan poyqadami qutlugʻ kelib, Roʻzmatboyning ham ishlari rivojlandi,  roʻzgʻorining barakasi yanada orta boshladi.

Koʻp oʻtmay aka-ukalar Koʻhna qalʼada poyabzal zavodini tashkil qilishdi va sherikchilikda boshqarishdi. Kattakon hovli qurib, ikki oila shu yerda tinch-totuv  yashay boshlashdi. Roʻzmatboy Orenburgga oylab ketgan paytlari, Sapaboy zavodni oʻzi  boshqarardi. Ukasining bolalari koʻp boʻlgani uchun odatda uzoq safarlarga uning oʻzi ketardi.

Oʻsha mashʼum 1938 yili Poshshajon endigina  25 yoshiga kirgan nihoyatga goʻzal, boʻylari baland, xushqomat, yuzlari sutga chayilgandek oppoq va nafis, sochlari uzun va qop-qora juvon edi. Afsus, oʻn  yillik hayotlari davomida  farzand koʻrishmadi. Allohga shukronalik bilan onadan yetim qolgan oʻgʻilni tarbiyalashdi, uni 20 yoshga yetganida uylantirib qoʻyishdi. Soʻngra oʻgʻil katta buvisining oldiga, qishloqqa koʻchib oʻtdi.

Poshshajon  opasi Bikajonning oʻgʻil-qizlariga  mehr berib, ularni  oʻz bolasidek ardoqladi, oq yuvib, oq taradi. Qatagʻon yillarining xoʻrlik, haqorat va azob-uqubatlarini, och va yupun kunlarini opajonisi va jiyanlari bilan birga  boshdan kechirdi. 

Aka-ukalarni olib ketishganidan soʻng opa-singillar mahallada bosh koʻtarolmay qolishdi. Boy va kapitalistning xotinlari sifatida uylaridan quvgʻin qilishganida, bor budini tortib olib, farzandlari bilan koʻchaga haydashdi. Ammo, opa-singillar  sabr bilan hayot uchun, farzandlar uchun barcha mashaqqat va qiyinchiliklarga dosh berdilar.

Tinch va chiroyli hayot kechirayotgan oila, roʻzgʻor  parokanda boʻldi.  Bolalarining mehribon otasi  «boy va kapitalist»  degan tamgʻa bilan qamoqqa  olindi. Oʻsha kunning oʻzidayoq uy boshdan-oyoq tintuv qilindi.  «Boylar» ning bor budi tortib olindi, musodara qilindi. Uylari ham hukumat ixtiyoriga oʻtkazildi. NKVD chilar tintuvdan soʻng, uyni boʻshatishni  qatiy talab  qilishdi. Ayollar boradigan joyimiz yoʻq deyishlariga qarab ham oʻtirishmadi. Yangi hukumat yugurdaklarining nazdida «Qonxoʻr kapitalistning xotinlari»  degan tamgʻa bosilgan opa-singil va bolalar shu tariqa masjidga borib jon saqlashga majbur boʻlishgandi…

Muallifdan izoh:

 1 – Jubba – chaqaloq va bolalar uchun ichiga paxta qoʻyib tikiladigan kiyim. 

2 – Ushur kavshar – hosildan xayriya. 

(davomi bor).

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.