DILBAR BEKCHANOVA: OQIBAT MEHROBI (Qissa) – Aybsiz aybdorlar (davomi)

0
64
marta koʻrilgan.

– Poshshajon, singlim, qizlik boʻlganimizni otasiga yetkazish kerak. Buning iloji bormikan? – dedi opasi oʻziga kelgach.

– Opajon, men buni oʻylagandim, orqavarotdan  surishtirsam, juda mushkul deyishyapti. Hozir «gujumning tagiga»  (xalq orasida NKVD qamoqxonasini shunday atashardi) borib ham boʻlmas ekan. Borganlarni ham olib ketishayotganmish. Biroq men jimgina  oʻtirmayman. Buning ilojini topish uchun yana soʻrab-surishtiraman, izlanaman. Siz koʻpam oʻylamang. Hali hammasi joyiga tushadi.  Axir ularning hecham gunohi yoʻq-ku. Oʻgʻirlik qilishmagan, birovni oʻldirishmagan boʻlishsa. Qoʻlimizdagi hamma narsamiz halol mehnatimiz ortidan kelgan edi-ku.

– Sen shunday deysan-da. Hozir hamma boylarning uylarini, mol-mulkini tortib olib, oʻzlarini Sibirga olib ketishayotganmish. Bunga nima deysan? Kecha Nuri ena: «Koʻhna qalʼalik barcha boylarni tergovdan oʻtkazib, bir joyga olib ketisharmish», – dedi. Bu oʻsha Sibir degan joy boʻlsa kerak. Hamma narsamizni olib boʻlishdi. Ularga yana nima kerak ekan oʻzi?

– Bilmadim, opajon, bilmadim. Juda tahlikali zamon boʻlib qoldi. Tergovlar ham uzoq davom etarmish, – Poshshajon biroz  oʻylanib turdi-da, koʻnglidagi gapni opasiga aytgisi keldi. – Opa, bir gap aytsam, hozircha uni  hech kimga bildirmay tura olasizmi?

– Mayli, singiljonim, aytaqol. Shu paytgacha oʻrtamizdagi  biron sirni birovga aytibmidim, aylanib ketay. Baxtimga sen bor ekansan. Hamisha yonimdasan.

– Pochcham bilan Roʻzmatboyni olib ketishayotganidagi voqea esingizdami?

– Yuragim qon boʻldi-ku. Aytsang-chi?! Nima edi? Qaysi biri?

– Roʻzmatboy meni bagʻriga bosgan boʻlib, qulogʻimga nimadir deganini, angladingizmi?

– Yoʻq, singiljonim, anglamadim.

– Bu gapni sizga ham aytishga qoʻrqyapman.

– Qoʻrqadigan yana nima bor? Tezroq aytsang-chi. Endi battar qoʻrqitding. Oʻzi shundoq ham ikki koʻzim eshikda, bolalarim bilan bizni ham olib ketishmasaydi, degan xavotirdaman.

– Sekinroq gapiring, opajon, sekinroq. Devorning ham qulogʻi bor. Zamon notinch. Ogʻzingdan chiqqan gapni darrov yetkazadiganlar bor. Hozir arzimagan «dedi-dedi», «aytdi-aytdilar»  bilan ham qamoqqa  tiqishayotganmish.

– Voy, meni qoʻrqitma, ayt, aytaqol endi…

– Opajon, bu gap faqat ikkimizning oramizda qolishi kerak. –  Bikajon anchagina gʻoʻr va hammaga ishonuvchan boʻlgani uchun Poshshajon opasiga qayta-qayta uqdirdi. Bu haqida hech kimga aytmasligi yuzasidan vaʼdasini oldi.

Asrning eng dahshatli fojiasi – qama-qamalarga roʻpara kelgan opa-singillarning shundoq ham qoʻrquvdan yuraklari zada edi. Uyidan, mol-mulkidan mahrum etilgan, xoʻrlangan va tahqirlangan, kamsitilgan, bir zumda taʼna va dashnomlarning girdobida qolgan ayollar  koʻcha-koʻyda tugul oʻz uylarida ham  ogʻiz ochishga  botinisholmasdi.

– Bolalarimizga bir nima deyolmayapmiz-u, singiljonim. Xato gaplab qoʻymaslik uchun qoʻrqib, faqat jim oʻtiryapman. Kimgadir aytishimni endi qoʻyaver. Tashqariga ham chiqmayapman.

– Opajon, kuyovingiz qoʻlida ishlayotgan aravachi Qosim orqali tanga va oltinlarni chiqarib yuborganini aytdi, – dedi asta shivirlab. – Lekin hozir mavridi emas. Izimizda odam boʻlishi mumkin. Hozircha jim oʻtirishimiz kerak. Bu haqida hech kimga churq ham etmaymiz.

