DILBAR BEKCHANOVA: OQIBAT MEHROBI (Qissa) – Omonatga xiyonat (davomi)

1
70
marta koʻrilgan.

Yashash davom etaverarkan. Oradan yillar oʻtdi. Yurt ancha tinchib, bir-birov bilan koʻngildan soʻrashadigan, sirlashadigan davrlar keldi. Biroq aravachi Qosim voqeasi hech kimning esidan chiqmadi.

Bikajonning farzandlari katta boʻlib, jamiyatda oʻz oʻrinlarini topa boshlashdi. Biri  pedagog, biri fan nomzodi, yana biri yetuk zootexnik sifatida elga tanilishdi. Bilimi chuqur, zehni  baland, iymoni butun, halol va tadbirli insonlar hamisha hamma davrlarda ham oʻzi va oilasini, roʻzgʻorini yuritishga imkon toparkan. Ikki nafar onaning bergan tarbiyasi bilan aqlini tanigan bolalar shu tariqa voyaga yetishdi, onalarini quvontirishdi. Bir kun kichkintoy Xoʻjayoz koʻchadan yugurib keldi.

– Xola, akalarim oʻqishga kirishdi. Mening ham institutda oʻqigim bor, – dedi u mehribon xolasiga ichidagilarni toʻkib.

– Bolaginam, oʻqishga qiziqishing juda yaxshi. Navbati bilan seni ham oʻqitamiz. Ayni paytda uchalangizni birdaniga oʻqitishning imkoni yoʻq. Akanglar tugatishsin. Senga ham navbat yetadi.

– Pulni oʻylayotgan boʻlsangiz. Men Qosim aravachida otalarimizning mulki borligini eshitdim.

– Nimalar deyapsan bolam, bu gaplarni qayerdan olding?

– Mendan yashirmang. Akalarim indashmasa-da, hammasi  bilishadi. Lekin qoʻrqishadi, biron narsa deyishga. Yuring, birga boramiz, soʻraymiz haqqimizni.

– Yoʻq gaplarni aytayapsan, – dedi Poshshajon. Shu tobda u  Xoʻjayozning  shijoatini koʻrib qoʻrqib ketdi.

– Xola, oʻzingiz «oʻzganing haqiga xiyonat qilish yomon gunoh, narigi dunyoda azobi va savoli ogʻir boʻladi», – degan edingiz. Biz yetimlarning haqini indamasdan yeb ketaveradimi ular? Yuring boramiz.

Poshshajon qanchalik tushuntirmasin, Xoʻjayoz oʻz gapida turib oldi. Maktabni tugatib, akalarining oʻqishiga deb kimlarning yukini, yana birovlarning uy suvoqlarini qilib, hojatini chiqarib pul topayotgan yigitcha akalaridan bu voqeani eshitganidan soʻng sira  tinch turolmagandi. Darhol xolasiga dardini ochib tashladi.

– Oʻgʻlim, zamona hali ham tinch emas, bu gapni aytib borsak, bizni tuhmatchiga chiqarishadi. Melisaga topshirib yuborishadi. Kel, shu mehnatimiz bilan ham kam boʻlayotganimiz yoʻq, – dedi suhbatga aralashib Bikajon.

– Ona, biz borib soʻraylik. Agar berishmasa, mayli gunoh oʻzlarida. Kundan-kun boyib ketishyapti. Mansab kursilarida ham ular oʻtirishibdi. Hammasi pulning zoʻridan, xola, ona. Koʻrmayapsizlarmi, ular juda pishqirib ketishgan. Oʻgʻli kolxoz raisi qilib tayinlangan qishloqqa kecha yuk olib bordik.  Bir mashina yuk raisning uyiga tushirildi. Uyini koʻrsangiz qasr deysiz. Birovning mol-mulkiga boyib ketib, qorinlari qappayib, koʻzlarini yogʻ bosgan, bolalari hech kimni mensishmaydi. Mening yomon jahlim chiqdi. Nomusim keldi, ularning eshigida ishlayotganimga.

– Bolam, sening mehnating halol, Alloh hammasidan boxabar. Sinovli dunyodamiz. Bizga nima kerakligini yolgʻiz Allohning oʻzi biladi. Shularga oʻxshamaganimizga shukur qil.

– Ona, bir marta borib koʻraylik. Bizning ham bu voqeadan  xabardor ekanligimizni bilishsin, xiyonatkorlar.

