DILBAR BEKCHANOVA: OQIBAT MEHROBI (Qissa) – Chaqiruv qogʻozi(davomi)

0
46
marta koʻrilgan.

Urushning uchinchi yili oxirlab qizga front ortida ishlash uchun chaqiruv qogʻozi keldi-yu,  raisning hafsalasi pir boʻldi.

– Jamila, buning ilojini qilmasak boʻlmaydi. Seni ham frontga yuborsak, ahvolimiz butkul chatoq boʻladi. Bir vaqtning oʻzida sen toʻrtta qishloqning hisob-kitob ishlarini qilyapsan. Sendek odamni men qaydan topaman..

Ertasi kuni rais yangi gap topib keldi.

– Jamila, seni frontga yuboradigan tentak yoʻq. Raykomdagilar bilan kelishib keldim, ertadan qoʻshni qishloqqa hisobchi qilib ishga yuborilyapsan. U yogʻi Allohga tavakkal. Yana koʻramiz.

Qiz ertasi kuni «Chotkoʻpir»  qishlogʻiga yoʻl oldi. «Chaqiruv qogʻozi bu yerga yetib kelguncha bir gap boʻlar», – deb oʻylagandi rais.

Jamila bu kolxozda ham uzoq qolmadi. Oradan olti oy oʻtgandan soʻng, unga yana chaqiruv qogʻozi keldi. Jamila endi navbatdagi qishloqlardan biri – «Chondirqiyot»ga yuborildi.

1944 yilning oxiri. Sovet Armiyasi birin-ketin gʻalabalarni qoʻlga kiritib, Belorussiya, Ukraina, Polsha yerlarini ozod qilmoqda edi. Jamila  amakilari va akasi Rahimboydan har gal xat olganida Shukurjon enani, onasini quvontirib oʻqib berardi. Jamila boshqa qishloqda ish boshlagan kuni Habib ota frontdan xat keltirdi. Bu xatni uydagi ayollarning  birontasi oʻqisholmadi. Arab alifbosida savodi chiqqan onaxonlar kiril yozuvini bilishmasdi.  Kechgacha Hojiboyni kutib, xatni bagʻriga bosib oʻtirgan Shukurjon oʻgʻlini koʻrib, quvonib ketdi. Hojiboy har gal ukalari va oʻgʻlidan kelgan xatni hayajonsiz oʻqiy olmasdi. Askar yigitlarning kayfiyatini uydagilarga boshqacharoq yetkazishga harakat qilardi:

«Bugun Dnepr daryosini kechib oʻtdik. Ukrainaning shahar va qishloqlari ozod etilmoqda. Xalq bizni hayajon bilan kutib olishdi. Bu kabi gʻalabalardan hammamiz quvonchdamiz. Ona, gʻalaba yaqin. Jang juda qattiq ketayotgan boʻlsa-da askarlarning ruhi baland. Salomatlikda koʻrishish nasib qilsin. Oʻzlaringizni ehtiyot qilinglar…»  

Bu xushxabardan  barchaning boshi osmonga yetdi.  Frontdan kelgan xat oʻqilganida pashsha uchsa eshitiladigan darajada jimlik hukmron boʻldi. Oila aʼzosi borki, uni qunt bilan tingladi.

Jamila «Chondirqiyot»ga yetib kelganida tong yorisha boshlagandi. Hisobchi qizni raisning oʻzi kutib oldi. Birpas kolxoz idorasida oʻtirgan edi, xonaga xotin-qizlar faoli, muallim va kutubxonachi Avazjon opalar kirib kelishdi. Rais Avazjonni hamma ishning uddasidan chiqadigan, abjir qiz, deya tanishtirdi.

– Sizni qizim bugundan boshlab Avazjon opangizga biriktiramiz. Nima masala boʻlsa, birgalikda bamaslahat  yechaverasizlar, – dedi u. – Eng avvalo turar joyingizni aniqlab olaylik.

– Qiz biznikida yashab turadi. Qaynonamni allaqachon rozi qilganman.  Enam Jamilani biznikiga olib kel. Musofir qizga oʻzimiz boshpana beramiz, dedilar.