– Allohga shukur. Endi kunimizni qanday koʻramiz, deb xavotirda edim, – Bikajon goʻdagini bagʻriga bosdi.

– Opa, kutishimizga toʻgʻri keladi. Zarifboy otasining doʻstlari yordamida etikchilik qilib  tursa, men jubba, yaktak tikib sotaman. Bir kunimizni koʻramiz.

– Poshshajon, boringga shukur. Sen boʻlmasang, koʻchada qolib, oʻlib ketardik. Shuncha kamsitilishlardan soʻng, ezilib ketdim. Bolalarga qara, ularning koʻzlarida quvonchdan asar ham yoʻq, ular bolaligini yoʻqotishdi. – Shu gaplarni aytarkan opasi oʻzini yigʻidan tiya olmadi. Keyin onasiga qoʻshilib yigʻlay boshlagan  chaqaloqqa koʻkragini tutdi.

– Koʻp qisinmang, yigʻlamang, sutingiz  ketib qoladi.

Tabiatan boʻsh va yuvosh opa singlisining shijoatiga, oqila va ziyrakligiga shukurlar aytib, uni ham bagʻriga bosdi. Bikajon asosan uy yumushlari bilan band boʻlib, farzandlar tarbiyasi bilan shugʻullanardi. Poshshajon boyning xotini boʻlsa-da,  onasidan qolgan hunarini ishga solib, uyda bolalar uchun turli kiyim-kechaklarni tikib, bozorga topshirardi. Sotuvchi ayol tez-tez kelib, undan tayyor kiyimlarni maqtab-maqtab olib ketar, Poshshajon ham ishidan mamnun boʻlib, u keyingi gal kelgunicha yana kiyimlar tikib qoʻyardi.

  • Opa, yaxshi niyat qiling.

– Allohimga shukur, otalarimiz ham sogʻ-salomat qaytib kelishsin. Bolalari bilan diydorlashsinlar, ularga oʻzlari bosh boʻlsinlar, ilohim.

– Shunday, opajon shunday. – Poshshajon chuqur oʻyga toldi.

Yurtda algʻov-dalgʻov boshlangan kunlari Roʻzmatboy aravachiga  tillalarni omonat qilib, qaytarib berish sharti bilan zavoddan chiqargandi.  Ayollar oʻzlariga tegishli boʻlgan mol-dunyoni  tili ojiz holda Qosim aravachidan soʻrashga hadiksirashdi. Kimdir eshitib qolsa, ularni ham olib ketishlaridan qoʻrqishdi.

Zarifboy poyabzal tikib, Poshshajon kiyim tikib, bolalarni ochlikdan,  yupunchilikdan olib chiqishdi. Yetti nafar oʻgʻil-qiz va ikki ayol masjidda uzoq qolishmadi. Yurt biroz tinchigach, ikki yildan soʻng oʻzlariga tegishli boʻlgan uyning bir xonasini sotib olishdi. Bolalar yana oʻz uylariga, garchi, bitta xonasiga boʻlsa-da, joylashib olganlaridan juda xursand edilar.

1941 yilning  may oyida  Sapaboy qamoqdan ozod qilindi. Biroq u uyiga juda nimjon, kasalmand holda qaytdi. Azoblar, ochlik va tinimsiz soʻroqlar uni nihoyatda holdan toydirgan edi.

– Xudoga shukur, har kuni duoda boʻldik. Allohimning rahmidan umidvorman, – dedi Bikajon  bolalarining otasi kirib kelganidan quvonib. Otasi ozod boʻlib, uyiga qaytganida, masjidda dunyoga kelgan Gavharjon uch yoshga qadam qoʻygan edi.

– Bikajon, Poshshajon kelinglar, sizlarga bir omonat gapni aytayin, – dedi bazoʻr nafas olayotgan Sapaboy.

– Pochcha, siz hozir yaxshilab dam oling. Sizga deb, qorin-tuyoq osdik. Quvvatga kirasiz.

– Yoʻq, bu gaplarni darrov aytmasam boʻlmaydi.

– Otasi, keling, ust-boshingizni almashtirib oling. Qoʻllaringizni yuving.

– Yoʻq, yoʻq. Hozir aytmasam keyin kech boʻlib qolishi mumkin.

– Nima gap?