– Mayli, koʻramiz.

Bu suhbatdan soʻng yana oradan oylar oʻtdi. Xoʻjayoz haydovchilikka oʻqib oldi. Avtopark direktori yigitdagi shijoat va halollikni koʻrib darhol ishga qabul qildi. Ochiqkoʻngil, samimiy Xoʻjayoz mehnati bilan hammaning birdek  mehrini qozondi. Bir kuni u bu masalani yana koʻtardi.

– Uka, qoʻy, oʻqishingga qancha kerak boʻlsa, yetkazamiz. Hammamiz seni oʻqitamiz axir, – deyishdi akalari. Xoʻjayoz esa avtoparkdagi ishini juda yaxshi koʻrib qoldi. Uni shahar yoʻnalishi boʻyicha haydovchi qilib tayinlashgandi.

– Zarifboy aka, endi oʻqimasam ham boʻladi. Oylik maoshim sizlarnikidan yaxshi. Yaqinda xolamlar seni uylantirib qoʻyamiz, deyishyapti, – dedi ukasi kulib.

– Xabarim bor, uka, hammamiz oʻzimiz bilan boʻlib ketib, senga eʼtibor ham bermabmiz. Xolam bilan kelishib qoʻydik. Koʻhna qalʼada Hayitboy akani qizi Sorajon institutda oʻqiyapti. Yaqinda tugatadi. Juda oqila, savodli qiz. Ertaga sovchilikka bormoqchimiz, dedi akalar.

Xoʻjayozning chehrasi ochilib ketdi. Koʻpdan beri oʻzi ham  Sorajonni kuzatib yurganini akalari bilganmikan, degan savol oʻtdi koʻnglidan.

– Koʻnglingdagini topdik, deb oʻylayman, uka. Tirjayishingga qaraganda?

– Aka, endi, sizga dangalini aytsam, qizlar juda koʻp, ammo xolam sen bilan gaplashib yurgan qizlarni olmaymiz, – dedilar. Sorajonni koʻpdan kuzatib yuribman. Birontasi bilan gaplashmaydi. Institutdan chiqib, toʻgʻri uyiga keladi. Uydan chiqib oʻqishga shoshadi.  Koʻp  marta sinab koʻrdim, yaxshi qiz.

– Ha, bilaman. Sen tayyorgarligingni koʻraver. Ertaga sovchilikka boramiz. Keyin oʻzi bilan uchrashib, gaplashib ham koʻrasan.

Xoʻjayozning xursandchiligi cheksiz edi. Biroq oʻtmishdagi adolatsizlik uni hecham tinch qoʻymasdi.

– Xola, agar Qosim otanikiga siz bormasangiz oʻzim boraman, – dedi nihoyat toqati-toq boʻlib.

– Opajon, bu Xoʻjayoz hech birimizga quloq solmayapti. Akalarining gaplariga ham. Men borib kelaman. Allohga tavakkal. Yana bir bor harakat qilib koʻramiz.

– Hozir ular boyvachcha boʻlib ketishgan. Davlat ularning qoʻlida. Bizni pisand ham  qilishmaydi. Melisa chaqirishsa nima qilamiz. Kel, Poshshajon, bormay qoʻyaqolinglar? Kerak emas, shu dunyo bizga.

– Oʻgʻlingiz qoʻymayapti. U hech narsadan qoʻrqmaydi.

Poshshajon jiyani bilan shaharga chegaradosh qishloqqa yetib kelishganida, allaqachon shom kirgan edi. Yoz mahali boʻlgani uchun  koʻcha chekkasi ariq boʻylab ekilgan mirzaterak yaproqlari changga toʻlib, noxush manzara kasb qilayotgan edi. Traktor, arava oʻtaverib, changdan libos yasagan teraklarni bir boshdan kesish jarayoni olib borilayotgan edi. Terakli koʻcha toʻppa toʻgʻri Qosim aravachinikiga olib chiqarkan.

– Teraklar kolxoznikimi?

– Yoʻq, Qosim otaga tegishli. Mehnatini biz qilib, rohatini yana birovlar koʻryapti, – dedi  daraxtlarni kesayotgan kishi.

Xoʻjayoz xolasiga bir qarab qoʻydi. Soy ham boynikiga qarab oqarkan-da…

– Bolam, lekin sira urisha koʻrma. Ularning qoʻlida hamma narsa bor. Melisaga berib yuborsa, nima qilamiz?