Jamila darrov ishga kirishdi. Kolxozning anchadan  beri yigʻilib  yotgan qogʻozlarini, hisob-kitoblarini bir-bir koʻzdan kechirdi.

– Hisobchingiz juda puxta ishlagan ekan, – dedi raisga.

– Ha, Saparboy  ishiga puxta, toza ishlardi. Raykomdagilar uning ishidan mamnun edilar. Ammo boyaqishni 19 yoshga kirib-kirmasdan urushga olib ketishdi. Qiynalib qoldik. Ikki yildan beri sarsonmiz. Hisobotlarni kimlargadir iltimos qilib joyi-joyiga qoʻyapmiz. Biroq ishning ustasi qilgani boshqacha boʻladi. Kutilmaganda, yaqinda Saparboydan qora xat keldi. Mushtipar onaning koʻz yoshlariga toqat qilolmay qoldim. Qizim, sizning kelishingizni eshitib xursand boʻldik.

– Saparboy menga ham begona emas edi. U turmush oʻrtogʻimni  amakisining oʻgʻli edi. Bir uyda  yashardik, xuddi oʻz ukamdek boʻlib qolgan edi. Hisob-kitobni  juda qisqa muddatda oʻrganib oldi, – dedi Avazjon opa kuyunib. – Nevarasining oʻlimidan soʻng enam ham qattiq  musibatda qoldilar. Harna siz kelib, koʻngli yorishsa, deyman.

Jamila hujjatlar bilan tanishib, hammasini birma-bir rasamadi bilan taxlab boʻlgach, Avazjon opadan kutubxonani soʻradi.

– Opajon, kutubxonachilik ham qilayotgan ekansiz. Menga kutubxonangizni koʻrsata olasizmi?

– Albatta, mana idoraning yonboshidagi xona kutubxonamiz.

– Kitob oʻqishyaptimi?

– Avvalgidek emas, lekin biron kunini kitobsiz tasavvur qilmaydigan kitobxonlarimiz ham  bor. Ular vaqt topdi deguncha shu yerga kelishadi. Urushga ketganlar hisobiga kitobxonlarimiz kamayib ketdi.

Jamila kutubxonani koʻrib, koʻngli yayrab ketdi. Oʻziga kerak Qodiriyning «Oʻtkan kunlar»  kitobini soʻraganida, Avazjon oʻylangandek,  jimib qoldi.

Keyin bir qarorga keldi, shekilli: – Senga boshqa joydan topib beraman, – dedi. Jamila goʻzal muhabbat qissasi bayon etilgan bu kitobni ilgari ham oʻqigan edi-yu, ammo yana oʻqigisi keldi. Oʻshanda sinfdoshlar uni bir-bir oʻqib, qoʻldan oʻtkazishgandi. Yashirib, albatta.

Avazjon opa Jamiladan 2–3 yosh kattaroq edi. U xolasining oʻgʻliga turmushga chiqqan va 3 yildan beri farzandlari ham boʻlmayotgan edi. Traktorchi boʻlib ishlayotgan eri bir yili qish qattiq kelib, choʻlda sovuqda qolib ketgan va qattiq betob boʻlib qolgan edi. Oyogʻini bosolmay ikki yil hassada yurdi. Yaqinda harbiy tibbiy ekspertiza uni urushga yaroqli deb topdi va unga ham chaqiruv qogʻozi yubordi. Nailoj…

Opa-singil tutinishgan Avajon va Jamila ertasi kuni Hayitboy akani urushga kuzatib qolishdi. Dekabrning soʻnggi kunlari qattiq izgʻirin boshlandi. Avazjon koʻzlaridan oqayotgan yoshni sovuqdan qotib qolayotganini sezmadi ham. Jamila ham opasiga qoʻshilib yum-yum yigʻladi. Niholjon ena urushga uchinchi oʻgʻlini kuzatar ekan, yigʻlamadi, yigʻlay olmadi.  Bir oʻgʻli va ikki nafar nevarasi dogʻida yigʻlay-yigʻlay, koʻz yoshlar ham ado boʻlgandi. Biroq oʻgʻli bilan  xayrlashar ekan, shunday bir qaʼtiyatli niyat bildirdi:

– Oʻgʻlim, dushmanni yanchib, yurtimizda tinchlikni oʻrnatib  qaytishingga ishonaman. Oʻsha kun kelishidan umidvorman. Seni Allohga omonat qildim. Oy borib, omon qayt!