– Bikajon, Poshshajon men bu ozodlikka oʻz-oʻzidan chiqqanim yoʻq. Ahvolim yaxshi emas, ogʻir kasalga, dardi bedavoga yoʻliqdim.  Roʻzmatboy akam bilan bir yilga yaqin bir turmada boʻldik. Tergovchiga «Zavodning hamma boyligi  meniki edi. Ishchilarga ham oʻzim ish buyurar edim. Sapaboy ham qoʻlimda oddiy yollanma ishchi boʻlgan. Uning hech vaqosi yoʻq. Xotin, bola-chaqasidan boshqa nimasi ham bor uning», – deya koʻrsatma berdi. Ammo NKVD chilar bu gap yolgʻon, unga tayinli  asosing yoʻq, deb turib olishdi. Rosa qiynoq va azoblar, ochlik har ikkalamizning ham tinkamizni quritdi. Roʻzmatboy akam oxirigacha shu gapni takrorladi: «Sapaboy mening qoʻlimda ishlaydi. U kambagʻal yigit. Uni qoʻyib yuboringlar. Hamma boylik meniki edi», – dedi. Bir kuni, «Aka, nega bunday deb koʻrsatma beryapsiz», – deb soʻradim.  Shunda: «Buning sababi bor. Ikkalamiz ham birdaniga ketib qolsak, oilamizning taqdiri nima boʻladi. Men ancha qarib qolganman. Sening bolalaring bir talay. Bikajon yettinchi farzandingni ham allaqachon dunyoga keltirgandir. Biron yil yotib, ozod boʻlib chiqasan, inshaalloh. Menda senikidek katta roʻzgʻor boʻlmasa. Poshshajonga kelsak, undan rozi ekanligimni ayt. Biron marta yuzimga tik boqmadi, faqat yerga qarab gapirardi. Hurmatimni qildi. Ammo, farzandlik boʻlolmadik. Taqdir ekan-da. Juda-juda bolali boʻlishni xohlardi», – dedi.

Poshshajon, bu gaplardan bexabar. Umid bilan kutgan erining firogʻida hoʻngrab uzoq yigʻladi.

– Akam sizlarni menga omonat topshirdi. Qosim aravachi orqali tillolarni chiqarganini qayta-qayta taʼkidladi. Bu haqida Poshshajonga ketar chogʻi aytib ulgurgan ekan.

– Ha, otasi, xabarimiz bor, – dedi Bikajon toʻlib-toʻlib yigʻlayotgan singlisini  quchoqlab. Bir olam orzu-umidlar, totli hislar niyatida yashab kelayotgan Poshshajonni koʻrib, Bikajon ham  yigʻladi. Qalbi vayrona boʻlgan ikki ayol xoʻrlik va zoʻrlikning qurboni boʻlib, anchagacha achchiq koʻz yoshlarini toʻkishdi.

 Oʻshanda OʻzSSR Oliy sudi hayʼati qarori bilan Sapaboyga ikki yarim yil qamoq jazosi tayinlangan, Roʻzmatboy esa bir umrlik Sibirga surgun qilingandi…

Qamoqda oʻtirib, Roʻzmatboy oʻziga hukm chiqargandi. Oradan koʻp oʻtmay uni Sibirga joʻnatishdi. Oilasi bilan oxirgi marta uchrashishga, xayrlashishga ham ruxsat berishmadi. Sud zalidan toʻppa-toʻgʻri olib chiqib ketildi. Yoshi oltmishdan oshib  qolgan Roʻzmatboy Sibirga ham yetmay yoʻlda vafot etdi. Sibirga surgun qilingan va manziliga  yetib borgan kishilarning xabariga koʻra, Roʻzmatboy Chorjoʻy yalangliklarida kasallik va ochlikdan dunyodan oʻtgan ekan.

Sapaboy ham turmadan qaytib,  oʻziga kelolmadi. Uzoq betoblikdan soʻng 1941 yilning iyun oyida – Ikkinchi jahon urushi boshlangan mashʼum oʻsha  kunda bu yorugʻ olamni tark etdi. 

Oʻz zamonasining ishbilarmon, tadbirkor kishilari – qiyomatli aka-uka tutingan Roʻzmatboy va Sapaboylarning  qismati, umr yoʻllari shu yangligʻ oʻta ayanchli bir tarzda nihoyasiga yetgan edi.

Oʻsha mashʼum qatagʻon yillari qishloqlarda va shaharlarda  quloqlashtirish siyosati ortidan xuddi ular kabi yana minglab kishilar halol mehnati, manglay teri bilan topgan mol-dunyosi, uy-joylaridan mahrum qilinib, uzoq va olis oʻlkalarga qul sifatida koʻchirib yuborilgandi. Hatto, yerli-suvli oddiy dehqonlar ham ushbu  dahshatli taqdir girdobiga  tushib qoldilar. Qatagʻon qilingan jabrdiydalarning fojiali taqdirlari juda ham ogʻir va mashaqqatli  kechganligini bugunga kelib, mustaqillik tufayli ochiqlaganidan soʻnggina, yaʼni soʻz aytish imkoniyatlari yaratilganidan keyingina chuqurroq va atroflicha  bilib oldik…

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.