Katta uyning darvozasidan kirib borisharkan, hovlining oʻng va chap tomonlariga qurilgan  uylarni koʻrib, mehmonlar hayron qolishdi. Bogʻning oʻrtasiga supa yasab, yumshoq koʻrpachalarni yoyib dam olayotgan  Qosim ota ularni koʻrib, yalt etib qaradi-yu, oʻrnidan turmadi. Oradan oʻtgan yigirma yil ichida u deyarli oʻzgarmagan edi. Oʻgʻli shu kolxozning raisi, yana bir  oʻgʻli raykomda, yana biri oziq-ovqat  savdosi korxonasi rahbari boʻlib ishlashardi. Otasining anchagina kibrga mingani, oyogʻi ostidagi xasga parvo ham qilmasligi xuddi peshonasiga yozib qoʻyilgandek edi.

– Assalomu alaykum, Qosim ota, – dedi Xoʻjayoz qoʻlini koʻksiga qoʻyib. – Meni tanimaysiz. Yigirma yil burun men bir yoshda edim. Xolamni taniyotgan boʻlishingiz kerak.

– Sal tanigandayman, – dedi u xolaga qarab va bir zumda rangi boshqacha tus oldi. Xoʻjayoz ham, xola ham bu oʻzgarishni sezmasligi mumkin emas edi.

– Qosim aka, biz omonatga keldik, – dedi Poshshajon.

– Qanaqa omonat haqida gapiryapsan yana. Ilgari ham senga batafsil tushuntirgan edim, chogʻi.

– Qosim ota, yetimlarning haqini yeyish gunoh boʻlishini mendan ham yaxshi bilasiz. Tagʻin bir joyingizdan teshib chiqmasin, – dedi qoʻpolroq qilib Xoʻjayoz.

– Sen mishiqi, nimalar deyapsan. Gunoh va savob haqida nima ham bilarding. Kattalarning ishiga aralashma. Qoʻllaring bilan menga berganmidilaring. Ustimga kelasanlar.

Sobiq aravachi Qosim juda pixini yorgan odam edi.

– Menda eringdan qolgan hech vaqo yoʻq, yana bir bor keladigan boʻlsang, NKVD ga seni yozib beraman, – deya qoʻrqitdi.

– Yetimlarning haqi uradi, Allohga soldim seni, – dedi Poshshajon norozi kayfiyatda. Undan nariga oʻtolmadi, oʻtolmasdi ham. – Bu dunyoda boy boʻlishing mumkin, ammo narigi dunyoda eng nochori, doʻzaxda kuyadigani ham  oʻzing boʻlasan. Farzandlarim bilan eshak qilib minamiz, seni.

– Ket, bu yerdan, qayta uyimga kelmalaring.

– Bu qargʻishlar yetti avlodingga yetadi.

– Sening qargʻishing puch.

– Qosim ota, xolamga doʻq qilmang. Soqolingizni hurmatini qilyapman. Aks holda bolalaringizga ham, oʻzingizga ham kuchim yetadi.

– Otangga oʻxshab turmaning toʻrida chiriysan, tilingni tiy, zangʻar. Mening bolalarimni koʻrolmay kelgansizlar. Hammasi elda, yurtda obroʻli insonlar. Bir ishora bilan hammalaringni jazoingni berishadi.

– Qosim, sen koʻr ekansan. Ertaga nima boʻlishini hech kim bilmaydi. Senga ham Allohning qoʻygan jazosi bordir. Hamisha erkalanib yurmassan. – Poshshajon dilidagini tiliga chiqarib aytib oldi.

Omonatga xiyonat qilgan Qosim aravachidan shu voqeadan soʻng hech kim hech narsa soʻrab bormadi. Biroq bilishardi-ki, bir kun kelib omonatga xiyonat oʻz jazosini olishi muqarrar. Jabr koʻrganlar aksincha koʻp mukofotlarga sazovor boʻlishadi, inshaalloh

Yoyish

1 mulohaza

  1. Dilbarjon Bekjanova qissasini maroq bilan oʻqidim. Juda mazmunli va taʼsirli voqealar bilan qiziqarli tarzda yozilgan. Asarda mexnatsevarlik, xalollik, bir-biriga mehr-oqibat va sadoqatlilik kabi insoniy fazilatlarga urgʻu berilgan. Albatta bu yoshlarimizga katta ibrat maktabi boʻlib xizmat qiladi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.