Ena shu gaplarni aytib, kaftini yuziga tortdi.

Arava qoʻzgʻalishi bilan ayollarning yigʻisi avjiga chiqdi. Jamila va Avazjon foytunda Amudaryo boʻyigacha Hayitboyni kuzatib borishdi. Amudaryo boʻyiga yetganlarida yigitlarni maxsus yigʻma koʻprikdan bir-bir olib oʻtishdi. Avazjon erining quchogʻiga soʻnggi bor otilarkan, yigʻidan oʻzini tuta olmadi. Kemaga oʻtirganlarni kuzatishga chiqqan ayolu bola-baqralar yana yigʻini boshlashdi. Ular orasida bir-ikkitagina  erkaklar boʻlib, ular ham munkillagan chollar edi, xolos. Kimdir laʼnati Gitlerni, yana birov nemisni, yana biri oting oʻchgur urushni qargʻay boshladi. Bu yigʻi-sigʻilar,  izgʻirinli kunda juda xunuk va ayanchli manzara kasb etdi. Kemaga besh yuzdan ortiq yigitlar joylashib olishgandan soʻng, langarlar olinib, ulkan kema ayiq yurish bilan asta-sekin joyidan qoʻzgʻala boshlaganida atrofni tagʻin, avvalgidan ham balandroq  qiy-chuv bosib ketdi. Endi hamma yigʻlardi. Bolakay ham, qariya ham.

Jamila opasini qattiq ushlaganicha, oʻziga tortdi. Uni tinchlantirmoqchi boʻldi. Biroq shu payt u bagʻridan sidirilib chiqib ketib, Hayitboyga yetib oldi. Yigitlar orasida yiqilib qolmasligi uchun Hayitboy uni chetga chiqishini tayinladi, yupatdi.

– Avazjon, chekkaga chiq, qoʻy, sen yigʻlama, men, albatta qaytaman. Enamning duolari beiz ketmaydi. Inshaalloh, – dedi. Avazjon esa tinmay yigʻlardi. Jamila bu toʻs-toʻpolonda opasini yoʻqotib qoʻydi va xavotirga tushdi. Kema toʻliq daryoga chiqib olib, ravon suzib keta boshlaganidagina, odamlar orasidan opasini topdi.

– Opajon, bu nima qilganingiz, menga oʻrnak boʻlish oʻrniga, yosh bolaga oʻxshab yigʻlaganingizni qarang.

– Jamila, yuragim toʻlib ketyapti. Oʻtgan yili ikki akamdan judo boʻldik. Urushdan qaytib kelishmadi, bu yil onam musibatga chidolmay olamdan oʻtdilar. Nuroniy duogoʻyim otam betob boʻlib, yotib qoldi. Bu ne qismat ekan, bu ne balolar ekan boshimizga birin-birin tushayotgan, nima qilay axir, men yigʻlamay, kim yigʻlasin?!

Bu gaplardan soʻng Jamila ham oʻzini tutib tura olmadi. Endi  Jamilaning ham koʻngli vayron, dili xufton boʻlib, urushda qolib ketgan amakisi, togʻasini aytib-aytib yigʻlay boshladi.

Qizlar yigʻi-sigʻidan, iztiroblardan toliqishdi. Endi ularga izgʻirin sovuq ham oʻz taʼsirini koʻrsata boshlagan edi.

– Opa, yuring uyga yetib olishimiz kerak. Hademay kun ham botadi. Ketamiz, – dedi Jamila holdan toygan Avazjonni foytunga oʻtqazarkan..

Jamila Niholjon enaning xonadonida bir yildan ortiq yashadi.  Onadek mehribonlik koʻrsatgan Niholjon ena Jamilani oʻz qizidek yaxshi koʻrdi. Urushda farzandlarini yoʻqotgan ona uchun hayot naqadar ogʻir ekanligini Jamila ham yaxshi tushunardi. Niholjon ena kelini Avazjonga qanday mehr koʻrsatsa, Jamilani ham xuddi shunday ardoqladi. U ham enaga qattiq bogʻlanib qoldi. Ushbu mehr-muhabbat rishtalari keyin ham bu ikki oila aʼzolarini xuddi ohanrabodek bir-biriga tortib turdi. Jamila ushbu qishloqdagi ishini tugatib, uyiga qaytarkan, boshpana berib, qizidek eʼzozlagan enasiga minnatdorlik bildirdi. Ularning issiq bagʻridan chiqib ketayotganidan oʻksindi. Jamila bu xonadonda oʻtgan qisqa davr ichida shunday cheksiz mehr-oqibat, hurmat va eʼtibor koʻrgan edi-ki, bularni umri davomida unutmasligi tayin. Niholjon enaning opasi Guljon ena, kelinlari Avazjon, Malika, Onabibi va qizlari Nuquljon, Durposhshalar bilan ham xuddi opa-singildek boʻlib ketishgandi. Doʻstlar boshga kulfat tushganda bilinarkan.

Jamila boshga qiyinchilik yoki musibat tushganida  insonlar bir-birini naqadar qattiq ardoqlashi, qadrlashi lozimligini, «inson taftini inson oladi» , degan soʻzlarning asl mohiyatini Niholjon ena xonadonida koʻrdi, oʻrgandi. Dilidan chuqur joy olgan bu mehridaryo, qalbi oq, samimiy insonlar bilan xayrlashish unga oson boʻlmadi. Ammo nailoj…

Shu orada urush ham tugab, yigitlar birin-ketin yurtiga qaytib kela boshladi. Lekin ularning koʻpchiligi salomatligini yoʻqotishgan. Uch-toʻrt yil ichida tamoman  qari chollarga  aylanib qolishgandek edilar. Bu ham yetmagandek kimdir oyogʻidan, kimdir qoʻlidan ayrilgan holda uyiga qaytardi. Biroq ota-onalar, ularning farzandlari shunga ham shukronalar aytishib, xursandchilikdan boshlari osmonga yetardi… Illo, qirgʻinbarot jangu jadaldan qaytmaganlar, olis yurtlarda manguga  qolib ketgan jonu jigarlarimiz qancha…

 1945 yilning 9 may kuni radio karnaylaridan nemis fashist bosqinchilari ustidan qozonilgan gʻalaba eʼlon qilindi. Berlingacha olovli yoʻlni bosib oʻtgan Hayitboy aka ham bir qoʻlidan ayrilib, shu yilning oxirlarida uyiga kirib keldi. Urushdan qaytgan askarlarni butun qishloq tantana bilan kutib olishardi. Niholjon ena va Avazjon ham bu quvonchli xabarni eshitib, Allohga shukronalar aytishdi. Urushdan keyin Allohning inoyati bilan Hayitboy aka va Avazjon opalarning bir-biridan shirin-shakar farzandlari dunyoga keldi. Jamila opasining ana shu quvonchli kunlarida yonida boʻldi.

 Yurtimizda endi tinch va osoyishta hayot boshlangan edi. Ammo urush hamma joyda oʻz asoratlarini koʻrsatdi. Yurtga kelgan ocharchilik, yoʻqchilik xalqning tinka-madorini quritmoqda edi. Biroq mehnatkash va hamisha sabr-toqatli xalqimiz bu qiyinchiliklarni ham yengib oʻtish uchun  oʻzida kuch, matonat va bardosh  topa oldi.   

Hayitboy akaning urushdan qaytganini eshitgan Jamila ham enasining va opajonisining yonida ularning xursandchiligiga sherik boʻldi.

Davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.